U bizga boshdan o‘tkazayotganlarini so‘zlab berarkan, puli bor odamning ham Qarshida biror ish boshlab rivojlantira olishiga endi ishonmay qo‘yganini va mablag‘ini saqlab qolish uchun albatta ortga qaytib ketish, o‘sha yerda ishlab, o‘sha yerda turib hamyurtlariga yordam berish osonroq ekaniga ishonch hosil qilganini aytmoqda.
Xo‘sh, Qarshida unga qanday to‘sqinliklar bo‘lganki, ishini boshlay olmayapti va bu qadar rasmiy idoralardan ko‘ngli qolgan?
«2018 yil prezidentimiz AQShga safari davomida o‘sha yerda yashayotgan o‘zbeklar bilan uchrashib aytgan gaplari menga juda qattiq ta'sir qilgandi. Chunki men ham Nyu-Yorkda yashab, ishlab kelayotgan o‘zbekistonliklardan biri edim.
Davlatimiz rahbarining «Mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shish istagida bo‘lgan barcha chet eldagi yurtdoshlarimizni O‘zbekistonga taklif etaman, men ularni qo‘llab-quvvatlashga va har tomonlama rag‘batlantirishga tayyorman», degan gaplarini eshitgan zahotim yurtga qaytib, shu yerda mehnat qilishni niyat qildim. Ayniqsa, prezidentning «Barchangizning mamlakatimizni rivojlantirishga sidqidildan hissa qo‘shishga tayyor ekaningizni ko‘rib, chin dildan mamnun bo‘lib turibman. Hammamiz jonajon Vatanimiz ravnaqi yo‘lida bir yoqadan bosh chiqarib birlashsak, oldimizga qo‘ygan har qanday yuksak marraga albatta yetishimizga ishonaman», degan gaplaridan so‘ng menda vatanga daxldorlik hissi paydo bo‘ldi.
Ammo davlatimiz rahbarining kuyunchakligi, nazarimda, mahalliy rahbarlarning hammasida ham bor emas ekan.
2019 yilda Qarshiga keldim. Viloyat hokimi qabuliga kirib, qo‘limda 100 ming dollar borligi, amerikalik hamkorim esa 300 ming dollar investitsiya kiritishga tayyor ekanini bildirdim. Bu sarflanishi ko‘zda tutilgan mablag‘ faqat boshlanishi bo‘lib, oldimizda ulkan rejalar turganini aytdim. Viloyat hokimi fikrimni ma'qullab, tadbirkorlik uchun yer berilishi, loyiham dasturga kiritilishini aytdi.
Tez orada AQShning «LA TRANS LLC» kompaniyasi bilan birgalikda loyiha qiymati 400 ming AQSh dollari bo‘lgan «LA TRANS LLC KARSHI» qo‘shma korxonasini tashkil etdik. Qarshi shahri Jayhun ko‘chasidan doimiy foydalanish uchun 900 kv. metr yer maydoni ajratildi.
2019 yilning 17 sentyabrida Qarshi shahar hokimi qarori bilan yerga egalik huquqi berildi. Qurilishga oid tegishli hujjatlarni tayyorlash jarayonida viloyat hokimi ham, Qarshi shahri hokimi ham almashdi. Barcha hujjatlarim tayyor bo‘lib, poydevor ishlari boshlangach, hokimlik tomonidan bu yerda qurilish qilishim mumkin emasligi aytildi», — deydi Javlon Jo‘rayev.

























