11:32 / 09.09.2019
4
37806

O‘zbekiston bosh vazirining sobiq o‘rinbosari Din ishlari bo‘yicha qo‘mitada ish boshladi

Foto: religions.uz

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining yana bir o‘rinbosari tayinlandi. Bu haqda bosh vazir Abdulla Aripov tomonidan 2019 yil 7 sentabr kuni imzolangan qarorda aytiladi.

Hujjat bilan Dilbar Muhamedxonovna G‘ulomova Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari lavozimini egalladi.

Dilbar Muhamedxonovna G‘ulomova

Dilbar G‘ulomova 1995 yildan O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasining raisi bo‘lib ishlagan, 2000 yilda Oliy Majlis sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari — O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasining raisi etib tasdiqlangan. Har ikki lavozimni 2004 yilga qadar egallagan. 1999-2004 yillarda Oliy Majlis deputati bo‘lgan.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita har bir shaxsning vijdon va diniy e'tiqod erkinligi huquqi, fuqarolarning dinga bo‘lgan munosabatidan qat'i nazar tengligini ta'minlash, shuningdek diniy tashkilotlar faoliyati bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vazifalarni hal etish vakolati berilgan davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.

Avvalroq, prezident qarori bilan Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning yangilangan asosiy vazifalari belgilangandi.

Undan oldin, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rahbariyati ishdan olingani xabar berilgandi. Shundan so‘ng, Abdug‘ofur Ahmedov qo‘mitaning yangi raisi, Dilshod Eshnayev qo‘mita raisining o‘rinbosari – Diniy ijtimoiy jarayonlarni o‘rganish axborot-tahlil markazi direktori lavozimini egalladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top