O‘zbekiston | 20:55 / 11.11.2019
87400
7 daqiqa o‘qiladi

«Toshkentda 5 bolali oila 2,5 mln so‘m oylikka yashay oladi» – XDP lideri iste'mol savatchasi haqida

Siyosiy partiyalar rahbarlari o‘rtasidagi «Demokratik debat» tok-shousida iste'mol savatchasi mavzusi ham ko‘tarildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Bu masalada birinchi bo‘lib O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi yetakchisi Ulug‘bek Inoyatov so‘z oldi.

«Saylovoldi dasturimizdagi eng muhim yo‘nalishlardan biri shu. Ya'ni bugungi kundagi odamlarning turmush kechirishi uchun yashash minimumini belgilash. Bunda eng kam oylik maoshi, nafaqa va stipendiyani iste'mol savatchasiga qarab belgilash taklif etiladi.

Iste'mol savatchasi bugungi olinayotgan minimalga umuman to‘g‘ri kelmaydi, nomutanosib. Jahon hamjamiyatida esa bu raqamlar hisob-kitob qilinib, qonunan mustahkamlangan bo‘ladi.

O‘zbekistonda hali bu qonun qabul qilinmagan. Shu qonunni qabul qilishimiz masalaning qonuniy yechimiga olib keladi», – deydi Inoyatov.

Jurnalistning: «Sizningcha, Toshkent shahrida besh bolali oila uchun iste'mol savatchasida qancha oylik maosh yetarli?» degan savoliga XDP lideri 2,5 mln so‘m deb javob qildi.

«Besh nafar farzandi bor va bitta oylik maoshi bilan yashayotgan bo‘lsa, 2,5 million oylik olsa, bemalol uyidagi besh nafar farzandi bilan... Buni iqtisodchilar hisoblab chiqqan», – dedi Ulug‘bek Inoyatov.

O‘zLiDeP rahbari Aktam Hayitov, yetarli ma'lumotga ega bo‘lmay turib, iste'mol savatchasining miqdori haqida xulosa chiqarish noo‘rin, deb fikr bildirdi.

– Iste'mol savatchasini ishlab chiqishning o‘z me'yorlari bor. 110-120ta atrofida mahsulot kiradi. Buni hisob-kitob qilib chiqarish kerak. Hozir bu yerda o‘tirib, falon pul bo‘ladi, deyish mutlaqo noto‘g‘ri. O‘tirib hisob-kitob qilib, avval savatchaga nima kirishini aniqlab olish kerak.

Undan keyin, o‘shaning [iste'mol savatchasining] miqdori yoshlar uchun alohida, yoshi kattalar va pensionerlar uchun alohida qilib belgilanadi. Shuning uchun qonun va qonunosti hujjatlarini to‘g‘ri ishlab chiqishimiz kerak. Buni tezroq qilishimiz kerak.

«Adolat» SDP yetakchisi Narimon Umarov iste'mol savatchasi miqdorini belgilash oson ish emasligini aytib, buni to‘g‘ri tushunishni so‘radi.

– Mamlakatimizda hozir yangi iqtisodiy siyosat ketyapti. Iste'molchilar savatchasini sanash oson emas. To‘g‘ri tushuninglar. Biz ikki yil oldin vazirga ham shu masalani qo‘yganmiz. Asta-sekin, bosqichma-bosqich o‘tish... Eng asosiysi, davlat insonlarga juda og‘ir bo‘lmasin, degan masalani qo‘yyapti.

Iqtisodiy siyosat – o‘zidan o‘zi bo‘lmaydi. «Narxni belgiladik, ertadan shu!» [deyish to‘g‘ri emas], yo‘q. Hozir biz 2,5 mln, 5,5 mln deb baholab, noto‘g‘ri qilyapmiz. Iqtisodchilar eng minimal savatchani hisoblab chiqishlari kerak. Hali ishlab chiqilmagan. Bunga o‘tamiz...

Mana, sog‘liqni saqlashda tibbiy sug‘urtani joriy etish. Nima deb o‘ylaysizlar, bu bir kunda o‘tadigan ishmi? Yo‘q.

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi lideri Alisher Qodirov bu savolni hukmron partiya bo‘lmish O‘zLiDePga berish kerakligini ta'kidladi.

– Aholining turmush sharoitini yaxshilash masalasi – shu davlatning iqtisodiy imkoniyatlari va hukumatiga bog‘liq. Shuning uchun bu savolni hamma partiyalardan ham ko‘ra ko‘proq Liberal demokratik partiyaga berish kerak.

Besh yildan beri hukumat shakllantirilgan va bu hukumat amalda ish olib boryapti. Ushbu hukumat nima uchun hali ham aholining daromadini talab darajasiga yetkazmagan? Nima uchun O‘zbekistonning bugungi kundagi YaIMi hanuzgacha hatto yon qo‘shnilarimiz bilan solishtirganda ham juda past?

Bu savollar bugungi kunda oylikni ham, iste'mol savatchasini ham belgilab beruvchi, eng dolzarb masala. O‘zbekiston boy bo‘lmas ekan, xalqning daromadi masalasida mana shunday tortishuvlar bo‘laveradi.

Shuning uchun bizga bu savolni keyingi chaqiriqda berasizlar. Agar «Milliy tiklanish» parlamentda ustuvorlikka ega bo‘lib, hukumatni shakllantiradigan bo‘lsa, ushbu hukumat qandaydir iqtisodiy rejalar emas, balki aholining turmush sharoitini kengaytirish va daromadini oshirish masalalari ustida ish olib boradi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi rahbari Boriy Alixonov mazkur masalaning aniq mezonlari hamon yo‘qligi, bunda partiyaning ham aybi borligini tan olishini bildirdi.

– Hali iste'mol savatchasining to‘la-to‘kis mezonlari yo‘q. Buni tan olishimiz kerak. Uni differensiatsiyalash kerak. Tan olish kerak, bu – bizning ham aybimiz.

Bu narsani agar biz parlament saylovlarida g‘alaba qozonadigan bo‘lsak, yashil iqtisodiyot prinsiplarini ishlab chiqib, aynan iste'mol savatchalarini eng yuqori mezonlar asosida ishlab chiqishni men sizlarga va'da beraman.

Iste'mol savatchasining aniq qiymati 1 dekabrgacha belgilanishi kerak

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yil dekabrdagi parlamentga murojaatnomasida «iste'mol savatchasi» tushunchasini qonunchilikda mustahkamlash va uni amalda ta'minlash mexanizmlarini yaratish kerakligini aytgan edi.

2018 yilgi davlat dasturiga asosan, 2018 yil 1 iyuligacha «iste'mol savatchasi» tushunchasi va uni aniqlash mezonlari aks etgan normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqilishi belgilangandi.

Shuningdek, 2018 yil may oyidagi prezident qarori bilan, eng kam iste'mol savatchasi hamda tirikchilik uchun eng kam miqdor hisob-kitobini amalga oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish vazifasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutiga yuklatildi.

2019 yil apreldagi prezident qaroriga ko‘ra esa, 2019 yil 1 dekabrgacha Iqtisodiyot va sanoat vazirligi iste'mol savatchasi va tirikchilik uchun eng kam miqdorning aniq qiymati va tarkibini aniqlashi zarur.

Joriy yil iyul oyida Iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xo‘jayev O‘zbekistonda iste'mol savatchasining taxminiy miqdori 650 ming so‘m ekanini aytgan edi.

Mavzuga oid