O‘zbekiston | 20:18 / 19.11.2020
9907
10 daqiqa o‘qiladi

Himoyasiz mulk huquqi: tiyiqsiz «snos»lar qachongacha davom etadi?

O‘zbekistonda investitsion jozibadorlik va tadbirkorlik rivoji haqida ko‘p va xo‘b gapirilayotgan bir paytda, mulk huquqi – hamon yechimini kutayotgan eng muhim muammolardan biri bo‘lib qolmoqda.

Kun.uz'ga kelib tushayotgan murojaatlarning katta qismi ko‘chmas mulk daxlsizligi va yer munosabatlariga doir masalalardir. Bobur Akmalov «KUN.MUNOSABAT» ruknida jurnalistlar Tolib Rahmatov va Jamshid Niyozov bilan ayni mavzu yuzasidan fikr almashdi.

Dastlab Tolib Rahmatov o‘z kuzatuvlari bilan o‘rtoqlashdi.

Tolib Rahmatov

«Menimcha, O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan boshlab xususiy mulk daxlsizligi konstitutsiyada yozib qo‘yilgan bo‘lishiga qaramay, tom ma’noda ta’minlanmayapti. Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rib qolamiz, turli davlatlarda uylar chetlab o‘tilib, eksi uylar ham saqlab qolingan va yo‘l uy yonidan qurilgan. Bu degani o‘sha davlatda xususiy mulk daxlsizligi konstitutsiya darajasida ta’minlangan, qonunlar ishlaydi. Bizda esa konstitutsiyada yozilgan-u, afsuski, bu amalda ta’minlanmaydi.

Masalan, Bekobod tumanida yosh tadbirkor autsionda xususiy mulk sifatida yer maydoni sotib olyapti, binoni qurishga ruxsat olib, qurilish boshlayapti. Lekin qonun ishlashini nazorat qiladigan tuman prokurori borib, qurilgan joyni buzyapti. Qonun himoyachisi qonunsizlik qilyapti.

Yana bir misol. Qashqadaryoda bitta yer maydoni 3ta tadbirkorga bo‘lib berilyapti. Bir yer uchastkasi orada 9 oylik tanaffus bilan 3ta tadbirkorga berilyapti. Bitta tadbirkorning joyi autsionda sotilib ketgan, bittasining binosi buzilib ketgan, natijada ular ham binodan, ham pulidan ajralyapti. Lekin binoni qurolmayapti. Sudga, hokimning oldiga borib, qarorni bekor qilishini so‘rab, sarson bo‘lyapti.

Yaqinda Toshkent shahar hokimligi va «Regent Corp» MChJ o‘rtasida ham katta shov-shuv bo‘ldi. Hokim bilan uchrashuv ham bo‘ldi. Unda MChJ tarkibida bo‘lgan investorlarning hech qaysi biri chet ellik emasligi aytildi. Vaholanki, Tashkent City qurilishida, Toshkent shahar hokimligi bizni chaqirganda shaxsan o‘zim borganman. Shunda jurnalistlar investorlar orasida 19 yoshli germaniyalik ham borligi haqida savol bergan edi. O‘shanda Toshkent shahar hokimi Ortiqxo‘jayev: «Menga O‘zbekiston fuqarosi bo‘ladimi, boshqami, farqi yo‘q. Menga investitsiya kiritsa bo‘ldi», degandi.

Yaqinda bo‘lgan uchrashuvda esa negadir shu gap ikki tomondan ham eslanmadi. Mening eng oxirgi xulosam shuki, bizda mulk huquqi konstitutsiyada belgilab qo‘yilgani bilan tom ma’noda himoya qilinmayapti», – deydi Tolib Rahmatov.

— Bunga o‘zimiz, mulkdorlar, pul tikayotganlar, hokimiyat vakillari aybdor emasmi, ya’ni bu muammoning paydo bo‘lishida o‘zimizning hissamiz ham yo‘q emasmi?

Jamshid Niyozov

Jamshid Niyozov: — To‘g‘ri aytdingiz, bu yerda fuqarolarning ham hissasi bor. Chunki yillar davomida shakllangan tartib shunaqaki, deylik birov yer yoki nimadir sotib olmoqchi bo‘lsa, qonundagi tartibni, aytilgan hujjatlarni yig‘gisi kelmaydi-da, osonroq variant tanlaydi. Ya’ni 1-2 so‘m berib qo‘ya qolay deb, aylanib o‘tishga harakat qiladi.

Biz ham tahririyatimizga eshik qoqib keladigan murojaatchilardan birinchi o‘rinda shuni so‘raymiz. «Dardingizni aytib keldingiz, huquqlaringiz poymol bo‘lyapti. Eng avval, boshida qing‘irlik qilmaganmisiz, shu ish hujjatlarini, qarorni to‘g‘ri olganmisiz?» deb so‘rab, amin bo‘lganimizdan keyin shu ishni o‘rganishga kirishamiz. Chunki tadbirkorning o‘zi qing‘irlik qilib turgan joyda, siz u uchun kurashishingiz xolislik bo‘lmaydi.

— Yaqinda siz o‘rgangan Olmazor tumanidagi holat. U yerdagi kichik bir holat «snos»lar masalasida butun O‘zbekistondagi holatni ko‘rsatib berdi.

Jamshid Niyozov: — Bekatda quriladigan oddiy do‘kon. Kichkina bo‘lsa ham, u ham mulk. Bunga davlat hokimiyati organining o‘zi ruxsat bergan, qaror chiqarilgan. Avtobus to‘xtaydigan oddiy bekatni zamonaviy holga keltirish va shuning barobarida yonida tadbirkorlik qilishga ruxsat berish. Bu bo‘yicha qaror 2017 yilda chiqarilgan va tadbirkorga joy ko‘rsatib berilgan. U tegishli hujjatlarni rasmiylashtirgan, ammo ayrim hujjatlarni qilmagan, bu tomoni ham bor.

Endi, unga nisbatan aytilayotgan e’tirozlardan bittasi – oradan 3 yil o‘tgani, ammo tadbirkor haliyam qurilish qilmagani. Vaholanki, Yer kodeksiga ko‘ra, u 2 yilgacha qurilish qilishi kerak edi. Tadbirkor ikki marta harakat qilgani, ishni ikki marta boshlaganini aytib, suratlarini ham taqdim etdi, biz ham uni e’lon qildik. «Ikki marta qurilish qilganimda Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari Abdurasul Vahobov og‘zaki buyruq bilan buzdirib tashlagan», deyapti.

Tadbirkorning iddaosi shu. Afsuski, Abdurasul Vahobov bilan bog‘lanishning iloji bo‘lmadi. Uning nomidan Olmazor tuman hokimi matbuot xizmati rahbari Dilfuza Rahimova tadbirkorga Abdurasul Vahobov tomonidan og‘zaki yoki qonuniy kuchga ega ko‘rsatma berilmaganini aytdi.

— Bu holatda haqiqatni topdikmi? Bundagi g‘alaba boshqa shunga o‘xshash holatdagi g‘alabalarga debocha bo‘lishi mumkin.

Jamshid Niyozov: Masalaning meni o‘ylantiradigan jihati shuki, o‘rtada hokim almashgan. Hokim o‘zgargandan keyin shunaqa narsalar yuzaga chiqyapti.

Hokim almashishi juda ko‘p muammolarni keltirib chiqaryapti.

Tolib Rahmatov: Jamshidning fikrlariga qo‘shimcha qilmoqchiman. Birinchidan, bu bekatlar mavzusi hali tugamaydi. Chunki Ortiqxo‘jayev hokim bo‘lib kelgan paytda: «Bekatlardagi do‘konlar yo‘q bo‘ladi, bekatlar faqat o‘zining bekatlik vazifasini bajarishi kerak», deyilgandi. Oldingi hokim Rahmonbek Usmonov paytida, 2017 yillarda bekatlarni yangi dizaynga ko‘chirish boshlandi. Tadbirkor o‘sha joyni 2017 yilda olgan bo‘lib chiqyapti...

— Toshkentda hokim o‘zgarsa, bekatlar dizayni ham o‘zgaradi...

Tolib Rahmatov: — «Snos» masalasi ham xuddi shunaqa. Mana, bozorlar ham qaytadan quriladi.« Bozorlarni zamonaviylashtirishimiz kerak», deb albatta buzadi. Yoki bo‘lmasa yonib ketadi, keyin qayta qurishga to‘g‘ri keladi. Natijada u yangi egaga sotiladi. Xalq orasida yurgan gapga ko‘ra, bu holat tumanga kelgan yangi hokimning pul qilish usuli deyishadi.

Bu qanchalik to‘g‘ri yoki xatoligini bilmaymiz. Shuning uchun bu gap rost deb da’vo qilolmaymiz. Lekin bozorlar yonishi va qayta qurilishi bo‘lib turibdi va bu bor gap.

— Muammoga yechim qanaqa bo‘lishi kerak deb o‘ylaysizlar? Tushunib turibmizki, qonun bor va u har doim ham ishlamayapti…

Jamshid Niyozov:Olmazor tumanidagi bekat misolida olib ko‘raylik. Oradan 3 yil o‘tibdi. Mayli, Abdurasul Vahobov hech qanday qonunga zid og‘zaki ham ko‘rsatma bermabdi, buzdirmabdi ham deylik. Muammo bor, endi buni qanday qilib yechish kerak? Agar shu bekat ishga tushadigan bo‘lsa, kamida 1-2 kishi ishli bo‘ladimi? 1-2 kishining ro‘zg‘ori qaynaydimi? Hozirgi pandemiya sharoitda bizni qiynaydigan masala ishsizlik, daromadsizlik bo‘lib turibdi. Bu bittagina misol. Shu masalani o‘zaro murosaga kelib, bir stol atrofida o‘tirib, tadbirkorning vajlarini, iddaolarini eshitsa, murosa ko‘chasini tanlashning imkoni bor.

— Lekin bu bitta xususiy holat-da. Uyingni buzayotganlar tepasida uchastka noziri yoki prokuror tursa, dardingni kimga aytasan? Muammoga tizimli yechim qanday bo‘lishi mumkin?

Tolib Rahmatov: — Davlat rahbari 3 yil oldin yer sotilishi mumkinligi haqida aytgan edi. Yer tom ma’noda sotilmas ekan, «men ming yildan keyin yashaydigan avlodim ham shu yerga egalik qiladi» degan niyatda yer sotib olish huquqingiz tom ma’noda himoya qilinmas ekan, bu holatlar davom etaveradi.

Yer uchastkalari maxsus portal orqali sotiladi. Lekin hozir portalga kirib, Toshkent shahrida xususiy uy qurish uchun yer izlasangiz, topolmaysiz. Qo‘yilgan lotlarni ko‘rsangiz, hech kim bormas joylar. Vaholanki, shaharda ko‘plab yangidan yangi uylar qurilyapti...

***

Quyida mulk huquqi va yerga oid munosabatlar bo‘yicha so‘nggi bir oy ichida Kun.uz e’lon qilgan surishtiruvlar havolasini keltirib o‘tamiz.

Mavzuga oid