O‘zbekistonda xizmat vazifasini bajarayotgan YPX xodimlarini foto va videoga olib, ularning ruxsatisiz internetda tarqatish taqiqlanishi ko‘zda tutilgan hukumat qarori loyihasi ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Legalclinic yuridik klinikasi yuristi Madina Tursunova ham bu borada fikr bildirdi.
“Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risidagi nizomga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risidagi qaror loyihasi e’lon qilindi.
Madina Tursunovaning fikricha, barcha loyihalar jamoatchilik muhokamasiga tuzatish kiritish zarurligi asoslanmagan holda havola qilinadi.
“Nega? Asos qani? Tuzatish kiritishning jamiyat va fuqarolar uchun qanday ijobiy ta’siri bor? Hech kimga keraksiz va hech kimni qiziqtirmayotgan jamoatchilik nazorati nima bo‘ladi?
Xodimning behush holdagi fotosi tarqalgan vaziyat yuz bergandi, ammo tartibbuzarni topishdi va MAVJUD ma’muriy va jinoiy javobgarlik normalari doirasida jazolashdi.
YPX xodimlariga bunday ustuvor huquq berilishining sababi nimada? Nima uchun jamoatchilik nazorati hamda jamoatchilik qiziqishi, noroziligiga sabab bo‘lib kelayotgan huquqni himoya qilish tizimi faoliyatining ochiqligini ta’minlash masalasi hisobga olinmayapti?
Aftidan, endi kech va qo‘shimchani zudlik bilan qabul qilishadi, ammo bir nechta AMMOlar bor, qo‘shimcha yuqoriroq yuridik kuchga ega normativ-huquqiy hujjatlarga ziddir. Ha, yuqori minbarlarda turib gapirilayotgan ochiqlik va korrupsiyaga qarshi kurash siyosatiga zid.
1. Taqiqlashning sababi nimada? YPX xodimlari xizmatni ko‘chada, ya’ni shaxsiy hayot daxlsizligini himoya qilish tamoyillari amal qilmaydigan jamoat joylarida olib boradi.
2. Xodimlar xizmat vaqtida nimadan qo‘rqishadi? Agar barcha harakatlari qonun doirasida bo‘lsa, nima uchun xodimni tasvirga olish va bu tasvirni joylashtirish mumkin emas? Kimni kimdan himoya qilishmoqchi?
3. Huquqiy demokratik davlatlarda huquq-tartibot organlari va amaldorlarga nisbatan alohida qoidalar va ularning shaxsiy hayotini himoya qilish darajasi amal qiladi, chunki bu yerda jamoatchilik nazorati ta’minlanishi shart, boshqa yo‘li yo‘q. Bizda esa xodimni xizmat vaqtida tasvirga olish taqiqlanmoqda. Odatdagidek, qonuniy hujjatga hech qanday aniqlik kiritmasdan, istisnolarsiz, tushuntirishlarsiz tuzatish kiritilmoqda.















