18:39 / 16.06.2021
56081

Asosiy bog‘laridan mahrum Toshkent. Betonlashayotgan, bechora Toshkent

Bir vaqtlar yashil shaharligi bilan ko‘zni quvnatgan, soya-salqin va keng bog‘lari bo‘lgan Toshkent bugun o‘z yashilligini yo‘qotib, betonlashib boryapti. Mahalliy aholi va mehmonlar uchun hamisha ochiq bo‘lgan istirohat maskanlari bugun «rekonstruksiya» atalmish niqob ostida hordiq ulashuvchi emas, pul ishlovchi maqomga o‘tkazilyapti.

G‘afur G‘ulom bog‘i

Bir vaqtlar juda gavjum bo‘lgan «G‘afur G‘ulom» nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i bugun kimsasiz maskanga aylangan.

Qo‘shtirnoq ichidagi «xorijiy investor»larning ham shiddati pasayib qolgan. Rekord darajadagi issiqda shaharliklar serdaraxt bog‘da hordiq chiqarishdan mahrum.

Bog‘ atrofi to‘sib qo‘yilgan, attraksionlar buzib tashlangan, bog‘ga yuk mashinalari kirib chiqib yuribdi.

Birorta daraxt kesilmasligi, bog‘ yanada chiroyli bo‘lishini va’da qilishgan. Lekin daraxtlar haqiqatan ham kesilmayaptimi, buni aniqlash imkonsiz, ichkariga kiritishmaydi.

Milliy bog‘

Milliy bog‘ning Beshyog‘och maydoni tarafdagi qismi. 2018 yil aprel va 2021 yil apreldagi holat
Foto: Xpress.uz

Milliy maqomiga ega, ya’ni O‘zbekistonning asosiy bog‘ining yarmiga... siti qurib yuborishdi.

Sitida esa, tabiiyki, tabiiylik yo‘q, yashillik yo‘q. Maysazor va daraxtzorlar o‘rnini temir va betonlar egalladi.

Shahar shovqinidan xoli, sokin tabiat bag‘rini savdo shoxobchalari va restoranlar egalladi.

Bobur bog‘i

Aholi zich joydagi bu bog‘ ham bir vaqtlar ko‘pchilikning sevimli maskani edi. Shahar tepasida o‘tirganlarning xorijiy investorga berish («berish» fe’li o‘rniga boshqa so‘zni qo‘llash ham mumkin) ishtahasidan Bobur bog‘i ham chetda qolmadi.

Rekonstruksiyadan keyin katta o‘zgarishlar bo‘lishi aytildi. Ammo na investor, na rekonstruksiyadan darak bor. Qarovsiz, huvillagan bog‘dagi go‘zallikdan asar ham qolmagan.

Abdulla Qodiriy bog‘i

BdbXuZnt1QHdH0g3L67yDdO7-wWpbzIl.jpg (803×378)
Abdulla Qodiriy bog‘ida qurilayotgan mehmonxonalardan birining joylashuvi loyihasi
Foto: Toshkent shahar hokimligi

Millionlab aholiga ega (!), boz ustiga issiq iqlimli (!!) shaharning qoq markazidagi (!!!) serdaraxt bog‘ bugun ishlamayapti, o‘rnida... mehmonxonalar qurilyapti. Bir emas, ikkita.

Bu mehmonxonalarni qurishning investitsiya shartlari haqida jamoatchilikka tayinli ma’lumot berilmagan.

Bu darajadagi surbetlik faqat Toshkentda bo‘lsa kerak.

Komron Chegaboyev,
Rahmatillo Isroilov.

Tasvirchi – Sherzod Egamberdiyev.

Top