Jahon | 13:57 / 23.03.2025
10766
5 daqiqa o‘qiladi

Kiyevga yana zarba berildi. Qurbonlar bor

Uch kishi, jumladan besh yoshli qizcha va uning otasi halok bo‘lgan. Bir kun oldin Rossiya harbiylari Zaporijjyaga ham raketalar bilan hujum qilgan, o‘shanda uch kishi – bola va uning ota-onasi halok bo‘lgandi.

Foto: Ukraina FVDX

23 martga o‘tar kechasi Kiyevda Rossiya dronlarining yopirilma zarbasi oqibatida uch kishi halok bo‘ldi, ular orasida besh yoshli qiz va uning otasi ham bor, deya xabar bermoqda Ukraina rasmiylari. Uchuvchisiz uchish apparatlari turar joy binolariga urilishi oqibatida yong‘inlar sodir bo‘lgan.

Ukraina poytaxtiga hujum mahalliy vaqt bilan soat 21:00 atrofida boshlangan va soat 02:00 gacha davom etgan. Ukrainaning boshqa hududlarida dronlar hujumi ertalabgacha davom etdi.

«Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, uch kishi, jumladan, 5 yoshli bola halok bo‘lgan. Yana 10 kishi jarohatlangan. Halok bo‘lganlar orasida ota va uning kichik qizi ham bor. Rossiya hujumi oqibatida jabrlanganlarning eng kichigi esa atigi 11 oylik», – deya ma’lum qildi Kiyev rasmiylari.

Ukraina qurolli kuchlari harbiy-havo kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, yakshanbaga o‘tar kechasi Rossiya Ukrainaga 147 ta dron va dron-imitatorlardan (ya’ni vazifasi havo hujumidan mudofaa tizimlariga yuklamani oshirish bo‘lgan, portlovchi moddalar o‘rnatilmagan qurilmalar) foydalangan holda hujum qilgan.

Ertalabgacha 97 ta uchuvchisiz uchish apparati urib tushirildi, yana 25 ta dron-imitator esa salbiy oqibatlarsiz lokatsiyasini yo‘qotgan (Ukraina harbiylari dronlar radar ekranlaridan g‘oyib bo‘lganda shunday ta’rifdan foydalanadi).

Ukraina qurolli kuchlari harbiy-havo kuchlari poytaxt yo‘nalishida ko‘plab dronlar parvoz qilgani haqida xabar bergan, monitoring kanallari esa ular o‘nlab – 20 tadan 60 tagacha bo‘lganini ko‘rsatmoqda.

«Portlashlar to‘xtamayapti», – deb yozdi poytaxtda yashovchi ayollardan biri ijtimoiy tarmoqlarda. «Bu allaqanday Armageddon», – deb qo‘shimcha qiladi ikkinchisi.

Foydalanuvchilar tomonidan tarqatilgan ba’zi videolarda kuchli yong‘inlarni ko‘rish mumkin.

BBC Ukraina xizmati muxbirlari ham portlashlar, havo hujumidan mudofaa tizimlari ishga tushgani va «Shaheed» dronlari ovozlarini eshitishganini ma’lum qilgan.

E’lon qilingan videolardan birida turar joy binosining yuqori qavatlaridan birida yong‘in sodir bo‘layotgani, baland ovozda baqir-chaqirlar yangrayotgani aks etgan. Ukraina favqulodda vaziyatlar davlat xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu binoda yakshanbaga o‘tar kechasi bir ayol halok bo‘lgan, uydan 27 kishi evakuatsiya qilingan.

Xuddi shu hududda joylashgan yana bir 16 qavatli uyning oltinchi qavatidagi xonadonlardan birining derazasi, poli va shifti shikastlangan.

Kiyevning Podolskiy rayonida 25 qavatli turar joy binosining 20-qavatidagi 20 metr kvadrat maydondagi yong‘in bartaraf etilgan.

Goloseyevskiy rayonida to‘rt qavatli ofis-ombor binosi yonib ketdi, yong‘in maydoni 2 ming metr kvadratni tashkil etdi. Bu yerda 60 metr kvadrat maydonda turar joy vagoni va yuk mashinalari yonib ketgan. Ushbu uchastkada yana bir kishi halok bo‘ldi.

«Goloseyevskiy rayonida vayronalarni o‘rganish chog‘ida qutqaruvchilar bir bolaning jasadini topdi. Erkakning jasadi avvalroq xuddi shu joydan topilgan», – deyiladi Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati xabarida.

Desnyanskiy rayonida qutqaruvchilar o‘rmonzor hududidagi ochiq maydonda chiqqan yong‘inni bartaraf etishdi. Shevchenkovskiy rayonida oltita yengil avtomobil shikastlangan. Kiyev harbiy ma’muriyati rahbari Timur Tkachenkoning ma’lum qilishicha, Dnipro rayonidagi ovqatlanish shoxobchasida yong‘in chiqqan.

Qutqaruvchilar, shuningdek, Brovari rayonidagi korxonalardan birining vayronalari qulaganidan keyin yong‘inni o‘chirishganini aytishmoqda. Bucha rayoni Kryukovshchina qishlog‘ida vayronalar qulashi oqibatida ikki kishi jarohat oldi, uchta xususiy turar joy binosiga zarar yetdi.

So‘nggi kunlarda Rossiya dronlari Ukraina shaharlarining turar joy hududlariga ommaviy ravishda hujum qilmoqda. Boshqalar qatori Odessa va Kropivnitskiy ham jiddiy zarbalarga uchradi.

22 martga o‘tar kechasi Rossiya Zaporijjyaga ham raketalar bilan hujum qilgan, o‘shanda uch kishi – bola va uning ota-onasi halok bo‘lgandi.

Rossiya rasmiylari Kiyevga berilgan zarbalar haqidagi ma’lumotlarga hozircha izoh bermayapti.

Kropivnitskiy bo‘ylab yo‘llangan zarba oqibatlari, 20 mart

Mavzuga oid