Iqtisodiyot | 15:25 / 04.05.2023
61374
3 daqiqa o‘qiladi

“Qarashlarimiz OAVda muhokama qilinganidan ko‘ra qat’iyroq” - Markaziy bank P2P nazoratiga qarshi

“Bank siri to‘g‘risidagi normalarning bajarilishi to‘liq ta’minlanmaguncha, bu narsaga ruxsat bermaymiz”, – deb bayonot berdi MB raisi Mamarizo Nurmurodov kartadan kartaga o‘tkazmalar nazorati haqida Kun.uz muxbiri bergan savolga javoban. Uning so‘zlariga ko‘ra, regulyator bu boradagi salbiy munosabatini vazirlikka yetkazgan.

O‘zbekiston Markaziy banki hukumatning bank kartalari o‘rtasidagi pul o‘tkazmalaridan xabardor bo‘lib turishga intilishini qo‘llab-quvvatlamaydi. Bu haqda regulyator rahbari Mamarizo Nurmurodov 4 may kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Kun.uz muxbirining savoliga javoban ma’lum qildi.

“Biz o‘zimizning fikrimizni matbuot orqali yetkazmaganimizni Markaziy bank o‘z fikrini bildirmagan deb baholamaslik kerak. Biz bu farmon chiqqanidan keyin o‘zimizning salbiy munosabatimizni Soliq qo‘mitasiga, Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yetkazganmiz.

Bizning qarashlarimiz OAVda muhokama qilinganidan ko‘ra qat’iyroq. Va biz buni yetkazganmiz.

Buning asosiy tub maqsadi nima ekani haqida haligacha ma’lumot olganimiz yo‘q. Bu narsa 1 maydan qo‘llanilmaydi. Eng asosiysi, siz aytib o‘tgan konstitutsion norma, bank qonunchiligidagi daxlsizlik normalari bo‘yicha tamoyillar to‘liq bajarilmaydigan bo‘lsa, buni amalda qo‘llash bo‘yicha nizomlar va boshqa qarashlar Markaziy bank tomonidan ma’qullanmaydi. Chunki bu narsa Markaziy bank bilan kelishilgan nizom yoki ko‘rsatmadan so‘ng amalga oshishi kerak”, – dedi Nurmurodov.

MB raisiga ko‘ra, banklardan ma’lumot so‘rash uchun ma’lum bir tartib, nizom bo‘lishi kerak, bu nizom Markaziy bank bilan kelishilmasdan banklarga yetkazilmaydi.

“Konstitutsiyadagi normalar va bank qonunida belgilangan bank siri to‘g‘risidagi normalarning bajarilishi to‘liq ta’minlanmaguncha, bu narsaga ruxsat bermaymiz”, – dedi monetar siyosat organi rahbari.

Eslatib o‘tamiz, Iqtisodiyot va moliya vazirligi banklar va to‘lov tashkilotlaridan kartadan kartaga pul o‘tkazmalari uchun hisobvaraq-faktura rasmiylashtirish va buni soliq organlariga uzatib turishni talab qilmoqda. Vazirlikning bu talabi 1 maydan kuchga kirishi ko‘zda tutilgan edi.

Kun.uz bu talabning Konstitutsiyaga, banklar va to‘lov tashkilotlariga oid qonunlarga zidligi haqida bir necha marta yozdi. Shu paytga qadar na vazirlik, na qo‘mitadan bu masalada biror bir reaksiya bo‘lgani yo‘q.

Mavzuga oid