Jamiyat | 08:28 / 23.05.2021
14607
8 daqiqa o‘qiladi

Vaksinalar inson organizmiga qay yo‘sinda ta'sir qiladi?

Dmitriy Rogulin / TASS / Sipa / Scanpix / LETA

Hozirgacha O‘zbekistonga uch xil vaksina olib kelindi. Dastlab, 16 martda COVAX dasturi orqali AstraZeneca vaksinasi keltirilgan bo‘lsa, 27 mart kuni O‘zbekiston-Xitoy hamkorligida ishlab chiqilgani aytilgan ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasining 1 million dozasi keltirildi. Oradan bir oycha o‘tib, 23 aprelda N.F.Gamaleya nomidagi Milliy epidemiologiya va mikrobiologiya ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan ishlab chiqilgan «Sputnik V» vaksinasi olib kelindi. May oyi davomida o‘zbek-xitoy vaksinasidan yana ikki partiya keldi.

Kun.uz avvalroq vaksinalar tarixi va vaksinatsiyaga oid savol-javoblarni ham yoritgandi.

Xo‘sh, vaksinalarning qanday turlari bor? Bizga keltirilgan va keltirilishi mumkin bo‘lgan vaksinalar inson organizmiga qay yo‘sinda ta'sir qiladi?

Koronavirus vaksinalari qanday ta'sir qilishini anglab olishdan avval inson tanasi kasallikka qarshi qanday kurashishini bilib olish zarur. Virus kabi mikroblar organizmga yopishganda, ular hujum qiladi va ko‘paya boshlaydi. Mana shu hujum infeksiya deb ataladi va u kasallikka sabab bo‘ladi. Organizm kasallikka qarshi kurashish uchun bir necha instrumentlarni ishga soladi. Qonda to‘qima va a'zolarga kislorod yetkazib beruvchi qizil hujayralar, oq yoki immun hujayralari mavjud. Ana shular infeksiyaga qarshi kurashadi. Qonning turli xildagi oq hujayralari infeksiyaga qarshi bir necha yo‘l bilan kurashadi.

Makrofaglar – mikrob yoxud o‘lgan (o‘layotgan) hujayralarni yutib yuborib hazm qiladigan qonning oq hujayralari. Makrofaglar o‘zidan hujum qilgan mikroblarning bir qismini qoldiradi va ular «antigenlar» deb ataladi. Organizm antigenlarni xavfli deb topadi va antitanachalarni ularga hujum qilishga undaydi.

B-limfotsitlar qonning oq mudofaa hujayralari. Ular makrofaglar qoldirib ketgan virus qoldiqlariga hujum qiluvchi antitanachalarni ishlab chiqaradi.

T-limfotsitlar qonning oq mudofaa hujayralarining yana bir turi. Ular organizmning kasallangan hujayralariga hujum qiladi.

Inson COVID-19 kasalligiga sabab bo‘luvchi infeksiya bilan shikastlanganda, organizm infeksiyani yenguvchi mikrobga qarshi instrumentlarni yaratib olish va ishga tushirishi uchun bir necha kun yoki hafta kerak bo‘ladi. Infeksiya bilan zararlangandan keyin inson immun tizimi shu kasallikdan qanday himoyalanishni eslab qoladi.

Tana bir necha T-limfotsitlarni saqlab turadi – ular organizmga biror virus yana tushganda tezda ishga kirishadigan «xotira hujayralari»dir. Tanish antigenlar uchragan taqdirda, B-limfotsitlar ularga hujum qilish uchun antitanachalar ishlab chiqaradi. Mutaxassislar bu xotira hujayralari COVID-19ga sabab bo‘luvchi virusga qarshi qancha muddat turib bera olishini o‘rganishmoqda.

Ayni damda vaksina yaratishda asosan uch xil yondashuv mavjud. Yondashuvlar immunizatsiya uchun nimadan foydalanishga qarab farqlanadi: butun virus yoki bakteriya asosida; immun javobini qo‘zg‘atuvchi mikroorganizm bo‘laklari; butun virus emas, balki tarkibida aniq oqsillar sintezi uchun kod mavjud bo‘lgan genetik material.

Inaktivlashtirilgan vaksina

Vaksina yaratishning bu usulida kasallik tarqatuvchi virus yoki bakteriya yoxud ularga juda o‘xshash mikroorganizmlardan foydalanilib, ular kimyoviy reagentlar, issiqlik yoki radiatsiya yordamida inaktivlashtiriladi (o‘ldiriladi). Bu usul insonga samarali ta'sir ko‘rsatishi isbotlangan bo‘lib, asosan gripp va poliomelitga qarshi vaksina yaratishda qo‘llanadi va preparatni keng miqyosda ishlab chiqarish imkonini beradi.

Biroq uni qo‘llash uchun virus yoki bakteriyani xavfsiz yetishtirish mumkin bo‘lgan maxsus laboratoriya binolari kerak. Uni ishlab chiqarish sikli nisbatan uzoq davom etishi, immunizatsiya uchun ikki yoki uch doza qilinishi kerak bo‘ladi.

Inaktivlashtirilgan vaksinalar: CoronaVac (Sinovac, Xitoy), Covaxin (Bharat Biotech, Hindiston), Sinopharm (Sinopharm/Xitoy), «KoviVak» (Chumakov markazi/Rossiya), BBIBP-CorV (Sinopharm/Xitoy).

Zaiflashtirilgan tirik vaksina

Tirik vaksinada zaiflashtirilgan yoki juda o‘xshash virusdan foydalaniladi. Bunday vaksinaga misol tariqasida qizamiq, epidemik parotit, qizilcha kabi kasalliklarga qarshi vaksinalarni keltirish mumkin. Bu usulda inaktivlashtirilgan vaksinaga o‘xshash texnologiyadan foydalaniladi va yalpi ishlab chiqarish uchun foydalanilsa bo‘ladi. Biroq bu vaksinani zaif immunitetli odamlar qabul qila olmasligi mumkin.

Virusli vektor vaksina yoki adenovirusli vaksina

Bunday vaksinada tegishli mikroorganizmning sub-unsurlari (oqsillari)ni yetkazuvchi zararsiz virusdan foydalaniladi va shu tariqa immun javobi qo‘zg‘atiladi hamda inson kasallikka chalinmaydi. Shu maqsadda zararsiz virus ichiga tegishli patogenning muayyan qismlarini shakllantirish uchun kod kiritiladi. Bunday zararsiz virus keyinchalik organizm oqsilini yetkazish uchun platforma yoki vektor vazifasini o‘taydi. O‘sha oqsil immun javobini faollashtiradi. Bu kabi vaksinalar qisqa muddatda ishlab chiqiladi, masalan, Ebolaga qarshi vaksina.

Virusli vektor yoki adenovirusli vaksinalar: Gam-KOVID-Vak («Sputnik V», Gamaleya markazi, Rossiya), Convidicea (CanSino Biologics, Xitoy), AZD1222 (Oxford/AstraZeneca) (AstraZeneca/Oksford universiteti, Shvetsiya/Buyuk Britaniya), COVID-19 Vaccine Janssen (Johnson & Johnson, Niderlandiya/AQSh).

Sub-birlik vaksina

Sub-birlik vaksinalarda virus yoki bakteriyaning immun tizimi taniy oladigan faqat maxsus qismlaridan foydalaniladi. Ularda butun vektor sifatida mikroorganizm yoki zararsiz viruslar bo‘lmaydi. Sub-birlik sifatida oqsil yoki shakardan foydalanilishi mumkin. Bolalarga qilinadigan vaksinalarning aksari sub-birlik va ko‘kyo‘tal, qoqshol, ichterlama va meningitdan muhofazalaydi.

Sub-birlik vaksinalar: BCG vaccine (Melburn universiteti/ Neymegen universiteti, Niderlandiya/AQSh/Avstraliya), COVI-VAC (Codagenix/AQSh/Hindiston),

Genetik material (nuklein kislotalar) asosidagi vaksina

Zaiflashtirilgan yoki yashashga qodir bo‘lmagan butun mikroorganizmlar yoxud ularning qismlari asosida yaratilgan vaksinalardan farqli o‘laroq, nuklein kislotalar asosidagi vaksina tarkibida muayyan oqsillarni ishlab chiqaruvchi genetik tuzilma sohasidan foydalaniladi. DNK va RNK organizmimizdagi hujayralar oqsil ishlab chiqarishi uchun kerak bo‘ladigan kod mavjud. Bunda DNK avval informatsion RNKga aylanadi, keyin maxsus oqsillarni ishlab chiqish uchun dastur sifatida foydalaniladi.

Nuklein kislota asosidagi vaksina inson organizmidagi hujayralarga DNK yoki mRNK ko‘rinishidagi yo‘riqnomalar to‘plamini jo‘natadi va ularga maxsus oqsilni sintez qildiradi. Buni organizm taniydi va unga immun javobini qaytaradi.

Genetik materialdan foydalaniladigan texnologiya vaksina yaratishda yangi usul. Koronavirus pandemiyasiga qadar biror vaksina odamlarda foydalanish uchun tekshiruvlarning barcha bosqichlaridan o‘tmagandi. Pandemiya tufayli bu sohada ishlar tezlashib ketdi va mRNK asosidagi vaksinalardan foydalanishga ruxsat berildi.

Genetik material (nuklein kislotalar) asosidagi vaksina: Comirnaty (Pfizer/BioNTech/Fosun Pharma, AQSh/Germaniya/Xitoy), Moderna (Moderna/NIAID, AQSh).

Rekombinant oqsil vaksinasi

Bunday vaksinalarni spayk-oqsil asosidagi rekombinant vaksinalar, RBD (inglizcha Receptor-binding domain) asosidagi vaksinalar va virusga o‘xshash qismlar (inglizcha VLP, virus-like particle) asosidagi vaksinalarga bo‘lish mumkin.

Rekombinant oqsillar turli holatlarda: hasharotlar hujayralarida, sutemizuvchilar hujayralarida, xamirturush va o‘simliklarda sintez qilinishi mumkin. Qo‘lga kiritilgan modifikatsiyalarning natijalari va turlari sintezning tizimiga bog‘liq.  

Rekombinant oqsil vaksinalari: EpiVakKorona («Vektor» markazi, Rossiya) va ZF2001 (shu jumladan, ZF-UZ-VAC 2001) (Xitoy/O‘zbekiston).

Mavzuga oid