O‘zbekiston | 09:35 / 07.05.2023
12777
3 daqiqa o‘qiladi

“Adolatli soliq siyosati kerak” - “Yuksalish” harakati P2P nazoratini qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi

Soliq organlari kartadan kartaga o‘tkazmalarni nazorat qila boshlasa, qonun ustuvorligiga jiddiy putur yetadi, naqd va naqdsiz to‘lovlar o‘rtasidagi farq oshib ketadi, deya bayonot bilan chiqdi “Yuksalish” umummilliy harakati. Harakatning ta’kidlashicha, iqtisodiyotni soyadan chiqarish uchun teng va adolatli soliq siyosatini yuritish, bozor iqtisodiyoti tamoyillariga amal qilish kerak.

Foto: Getty Images

“Yuksalish” umummilliy harakati hukumatni P2P o‘tkazmalari to‘g‘risidagi masalani qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi. Harakat bu borada Markaziy bankning pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlab chiqdi.

“Yuksalish” kartadan kartaga o‘tkazmalar soliq organlarining nazoratida bo‘lishi keng jamoatchilikning e’tirozlariga sabab bo‘layotganini ta’kidlab, bu – 1 maydan e’tiboran kuchga kirgan va to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilayotgan yangi tahrirdagi konstitutsiyaga zid ekanini bildirgan.

“Konstitutsiyamizda bank operatsiyalarining sir tutilishi kafolatlangan (41-modda) hamda insonning konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquqlari daxlsizligi, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga hech kim haqli emasligi mustahkamlab qo‘yilgan (20-modda)”, – deya eslatilgan rasmiy munosabatda.

Faollarga ko‘ra, bu amaliyot aks samara berib, quyidagi salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi:

  • fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini poymol etgan holda, qonun ustuvorligi tamoyiliga jiddiy putur yetkazadi;
  • naqd shakldagi to‘lovlarga talabni oshiradi, bank tizimidan mablag‘lar norasmiy bozorga ko‘chadi va amalda xufiyona iqtisodiyot ko‘lami ortadi;
  • naqd va naqdsiz to‘lovlar o‘rtasidagi tafovutning ortishiga olib keladi.

“Shu munosabat bilan, iqtisodiyotni soyadan chiqarishda mavjud imkoniyatlarni samarali ishga solish, soliq to‘lovchilar uchun teng va adolatli soliq siyosatini yuritish, bozor iqtisodiyoti tamoyillariga amal qilish kabi jihatlarga ustuvorlik berish muhim sanaladi

Yuqoridagilarga ko‘ra, bank kartalaridagi P2P o‘tkazmalari to‘g‘risida axborotni soliq organlariga taqdim etish bo‘yicha Markaziy bank pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlaymiz va ushbu masala qayta ko‘rib chiqilishi maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz”, – deyiladi “Yuksalish” umummilliy harakati bayonotida.

Mavzuga oid