Rossiya O‘zbekistondan gaz-transport tizimini “Gazprom”ga berishni so‘ragan - OAV
Rossiya O‘zbekistonga gaz uzatish evaziga mamlakatning gaz-transport tarmoqlarini berishni talab qilgani aytilmoqda. Shuningdek, Moskva O‘zbekistondan Xitoyga gaz eksportini ham nazorat qilmoqchi bo‘lgani xabar qilindi. Ayni paytda Turkmanistondan O‘zbekistonga gaz eksporti to‘xtab qolgan, lekin tez orada tiklanishi mumkin.
Noyabr oyi oxirida Rossiya O‘zbekiston va Qozog‘istonga “uchtomonlama gaz ittifoqi” tuzishni taklif qilgan edi. Shundan keyin bu masalada bir necha marta ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilgan.
Gazeta.uz bir nechta manbalariga tayanib yozishicha, avvaliga Rossiya tomoni rus gazini O‘zbekistonga Qozog‘iston orqali, “Markaziy Osiyo – Markaz” quvurlar tarmog‘ida yetkazib berishni taklif qilgan.
“Rossiya tomonining asosiy sharti O‘zbekistonning gaz-transport tizimini bozor narxida “Gazprom” egaligiga o‘tkazish bo‘lgan. Xuddi shunday talab “Qozoqgaz” kompaniyasiga ham qo‘yilgan, lekin kompaniya bunday shartlarga rozi bo‘lmagan.
Rossiya tomoni ilgari surgan ikkinchi shart – Xitoyga gaz eksporti huquqini topshirish bo‘lgan. Ya’ni “Gazprom” kelishuvda O‘zbekistonning “UzGasTrade” kompaniyasi o‘rnini egallashni taklif qilgan.
Dekabr oyida ikki tomonlama muzokaralar natijalariga ko‘ra Rossiya tomonining shartlarini olib tashlashga erishilgan”, – deya yozmoqda nashr.
Manbaga ko‘ra, Rossiyadan O‘zbekistonga gaz yetkazishning texnik imkoniyatlarini baholash uchun yana seriyali muzokaralar o‘tkazilishi ko‘zda tutilmoqda. Lekin buning uchun qilinishi kerak bo‘lgan ishlarning masshtabi katta hajmdagi moliyalashtirishni talab qiladi. Shu sababli ta’minotni tashkil etishning amaliy imkoniyati juda kam, degan nashr manbalari.
Eslatib o‘tamiz, Kreml gaz evaziga O‘zbekiston va Qozog‘istonga siyosiy shartlar qo‘yayotganini rasman rad etgan. Dekabr oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin “uchtomonlama gaz alyansi” haqida gapirarkan, buni amalga oshirish uchun Rossiya hududida qiymati 260 milliard rubl bo‘lgan gaz transporti infratuzilmasini qurishga to‘g‘ri kelishini aytgandi.
Rossiya bilan gaz masalasidagi hamkorlik uch tomonlama ittifoq shaklida bo‘lishini O‘zbekiston ham, Qozog‘iston ham xohlamayapti. Ayni paytda, har ikki mamlakat Rossiya bilan gaz masalasida ikki tomonlama muzokaralar ketayotganini tasdiqlagan. Shu hafta Qozog‘iston bosh vaziri Alixon Smailov rasmiy Ostona “uchtomonlama ittifoq” bo‘yicha rasmiy taklif olmaganini aytdi, ayni paytda “Gazprom” bilan “tijoriy va o‘zaro manfaatli” muzokaralar ketayotganini bildirdi.
O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ham Toshkent Moskva bilan energoresurslar importi masalasida “allaqanday alyans yoki ittifoq” shaklida emas, to‘g‘ridan to‘g‘ri ikki tomonlama shartnomalar asosida ishlashni ko‘rib chiqayotganini aytgandi.
“Bunda milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda, o‘zimizning tarmoqlarni qandaydir birovga berib yuborish yoki boshqa orqali emas, oldi-sotdi tijoriy shartnomalar asosida hamkorlik qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilyapti”, – degandi vazir dekabr oyi boshida.
Turkmanistondan gaz eksporti tiklanishi aytilmoqda
Gazeta.uz, shuningdek, Turkmanistonning O‘zbekistonga gaz eksporti to‘xtab qolgani haqida ham yozgan. Nashr manbalari aytgan versiya shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda yozilayotgan Rossiyaning O‘zbekistonga gaz sotmaslik bo‘yicha Turkmanistonga bosim o‘tkazayotgani haqidagi taxminlarni rad etadi.
Nashrning yozishicha, 12 yanvar kuni Turkmaniston tomoni “Daryaliq” stansiyasi orqali O‘zbekistonga tabiiy gaz eksportini to‘xtatgan. Shu kuni O‘zbekiston rasmiylari “Turkmangaz” davlat konsernidan telefonogramma olgan bo‘lib, unda eksportning to‘xtashi konsernning gaz qazib chiqarish korxonalaridagi nosozliklar bilan izohlangan.
Turli manbalarga ko‘ra, gaz uzatishning to‘xtatilishiga sabab – “Galqinish” gaz kondensati konidagi ichki qazib chiqarish kommunikatsiyalarida gidrat hosil bo‘lganidir. Bunaqasi qattiq sovuq sharoitida ro‘y beradi va fors-major holati hisoblanadi, deya tushuntirgan mutaxassislar.
Oqibatda Turkmaniston nafaqat O‘zbekistonga, balki “Turkmaniston–O‘zbekiston–Qozog‘iston–Xitoy” quvuriga ham gaz uzatishni keskin qisqartirishga majbur bo‘lgani aytilmoqda.
“O‘zbekistonda vaqtincha gazni iqtisod rejimiga o‘tilgan. Ikki mamlakat mutaxassislari texnik masalalarni hal etish bo‘yicha uzluksiz ish olib bormoqda. Yaqin vaqt ichida Turkmanistondan gaz uzatish tiklanishi kutilmoqda”, – degan nashr manbalari.
Bugun, 14 yanvar kuni Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov muzokara o‘tkazish uchun Ashxobodga borgani aytilmoqda.
Umrzoqov 12 dekabrda ham gaz masalasida Ashxobodga borib, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhammedov bilan uchrashgan edi. O‘shanda ikki mamlakat birinchi marta uchinchi tomonning ishtirokisiz qisqa muddatli gaz ta’minoti bo‘yicha kelishuvga erishgan edi.
“O‘zbekistondagi kompressor stansiyalarida jiddiy avariyalar yo‘q”
9 dekabr kuni Sardor Umrzoqov aholi va iqtisodiyotni kuz-qish mavsumida energoresurslar bilan ta’minlash masalalari bo‘yicha shtab yig‘ilishini o‘tkazgandi. Yig‘ilishda administratsiya rahbari “O‘ztransgaz”ga qarashli kompressor stansiyalarida 37 ta agregatdan 21 tasi ta’mirtalab ekanini aytgan, energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va “O‘ztransgaz” raisi Bekzod Normatovga barcha agregatlarni zudlik bilan ishchi holatiga keltirish vazifasini topshirgandi.
Gazeta.uz manbalariga ko‘ra, shtab topshirig‘idan keyin ishlab turgan kompressor stansiyalarining hammasi to‘liq tekshirib chiqilgan. Natijada kerakli ehtiyot qismlari va mablag‘lar yo‘qligi natijasida ta’minlash grafigida kechikishlar bo‘layotgani ma’lum bo‘lgan. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur mablag‘lar ajratilib, ta’mirlash ishlari tashkil etilgan.
“O‘tgan vaqt davomida “Gazli”, “Zirabuloq”, “Yangiyer”, “Ohangaron”, “G‘allaorol” va “Muborak” kompressor stansiyalaridagi 13 ta agregat ta’miri yakunlandi. 14 yanvar holatiga “O‘ztransgaz” kompressor stansiyalarida yana 8 ta gaz haydash agregati ta’mirlanmoqda.
Ta’mir ishlari natijasida gaz-transport tizimining talab darajasida ishlashi to‘liq ta’minlandi, gaz haydash agregatlarining qo‘shimcha zaxirasi yaratildi va ulardan zaruratga qarab foydalanish mumkin. 13 yanvar holatiga kompressor stansiyalarida jiddiy avariyalar kuzatilgani yo‘q”, – deya ma’lum qilgan nashr manbalari.
Mavzuga oid
20:03 / 22.11.2024
Gaz qazib olishning qisqarishi 2 mlrd kubga yaqinlashdi, neft va benzin ishlab chiqarish ham kamayib boryapti
11:31 / 22.11.2024
Energetika vazirligi: Issiqxonalarga gaz yetkazib berish bo‘yicha cheklovlar yo‘q
09:51 / 21.11.2024
Buxoroning ayrim hududlarida gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi
08:59 / 21.11.2024