Jamiyat | 20:10 / 09.02.2020
60103
4 daqiqa o‘qiladi

Koreyaga jo‘natish va'dasi bilan topilgan milliardlar nimalarga ishlatilgan?

Jinoiy yo‘l bilan topilgan pullarga Yunusoboddagi «Toshkent» kafesi, Toshkent viloyatidagi zavod va turli mashinalar sotib olingan. Jabrlanganlar soni – 3500ga yaqin. MChJning 6 xodimi hibsda, bir kishi qidiruvga berilgan.

Kun.uz «Korean and migration xususiy bandlik agentligi» MChJ mutasaddilariga nisbatan jinoyat ishi ochilgani, ular minglab fuqarolarni Janubiy Koreyaga ishga yuborishni va'da qilib, ularning millionlab pullarini o‘zlashtirganlikda ayblanayotgani haqida 2019 yil oktabr oyida xabar bergan edi.

Ayblovga ko‘ra, tashkilot mansabdorlari tomonidan O‘zbekiston fuqarolarini Janubiy Koreyaga ishga joylashtirish va'da qilinib, ulardan 27 milliondan 34 million so‘mgacha bo‘lgan, umumiy miqdorda 20 milliard so‘mga yaqin pul mablag‘lari olingan, lekin ular korxona mansabdorlarining shaxsiy extiyojlari uchun sarflab yuborilgan. 

IIV huzuridagi Tergov departamenti ushbu jinoyat ishi yuzasidan yangi tafsilotlarni ma'lum qildi.

«Korean and migration xususiy bandlik agentligi» MChJ mansabdor shaxslari tomonidan chamasi 3500ga yaqin O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari firibgarlik yo‘li bilan aldangan. Ulardan olingan 20 milliard so‘mga yaqin pul mablag‘lari korxona mansabdor shaxslarining shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflanib, ko‘chmas va ko‘char mulk ko‘rinishiga keltirilgan.

Misol uchun, jinoiy yo‘l bilan topilgan bu pullarga Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida joylashgan quruq mevalarni qayta ishlab chiqarish zavodi, Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi «Toshkent» kafesi, shuningdek turli xil rusumdagi transport vositalari xarid qilinishiga sarflab yuborilgan», – deydi Tergov departamenti katta tergovchisi Umidjon Abduhakimov.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi memorandumga asosan, O‘zbekiston fuqarolarini Janubiy Koreyada ishga joylashtirishga faqatgina Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatli hisoblanadi.

Olib borilgan dastlabki tergov harakatlari davomida «Korean and migration xususiy bandlik agentligi»ning 6 nafar xodimiga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi, 4-qismi «a» bandi bilan (firibgarlik yo‘li bilan o‘zganing juda ko‘p miqdordagi mulkini qo‘lga kiritish) ayb e'lon qilinib, ularga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan, yana bir nafar xodimiga nisbatan qidiruv e'lon qilingan.

Yetkazilgan moddiy zararni undirish maqsadida, korxona chiqim qilgan pul manbalarini aniqlab, taxminan 7,6 mlrd so‘m Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamentining hisob raqamiga kirim qilingan. Bundan tashqari 9,5 mlrd so‘m atrofidagi ko‘chmas va ko‘char mulk obektlari xatlab qo‘yilgan.

Tergov departamenti katta tergovchisi, kapitan Umidjon Abduhakimov

Xususiy bandlik agentligi tomonidan fuqarolarga yetkazilgan qariyb 20 mlrd so‘mlik moddiy zararning 17 milliardi undirilgan.

«Undirilgan pul mablag‘lari va xatlangan ko‘chmas hamda ko‘char mulklar dastlabki tergov yakuniga yetganidan so‘ng, sud ixtiyoriga jinoyat ishi hujjatlari bilan birga taqdim etiladi. Undirib olingan mablag‘lar faqat sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilangina jabrlanuvchilarga qaytarilishi ta'minlanadi», – deydi Umidjon Abduhakimov.

Jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.

Avvalroq bu ish bo‘yicha eng ko‘p jabrlanuvchi Qashqadaryo viloyatidan ekani xabar qilingan edi.

Mavzuga oid