O‘zbekiston | 20:50 / 22.05.2023
16977
4 daqiqa o‘qiladi

Gaz va elektr narxlarini liberallashtirish dasturi sentabrgacha qabul qilinadi - vazir o‘rinbosari

Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Azim Ahmedxo‘jayevga ko‘ra, 2023 yil sentabrigacha O‘zbekistonda gaz va elektr energiyasi narxlarini liberallashtirish hamda ijtimoiy iste’mol me’yorlarini joriy etishni nazarda tutuvchi energetikani rivojlantirishning yangi dasturi taqdim etiladi.

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekistonda joriy yil sentabr oyigacha gaz va elektr narxlarini liberallashtirish dasturi taqdim etiladi. Bu haqda Gazeta.uz'ga energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Azim Ahmedxo‘jayev ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu dastur orqali energiya narxlarini liberallashtirish hamda ijtimoiy iste’mol normalarini joriy etish rejalashtirilyapti.

“Energiyani ko‘p iste’mol qiluvchi korxonalar faoliyati samaradorligini oshirish, shuningdek, uzoq muddatli maqsadlarni belgilash maqsadida energiya xarajatlarini kamaytirish va ularni turli tariflarga bo‘lishni istaymiz, chunki hozirda har bir korxona uchun gaz va elektr energiyasiga bitta tarif belgilangan. Shuning uchun biz ularni ajratib, O‘zbekistondagi har bir sub’yekt, har bir biznes va jamiyat qatlamiga alohida yondashmoqchimiz”, – degan Azim Ahmedxo‘jayev.

U hukumatning asosiy maqsadlaridan biri elektr energetika sohasining samarali ishlashi va o‘sishi yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishdan iboratligini ta’kidlagan.

Azim Ahmedxo‘jayevning qo‘shimcha qilishicha, Energetika vazirligi xalqaro moliya institutlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda kelajakdagi islohotlar uchun asos bo‘ladigan butun tarmoq uchun yangi me’yoriy-huquqiy bazani ishlab chiqyapti.

“O‘zbekistonda raqobatbardosh elektr energiyasi bozoriga o‘tish uchun asoslarni tayyorlayapmiz. Hozirda dastur ustida ishlayapmiz, unga ko‘ra, hududlarga elektr energiyasini tashish bo‘yicha xorijiy kompaniyalar va xorijiy tajribani jalb qilamiz. Elektr energiyasini ishlab chiqarish va yakuniy iste’molchiga yetkazishda yangicha yondashuvni ko‘rsata oladigan yaxshi boshqaruvchi kompaniyalarni jalb qilmoqchimiz”, – dedi u.

Shu maqsadda mustaqil regulyator tashkil etiladi va u bozor asosida tariflarni hamda energiya ishlab chiqaruvchisi va iste’molchi o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soladi. Ahmedxo‘jayevga ko‘ra, vazirlik bu borada Ozarboyjon tajribasini o‘rganmoqda, u sinovdan o‘tkazilgandan keyin regulyator mustaqil ishlashi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, gaz va elektr energiyasi tariflari oxirgi marta 2019 yil avgust oyida ko‘tarilgan.

O‘tgan yili 1 iyuldan aholi uchun bazaviy tariflarni 10 foizga oshirib, tabaqalashtirilgan tariflarga o‘tish rejalashtirilgan, lekin bu amalga oshmay qolgandi. Tariflarni tabaqalashtirish – iste’molchilarni tejashga majbur qilishi bilan birga, nisbatan badavlat va eng ko‘p energiya sarflaydigan aholi qatlamiga budjetdan subsidiya to‘lashni qisqartirish imkonini berishi ko‘zda tutilgan.

Iqtisodchilar elektr uzilishlari va gaz o‘chishlari bo‘yicha muammolarni tubdan hal qilish uchun ochiq va raqobatli energetika bozorini tashkil etish kerakligini aytib keladi. 2022 yilgi davlat dasturida ayni yo‘nalishdagi energetika islohotiga kirishish bo‘yicha ko‘plab vazifalar belgilangan edi, lekin aksarining ijrosi kechiktirildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022 yil yakunida parlamentga qilgan murojaatida energetikada erkin bozorga o‘tish to‘g‘ri yo‘l ekanini aytgan, lekin bu bosqichma-bosqich bo‘lishini ta’kidlagandi.

2023 yil fevral oyida Markaziy bank raisi o‘rinbosari liberallashtirish may oyida boshlanishi mumkinligi, bu inflatsiya prognoziga kiritilganini aytdi.

Joriy yil mart oyida esa Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2023 yilda O‘zbekistonda maishiy iste’molchilar uchun elektr energiyasi va gaz tariflari oshirilmasligi haqida bayonot berdi.

Mavzuga oid