O‘zbekiston | 15:35 / 31.05.2022
102531
10 daqiqa o‘qiladi

1 iyuldan elektr va gaz bo‘yicha tabaqalashtirilgan tariflarga o‘tiladi

Elektr va gaz tariflarini oshirish bo‘yicha qaror loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Kutilganidek, oylik bazaviy normani kiritish orqali tariflar tabaqalashtiriladi. Ma’lum qilinishicha, aksariyat oilalarda oshgan narxlardagi qo‘shimcha to‘lov miqdori bir oyga elektr uchun 7,5 ming so‘mgacha, tabiiy gaz uchun issiq oylarda 6 ming so‘mgacha, isitish mavsumida 21 ming so‘mgacha bo‘ladi.

“Yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlarini o‘zgartirish to‘g‘risida” hukumat qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Loyiha ikki jihatiga ko‘ra ahamiyatli:

  • elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz tariflari oshirilmoqda;
  • energetika islohotining aniq muddatlari belgilanmoqda – bu islohot elektr va gaz tanqisligiga barham berishi lozim.

Tabaqalashtirilgan to‘lov tizimiga o‘tiladi

Elektr va gaz tariflariga ijtimoiy norma kiritilib, aholining ko‘p energiya sarflaydigan (nisbatan o‘ziga to‘q) qatlami xarajatlarini budjetdan subsidiyalash qisqartiriladi.

Ijtimoiy norma miqdorini quyidagicha belgilash taklif etilmoqda:

  • elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha 250 kVt soatgacha;
  • tabiiy gaz bo‘yicha oktyabr-mart oylari uchun 700 kub metrgacha;
  • tabiiy gaz bo‘yicha aprel-sentabr oylari uchun 200 kub metrgacha.

Quyida keltirilayotgan yangi narxlar 2022 yil 1 iyuldan boshlab joriy etilishi kutilmoqda. Eslatib o‘tamiz, gaz va “svet” tariflari oxirgi marta 2019 yil yozida oshirilgandi.

1 kVt soat elektr energiyasi uchun taklif etilayotgan yangi narxlar (aholi uchun):

  • ijtimoiy norma doirasida: oyiga 250 kVt soatgacha – 325 so‘m (hozir 295 so‘m);
  • 250 kVt soatdan yuqori har 1 kVt soat uchun – 650 so‘m.

Rasmiy izohga ko‘ra, taklif etilayotgan narxlar tasdiqlansa, xonadonlarning xarajati quyidagicha summaga oshadi:

  • 250 kVt soatgacha elektr energiya ishlatadigan abonentlar uchun qo‘shimcha xarajat oyiga 7,5 ming so‘mgacha;
  • 300 kVt soatgacha ishlatadigan abonentlar uchun qo‘shimcha xarajat oyiga 25 ming so‘mgacha;
  • 400 kVt soatgacha elektr energiya ishlatadigan abonentlar uchun esa qo‘shimcha xarajat oyiga 61 ming so‘mgacha bo‘ladi.
Iqtisodiyot, Moliya va Energetika vazirliklarining matbuot xizmatlari taqdim etgan infografika

Shuningdek, 1 kVt soat elektr energiyasi narxi yuridik shaxslar uchun quyidagicha belgilanishi mumkin:

  • NKMK, OKMK va budjet tashkilotlari uchun – 800 so‘m;
  • qolgan yuridik shaxslar uchun – 600 so‘m (hozir 450 so‘m).

1 kub metr tabiiy gaz uchun taklif etilayotgan yangi narxlar (aholi uchun):

Isitish mavsumi – oktyabr-mart oylarida:

  • oyiga 700 kub metrgacha – 410 so‘m (hozir 380 so‘m);
  • 700 kub metrdan yuqori har 1 kub metr uchun – 1200 so‘m.

Isitilmaydigan mavsum – aprel-sentabr oylarida:

  • oyiga 200 kub metrgacha – 410 so‘m (hozir 380 so‘m);
  • 200 kub metrdan yuqori har 1 kub metr uchun – 1200 so‘m.

Ta’kidlanishicha, isitish mavsumida:

  • 700 kub metrgacha tabiiy gaz iste’mol qiluvchi abonentlar uchun qo‘shimcha xarajat oyiga 21 ming so‘mgacha;
  • 1 000 kub metrgacha iste’mol qiluvchi abonentlar uchun qo‘shimcha xarajat oyiga 267 ming so‘mgachani tashkil etadi.

Isitish mavsumidan tashqari davrda:

  • 200 kub metrgacha tabiiy gaz iste’mol qiluvchi abonentlar uchun qo‘shimcha xarajat oyiga 6 ming so‘mgacha;
  • 300 kub metrgacha iste’mol qiluvchi abonentlar uchun qo‘shimcha xarajat oyiga 88 ming so‘mgacha bo‘ladi.
Iqtisodiyot, Moliya va Energetika vazirliklarining matbuot xizmatlari taqdim etgan infografika

Shuningdek, 1 kub metr tabiiy gaz narxi yuridik shaxslar uchun quyidagicha belgilanishi mumkin:

  • NKMK, OKMK va budjet tashkilotlari uchun – 1300 so‘m;
  • avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalari uchun – 1200 so‘m;
  • issiqlik elektr stansiyalari uchun – 1000 so‘m;
  • qolgan yuridik shaxslar uchun – 1150 so‘m.

Suyultirilgan gaz esa aholi uchun 1600 so‘m miqdorida belgilanmoqda (hozir 1120 so‘m). Bunda, 1 abonentga bir oyda o‘rtacha 20 kg suyultirilgan gaz yetkazib berilishi inobatga olinsa, abonentning qo‘shimcha xarajati bir oyda 9,6 ming so‘mni tashkil etadi.

Ijtimoiy norma bo‘yicha o‘rganishlar natijalari

Hukumatga ko‘ra, O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’mol qiluvchi jami 7,3 mln abonent bor va ularning 80 foizi oyiga o‘rtacha 200 kVt soatgacha elektr energiyasini iste’mol qiladi. Lekin, mazkur xonadonlarning hissasiga aholi iste’mol qiladigan jami elektr energiyasining bor-yo‘g‘i 31 foizi (5,7 mlrd kVt s) to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, tabiiy gaz iste’mol qiluvchi jami 4 mln abonent mavjud. Bu xonadonlarning 85 foizi oyiga o‘rtacha 500 kub metrgacha tabiiy gaz iste’mol qiladi. Lekin, ularning hissasiga aholi jami iste’molining bor-yo‘g‘i 35 foizi (4,5 mlrd kub m) to‘g‘ri keladi.

Yuqoridagi ko‘rsatkichlar energoresurslarni iste’mol qilishning yil davomida o‘rtacha oylik darajasini ifodalagani sababli, o‘rtacha oylik iste’molning aniq miqdorlarini aniqlash maqsadida Toshkent va Namangan viloyatlari hamda Toshkent shahridagi abonentlarda tanlanma o‘rganish o‘tkazilgan.

Elektr energiyasi. O‘rganish natijalariga ko‘ra, bu hududlarda yilning isitish talab etilmaydigan davrida:

  • eski qurilgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi 86 foiz,
  • yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi 65 foiz,
  • hovlilarda yashovchi 57 foiz abonent oyiga o‘rtacha 250 kVt soatgacha elektr energiyasi iste’mol qilgan.

Isitish mavsumida esa:

  • eski qurilgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi 78 foiz;
  • yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi 77 foiz;
  • hovlilarda yashovchi 44 foiz abonent oyiga o‘rtacha 250 kVt soatgacha elektr energiyasi iste’mol qilgan.

Tabiiy gaz. Yuqoridagi hududlarda yilning isitish talab etilmaydigan davrida:

  • eski qurilgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi 100 foiz abonent,
  • yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi 99 foiz abonent,
  • hovlilarda yashovchi 86 foiz abonent oyiga o‘rtacha 200 kub metrgacha tabiiy gaz iste’mol qilgan.

Isitish mavsumida esa:

  • eski qurilgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi 100 foiz abonent;
  • yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarda yashovchi 93 foiz abonent;
  • hovlilarda yashovchi 64 foiz abonent oyiga o‘rtacha 700 kub metrgacha tabiiy gaz iste’mol qilgan.

Narxlarni oshirish zarurati: rasmiylar izohi

Mas’ul vazirliklar bayonotiga ko‘ra, respublikada yoqilg‘i-energetika resurslariga talab yildan yilga oshib bormoqda. Xususan, oxirgi 5 yilda aholiga yetkazib berilgan –

  • elektr energiyasi hajmi 1,5 baravarga oshgan (11 mlrd kVt soatdan 16 mlrd kVt soatga);
  • tabiiy gaz hajmi 1,3 barobarga oshgan (10 mlrd kub metrdan 13 mlrd kub metrga).

Shu bilan birga, ta’minotda jiddiy muammolar bor. 2021 yilda qondirilmagan talab 2-3 mlrd kVt soatni tashkil etgan.

Ortib borayotgan talabni qondirish uchun ishlab chiqarishning yangi quvvatlarini barpo etish, xususiy investitsiyalarni keng jalb etishga to‘g‘ri kelmoqda. Buning uchun esa energiya resurslari bozorini bosqichma-bosqich isloh qilish talab etiladi.

Yuridik shaxslar uchun tariflar 2023 yilda ham o‘zgaradi

Korxonalarni uzoq muddatli rejalashtirishga moslashtirish, operatsion samaradorlikni va energotejamkorlikni oshirish hamda tannarxni pasaytirish uchun “perspektiv mo‘ljal”ni ko‘rsatish maqsadida, joriy yil uchun yangi narxlar bilan birga 2023 yil 1 apreldan kuchga kiradigan yangi narxlarni ham tasdiqlash taklif etilmoqda. Bunda, 2023 yil 1 apreldan quyidagi narxlar joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda:

Elektr energiyasi bo‘yicha:

  • Navoiy KMK, Olmaliq KMK va budjet tashkilotlari uchun 800 so‘m miqdoridagi narxni saqlab qolish;
  • qolgan yuridik shaxslar uchun – 700 so‘m.

Tabiiy gaz bo‘yicha:

  • issiqlik elektr stansiyalari uchun – 1200 so‘m;
  • Navoiy KMK, Olmaliq KMK va budjet tashkilotlari uchun – 1350 so‘m;
  • avtomobillarni gaz bilan to‘ldirish kompressor stansiyalari uchun – 1400 so‘m;
  • qolgan yuridik shaxslar uchun – 1350 so‘m etib belgilash.

2026 yildan to‘liq bozorga o‘tiladi

Ma’lum qilinishicha, 2023 yil 1 apreldan o‘rnatiladigan yoqilg‘i-engergetika resurslarining narxlari 2024 va 2025 yillarda faqatgina inflatsiya darajasiga indeksatsiya qilib boriladi. 2026 yildan boshlab esa elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gazning ulgurji bozoriga o‘tiladi hamda narxlar erkin shakllanadi.

Mavzuga oid