O‘zbekiston | 21:42 / 01.04.2020
14940
3 daqiqa o‘qiladi

«YeOII – a'zolar o‘rtasida nizo chiqqanda kelishilgan qoidalarga ko‘ra hal eta oladigan tashkilot emas» – «Adolat» SDP

Sotsial-demokratlar YeOIIda kuzatuvchi davlat sifatida ishtirok etish bo‘yicha hukumat taklifini ma'qulladi.

Foto: RJD-Partner

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi «Adolat» SDP fraksiyasi O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi masalasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Partiya matbuot xizmatidan Kun.uz'ga ma'lum qilishlaricha, videokonferensiya tarzida o‘tgan yig‘ilishda partiya fraksiyasi maxsus ishchi guruhining dastlabki xulosalari tinglangan.

Ishchi guruh O‘zbekistonning YeOII bilan hamkorligiga oid to‘rtta ijobiy va yana shuncha salbiy jihatlarni xulosa sifatida qayd etgan.

Unga ko‘ra, tashkilotga a'zolikning ijobiy jihatlari quyidagilarda ko‘rinadi:

  • A'zolik YeOII davlatlaridagi migrantlar masalasida ayrim ijobiy natijalarni keltirib chiqaradi. Masalan, O‘zbekiston fuqarolari ushbu davlatlarda patent olmasdan ishlash imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin va pul jo‘natmalari hozirgi 4-5 mlrddan 7-8 mlrd AQSh dollariga yetishi kutiladi.
  • A'zo davlatlar bilan energetika sohasidagi hamkorlik yaxshi natija beradi.
  • Turizm sohasida ham katta imkoniyatlar ochiladi. Xalqaro yuk hamda passajir tashuvlari soddalashtiriladi.
  • O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi ortadi. Katta bozorga chiqish va o‘zining mahsulotlarini eksport qilish orqali ayrim tadbirkorlar faoliyati kengayadi.

Maxsus ishchi guruhi o‘tkazgan tahlillarda O‘zbekistonning YeOIIga kirishi bir qancha salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi ham aytilgan. Unga ko‘ra:

  • YeOIIga a'zo bo‘lish natijasida O‘zbekiston sanoati (avtomobilsozlik, oziq-ovqat, farmatsevtika va b.) 2 mlrd AQSh dollari atrofida yo‘qotishga uchraydi.
  • YeOII davlatlari tashqi savdo siyosatini yetarlicha mustaqil muvofiqlashtirish imkoniyatiga ega emas.
  • YeOII oldindan belgilangan qoidalar orqali boshqariladigan va nizolarni kelishilgan qoidalar asosida hal eta oladigan tashkilotga hali aylanib ulugurmagan.
  • YeOIIning eng asosiy a'zosi (Ittifoq iqtisodiy potensialining salkam 85 foizini tashkil etuvchi) Rossiya hozirgi kunda xalqaro sanksiyalar va bosim ostida.

Oxirgi 2 yilda rubl bir necha baravar qadrsizlangan. Ushbu mamlakat bilan bitta Ittifoq doirasida hamkorlikka kirishishning esa kelgusida bizning iqtisodiyotimizga salbiy ta'siri mavjud.

«Fraksiya yig‘ilishi yakunida deputatlar YeOIIga O‘zbekistonni a'zo bo‘lib kirishi natijasida vujudga keluvchi oqibatlarning dastlabki sarhisobiga tayangan holda, hozircha faqat kuzatuvchi davlat sifatida kirishini ma'qullashdi», deyiladi xabar yakunida.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil mart oyiga kelib, O‘zbekiston hukumati YeOIIga kuzatuvchi davlat sifatida qo‘shilishga qaror qildi.

Xulosa va takliflar Oliy Majlisga kiritilgach, o‘tgan hafta parlamentda barcha partiyalar vakillaridan iborat ishchi guruhi tuzildi.

Mavzuga oid