Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Videoyozuv bo‘yicha ekspertiza xulosasi chiqsa tanishib, keyin ko‘rsatma beraman» – sobiq IIB boshlig‘i ko‘rsatma berishdan yana bosh tortdi
Furqat tumani IIB mansabdorlari ustidan 21 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi sud majlisida Akmal Xo‘jayev va uning o‘rinbosari bo‘lgan Jasur Rasulov ko‘rsatmalari tinglanishi kerak edi. Sobiq IIB boshlig‘ining aytishicha, u soliq inspeksiyasi boshlig‘i uyida bo‘ladigan «tezkor tadbir» haqida tuman prokurorini og‘zaki xabardor qilgan.
Foto: Kun.uz
Kecha, 21 noyabr kungi sud majlisida Furqat tumani sobiq IIB boshlig‘i va jinoyat ishidagi sudlanuvchilardan biri Akmal Xo‘jayev ko‘rsatma berishdan avval sudga iltimosnoma kiritdi. U o‘z iltimosnomasida 17 aprel kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir haqida tuman prokurorini og‘zaki ravishda ogohlantirganini, biroq prokuror mazkur holatni inkor etayotganini bildirgan. Shuningdek, Gulira’no Qosimova 22 aprel kuni o‘z joniga suiqasd qilganini qayd etar ekan, ushbu voqea jinoyat haqidagi xabar sifatida ro‘yxatga olingan-olinmaganini aniqlash maqsadida tuman prokuroridan “Shakl-1” kitobini taqdim etishni so‘rab, suddan tegishli ajrim chiqarishni iltimos qildi.
Iltimosnoma sud raisi tomonidan qisman qanoatlantirildi.
Shundan so‘ng sud raisi Akmal Xo‘jayevdan tezkor tadbir haqida ko‘rsatma berishini so‘radi. IIB sobiq boshlig‘i barcha ekspertiza xulosalari bilan tanishib chiqqach ko‘rsatma berishini aytdi. IIB boshlig‘i o‘rinbosari Jasur Rasulov ham ekspertiza xulosalari bilan tanishib bo‘lgach ko‘rsatma berishini ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun, sud G.Qosimovaga nisbatan o‘tkazilgan tadbirda IIB xodimlari tasvirga olgan videoyozuv, G.Qosimova tadbir kuni ushlab turilgan IIB binosidagi xona kamera yozuvi hamda G.Qosimovaning telefonidagi videoyozuvlar bo‘yicha ekspertiza tayinlagan va uni o‘tkazishni X.Sulaymonova nomidagi ekspertiza markaziga topshirgan. Akmal Xo‘jayev va Jasur Rasulov ushbu ekspertizalar xulosalarini nazarda tutmoqda.
Akmal Xo‘jayev va Jasur Rasulov sud jarayoni avvalida barcha guvohlar ko‘rsatmasidan so‘ng ko‘rsatma berishini aytgan edi.
Sud 25 noyabrga qadar tanaffus e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, Kun.uz oldinroq Furqat tumanida maktab direktori bo‘lgan Gulira’no Qosimova bilan sodir bo‘lgan holat haqida surishtiruv e’lon qilgandi. Unda Furqat tumani IIB xodimlari ayolni kaltaklab, kiyimlarini yirtib, yalang‘och holda tasvirga olgani haqida gap boradi. Holat Senat qo‘mitasi tomonidan nazoratga olingan. Ombudsman Furqat tumani IIBning 4 nafar mas’ul xodimi jinoiy javobgarlikdan ozod etilganini ma’lum qilib, holatga aloqador bo‘lgan har bir shaxsning qilmishi to‘liq va xolisona o‘rganilishini so‘ragan.
Avvalgi sud majlisida ko‘rsatma bergan Furqat tuman soliq inspeksiyasi sobiq boshlig‘i, ish bo‘yicha jabrlanuvchilardan biri bo‘lgan Qurbonali Abdurahmonov o‘zi bilan bir vaqtda ishlagan tuman IIB boshlig‘i Akmal Xo‘jayev unga militsiya xodimlari kuniga 20 ta televizor olib berasan degan topshiriq berganini, u rad etganidan so‘ng IIB boshlig‘i «IIBga qarshi chiqish qanday bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yish» bilan tahdid qilganini eslagandi.
22 oktyabr kuni o‘tgan sud majlisida esa guvoh tariqasida chaqirilgan IIB xodimlari G‘ayrat Otaqulov va Yusuf Yoqubov sudga kelmagani bois sudlanuvchilar Akmal Xo‘jayev (sobiq IIB boshlig‘i) va Jasur Rasulov (IIB boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari) guvohlar eshitilmay turib ko‘rsatma bermasliklarini aytgandi.
24 oktyabr kuni Furqat tumani IIB mansabdorlari ustidan navbatdagi sud majlisida jabrlanuvchi ayol yechintirilgani aytilayotgan «tezkor tadbir» ishtirokchisi bo‘lmish IIB tezkor xodimi Yusufbek Yoqubov so‘roq qilingan va «davlat siri» degan vaj bilan sudda OAV ishtiroki cheklab qo‘yilgandi.
7 noyabr kungi sud majlisida sudya jabrlanuvchi Gulira’no Qosimovani «ish yuritish tartibini buzgani uchun» sud zalidan chiqarib yuborgan edi.
Shundan so‘ng G.Qosimova ijtimoiy tarmoq orqali videomurojaat yo‘llab, sudya unga nisbatan adolatsizlik qilayotganini, IIB sobiq amaldorlariga yon bosayotganini aytdi. Ushbu bayonot ortida 12 noyabrdan boshlab sud majlisi OAV ishtiroki uchun ochib qo‘yildi.
Mavzuga oid
18:51 / 28.11.2025
Akmal Xo‘jayev va Jasur Rasulov 4 yilga qamaldi
14:43 / 26.11.2025
“Xodimlarim soliqchining uyiga kirishdan avval eshikni taqillatishgan” – sobiq IIB boshlig‘i Akmal Xo‘jayev ko‘rsatmasi tinglandi
23:35 / 09.11.2025
“Sudyadan adolatli bo‘lishni so‘ragandim”: jabrlanuvchi Gulira’no Qosimova sud zalidan chiqarib yuborildi
23:35 / 29.10.2025