“Qonunni buzmasa, nimadan qo‘rqadi?” - jamoatchilik YPX xodimlarining videosini tarqatish taqiqlanishiga qarshi bo‘lmoqda
Rasmiy portalda Ichki ishlar vazirligining taklifi yuzasidan bildirilgan fikrlar soni mingdan oshdi, ularning mutlaq ko‘pchiligi yakdil fikrda: loyiha qabul qilinmasligi kerak. “Agar shuncha e’tirozga qaramay, hukumat qarori kuchga kirsa, kelgusida har qanday ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishini unutsa ham bo‘ladi”, deya yozgan fuqarolardan biri.
O‘zbekistonda YPX xodimlarini foto va videoga olib, ularning ruxsatisiz internetda tarqatish taqiqlanishi mumkin. Shu mazmundagi hukumat qarori loyihasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi 29 martgacha davom etadi. Hozirga qadar loyiha yuzasidan mingdan ziyod taklif bildirilgan.
O‘zbekistonlik internet foydalanuvchilari ushbu urinishni salbiy qarshilashdi. Kun.uz mavzu yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan fikrlarga e’tibor qaratdi.
“Videoga olish, ya’ni jamoatchilik nazorati orqali “GAI” xodimlarining savodxonligi ancha oshdi. Ilgari ularni videoga olish mumkin bo‘lmagan paytlarda xodimlar bilganini qilardi, haydovchilarga nohaq “protokol” rasmiylashtirishardi. Jamoatchilik nazorati orqali tizim ancha tartibga solindi. Endi orqaga qaytish yo‘q”. — Rustam Karimov
“Taklif etilayotgan o‘zgartirish adolatga emas, balki o‘z mansab-lavozimiga noloyiq bo‘lgan YPX xodimlarining noqonuniy harakatlarini rag‘batlantirish uchun ko‘proq xizmat qiladi. Ushbu qonun hujjatini muhokamaga qo‘yishning o‘zi fuqarolik demokratik jamiyatini shakllantirishdagi harakatlarimizga bolta urishi tayin”. — Erkin Karimov
“Yo‘l harakatini tartibga solish O‘zbekiston Respublikasining “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonuni bilan tartibga solingan. Mazkur qonunda Vazirlar Mahkamasiga yo‘l harakati ishtiroki davrida videotasvirga olishni taqiqlash vakolati mavjud emas. Bu – masalaning qonuniy tarafi!
Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining asosiy talablardan biri ochiqlik hisoblanadi. Aynan shu ochiqlik natijasida yo‘llarda radar belgisi o‘rnatildi, inspektorlarga bodikameralar berildi, YPX xodimlarining asossiz tekshiruvlar o‘tkazish huquqi bekor qilindi. Xo‘sh, yana taqiqdan maqsad nima? YPX xodimlari nimadan qo‘rqyapti? Xalqdanmi? O‘zi xizmat qilishi kerak bo‘lgan xalqning o‘ziga yuklatilgan vazifani bajarishini nazorat qilishdan nimaga yashirinmoqchi?
Bular xalq xizmatchilari bo‘lishadimi yoki yo‘l xo‘jayinlari? Zero, sir emaski, aynan ochiqlik natijasida inspektorlar orasida tartib paydo bo‘la boshladi! Bu – prezidentimiz olib borayotgan siyosatning ijobiy natijasi. Ammo eski gvardiya yoki avvalgi tuzumni qo‘msab qolgan ayrim vijdonsizlar yana xalqqa qarshi cheklash va taqiqlash mexanizmlarini taklif etishyapti. Bu hujjatni umuman chiqarmaslik kerak”. — Azizbek Qurbonov
“Taklif etilayotgan o‘zgarishga qarshiman. Bu – oshkoralikni cheklash va xodimning xizmat paytida noqonuniy xatti-harakat qilish ehtimolini oshiradi. Xizmat faoliyatining videosini omma ko‘rishi mumkinligini his qilib turgan xodim o‘z xizmat vazifasini imkon qadar qonun doirasida olib borishga intiladi. Qonun ijrosi ta’minlanishi bu – eng ustuvor vazifa”. — Bahodir G‘afurov
“Taqiqlashga urinishayotganining sababi internetda tarqalayotgan aksariyat YPX xodimlarining savodsizligi va muomala madaniyati yo‘qligi ko‘rinib qolmoqda, IIVdagilar shundan qo‘rqib qolishdi”. — Mehriddin Saidov
“Qonuniy ishlashsa, nimadan qo‘rqishadi?! Asabi ko‘tarmasa, jamoatchilik nazaridagi kasbda ishlashmasin! Taqiqlashga erishishsa, xohlaganini qilishadi, jamoatchilik nazorati ularni ozgina tartibga solgan edi”. — Inomjon Teshaboyev
“Hech bir xodim ruxsat bermaydi tarmoqqa o‘zi haqida videorolik chiqarishga, ayniqsa, u xizmat vazifasidan tashqariga chiqqan bo‘lsa. Yaxshisi, xodimlar o‘zlarining bodikameralarini yoqib yurishsin, fuqaroning videoga olishidan qo‘rqadigan joyi ham qolmaydi. Shu o‘zgartirish bilan janob G‘iyosov o‘zini va xodimlarini tarmoqlardagi negativ munosabatlardan asrab qolmoqchi. O‘zgartirish kiritishga qarshiman”. — Aziz Abdullayev
“YPX xodimlarining o‘zi to‘g‘ri ishlasa bo‘ldi-ku, o‘zlari to‘g‘ri ishlamaganidanmi bu qarorlar?!” — Adham Dehqonov
“Taklif etilayotgan normaning qonunchilikka kiritilishi boshqa bir qonun (huquq) prinsipi buzilishiga olib keladi. Ya’ni fuqarolarning jamoatchilik nazoratini olib borishga nisbatan huquqi cheklanadi. Shu nuqtayi nazardan ushbu normani boshqacha mazmunda, ya’ni YPX xodimining xizmat vazifasini olib borish jarayoni foto va video tasvirlarini internetga joylashda uning shaxsga doir ma’lumotlarini (yuzi, FISh) oshkor etmaslik talabini qo‘yish kerak”. — Umid Rajabov
“Samarqandda soliqchi bilan bilan ro‘y bergan voqeada bodikamera tasvirlarini qirqib, montaj qilinganini ham ko‘rdik”. — Sherzod Ortiqov
“Xodimlarga bodi-kamera olib berishdi. Lekin ish sudga oshadigan bo‘lsa, bodi-kameradagi tasvirlar montaj qilinganini ko‘rdik. YPX xodimlarini videoga olish orqali tizimdagilar o‘z ayblarini berkitishmoqchi, bunga qarshilik qilishimiz kerak. Indamay qarab tursak, bular ko‘p narsani xohlashadi”. — To‘raxo‘ja Valisov
“YPX xodimlarining bodikamerasini internetga ulash kerak. Ular qanday ishlashini hamma ko‘rsin”. — Hamdam Suyunov
“Videoga olish taqiqlangudek bo‘lsa, jamoatchilik nazorati yo‘q bo‘lib ketadi-ku!?” — Alijon Nizomiddinov
“Internetga qo‘yilayotgan videolarda xodimlarning shaxsi ochiqlanmasa va yuzi aniq ko‘rsatilmasa-chi?” — Jo‘rabek Ibrohimov
“Xodimlar qonun doirasida ishlashsin, nimadan qo‘rqishadi? Elektroshokerni qonunga zid holatlarda qo‘llagani aks etgan videolar tarqalib, ularga nisbatan odamlarda nafrat uyg‘onayotganidan xavotirlanishyaptimi?” — Mubinaxon Shayxzoda
“Tasavvur qiling, haydovchini kattaroq jarima bilan qo‘rqitib, zo‘rg‘a pora undiryapsiz. Yoki qo‘lingiz va og‘zingizga erk berib, fuqaroni xumordan chiqquncha so‘kib-urib turibsiz-da, sizni shu vaziyatda tasvirga olishyapti. Xuddi Kattaqo‘rg‘onda soliqchini urib o‘ldirganday. Yoki haydovchining savollariga javob berolmay, internetga chiqib sharmanda bo‘lyapsiz. Alam qiladi-da”. — Ulug‘bek Odil
“Xodimlarning bodi-kamerasi bor-ku, kimdir ularga tuhmat qilsa, isbotlashga aqli yetmasmikan?” — G‘iyosiddin Rajabov
“Bu qaror tasdiqlanishiga qarshiman, ko‘p hollarda YPX xodimlari zo‘ravonlik qilishganiga guvohi bo‘lamiz. Bunaqa holatlarning oldini olish uchun ular bilan bo‘lgan muloqotni tegishli joyga yuborish, shuningdek, tarmoqqa joylashtirish huquqi bizda qoldirilishi kerak”. — Eldor Hojiyev
“Umuman noto‘g‘ri taklif. YPX xodimlari davlat budjetidan oylik oladi va bu budjet xalq to‘lagan soliqlar orqali to‘ldiriladi. YPX xodimlari (va boshqa davlat ishchilari) ish jarayonida shaffoflikni ta’minlashi zarurligi O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan ham bir necha marotaba ta’kidlab o‘tilgan. Agar YPX xodimlari halol va qonun doirasida ish qilsa, nimaga videoyozuvlardan uyalishi kerak? Ular xizmatda, shaxsiy hayoti emas”. — Islom Jamolov
“Nima uchun ushbu “tuzatishlar” xalq manfaati uchun emas, faqat ma’lum bir toifa manfaatiga xizmat qilishi kerak?” — Nodir Usmonov
“Ochig‘i, ayrim YPX xodimlari haydovchilar bilan xuddi jinoyatchiday muomala qilishadi”. — Sardor Jumaqulov
“Bu qaror YPX xodimlarining xalqdan ustunligini, huquqlar teng emasligini ko‘rsatadi”. — Mansur Allayarov
“Videoga olish uchun YPX xodimining ruxsati nimaga kerak? Men bu o‘zgartirishga qarshiman. Bu o‘zgartirish fuqarolarning huquqlarni cheklash hisoblanadi, jamoatchilik nazoratiga xavf soladi”. — Ma’mura Marxoyeva
“Agar qabul qilinadigan bo‘lsa, reyd va boshqa holatlarda haydovchi va yo‘lovchilarning roziligisiz ularning foto va video tasvirlari televideniye, sayt va tarmoqlarda tarqatilishi xam taqiqlansin. Reyd va boshqa holatlarda olingan foto va videomateriallar tarmoq orqali berib borilmoqda-ku. Foto va videomateriallar YPX xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari oldini olish, ularni jamoatchilikdan bekitishga yo‘l qo‘ymaslik uchun olinishi ham mumkin-ku”. — Sharofiddin Hukumov
“Halol, pok ishlagan, xizmat qilganlar hech narsadan qo‘rqmaydi. Halollik yo‘q joyda sharmandali holatni yashirishga urinish bo‘ladi”. — Saidburhon Bahriddinov
“Fuqarolar tomonidan YPX xodimlarini videoga olishni taqiqlash uchun bekorga harakat qilishmayapti. Oxirgi vaqtlarda bodikameralar to‘liq ishlamayapti, ya’ni nomigagina ko‘krak nishonga aylangan. Foydasi bo‘lgani uchun shuncha vahima qilishmoqda. Agar bu o‘zgarishdan fuqarolarga foyda bo‘lganda buncha vahima qayerda deysiz?” — Ibragim Raimqulov
“Xodimlarni videotasvirga olishning salbiy tomoni yo‘q, aksincha, yaxshi tomoni bor. YPX xodimi noto‘g‘ri harakat qilsa, unga nisbatan dalil bor. Agar xodimga fuqaro tuhmat qilsa, bu video unga qarshi dalil bo‘ladi! Ya’ni videoga olish imkoniyati kim haq, kim nohaqligini ko‘rsatib beradi. Shunday vaziyatda xodimlarni videoga olishni taqiqlab, haqiqatni yashirish kimga kerak bo‘lib qoldi? Asosiy savol – shu”. — Hasan Mahamadmurodov
“Ichki ishlar organlari va YPX xodimlarining xizmat vazifalari ochiq bo‘lsa, noqonuniy harakat sodir etishmasa, ularni videotasvirga olishni nima uchun taqiqlash kerak? Aksincha, bu orqali ayrim nopok xodimlarning qonunga zid qilmishlari oldi olinadi-ku. Qonunchilikka kiritiladigan har qanday o‘zgartirishlardan eng avvalo xalq manfati ko‘zlanishi kerak”. — Zoir Badalov.
“O‘zi xon, ko‘lankasi maydon bo‘lib yurmoqchimi “GAI”lar?! Bu mumkin emas! Bu erkatoylar xalq pulidan otni kallasidek maosh olib yurgan, yana haddidan oshib ketmasligiga kim kafolat beradi? Yoki yana kamerasiz, yashirin pora tizimini yo‘lga qo‘yishmoqchimi?!” — Maqsud Jumaniyazov
“YPX xodimi qonunni yaxshi bilsa, fuqaro xohlaganicha videotasvirga olaversin, u esa qonun doirasida chora ko‘raversin. Aksincha, IIV internetda tarqalayotgan videolar asosida qoidabuzarlarga nisbatan qonuniy chora ko‘ra olgan va haydovchining savollariga qonun doirasida javob bera olgan YPX xodimlarining reytingini tuzib borsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi”. — Hamidulla Ro‘ziyev
“Agar shuncha e’tirozlarga qaramay, hukumat qarori kuchga kirsa, kelgusida har qanday ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishini unutsa ham bo‘ladi. Shundog‘am ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan nisbiy so‘z erkinligi borgan sari qisqarib bormoqda”. — Shuhrat Rustamov
Eslatib o‘tamiz, IIV matbuot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov 2020 yil dekabrda ichki ishlar xodimlari ishiga xalaqit bermagan holda tasvirga olish va xohlagan platformaga videoni qo‘yish mumkinligini ta’kidlagandi. “Biz ichki ishlar organlari – davlat xizmatchisimiz. Davlat xizmatchisini xohlagan odam, xohlagan vaqtida tasvirga olishi mumkin va xohlagan platformaga ushbu videoni qo‘yishi mumkin. Bu hech qayerda taqiqlanmagan”, degandi o‘shanda G‘iyosov.
Shu yilning fevral oyida ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev OAVga bergan intervyusida xizmat vazifasini bajarish jarayonidagi xodimlarni videotasvirga olgandan so‘ng uning ruxsatisiz ijtimoiy tarmoqlarda tarqatganlarga nisbatan ma’muriy javobgarlik belgilanishini aytgandi.
14 mart kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan loyiha haqida IIV na saytida va na ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ma’lum qilgani yo‘q.
Avvalroq blogerlar ham IIVning ushbu tashabbusini tanqid qilib chiqishgandi. Media-huquqshunos Madina Tursunova YPX xodimlarini tasvirga olishni taqiqlash qanday oqibatlarga olib kelishini tahlil qilib bergandi.
Mavzuga oid
17:59 / 20.11.2024
Prezident normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari jamoatchilik bilan muhokama qilinmayotganiga e’tiroz bildirdi
16:11 / 17.11.2024
Probatsiya bo‘linmalari xodimlarining vakolatlari kengaytirildi
16:25 / 19.09.2024
«Sudga ijtimoiy bosimning oldini olish uchun jarayon yopiq o‘tkazilyapti» – Sudyalar oliy kengashi Aziz Voitov ishi haqida
15:31 / 12.09.2024