O‘zbekiston | 18:54 / 14.02.2022
59723
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda import avtomobillar uchun bojxona boji 2 barobarga qisqartiriladi

Vazirlar Mahkamasiga 3 kun muddatda import avtomobillari uchun bojxona boji stavkalarini 30 foizdan 15 foizga pasaytirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritishga topshiriq berildi.

Foto: Kun.uz

Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda avtomobil sanoatiga bag‘ishlangan topshiriq va vazifalar berildi.

Prezident matbuot kotibi xabar qilishicha, yig‘ilishda oshib borayotgan ichki talabni qondirish maqsadida birinchi yarim yillikda kamida 160 mingta avtomobil ishlab chiqarish lozimligi ta’kidlangan.

Yil yakuniga qadar 275 mingta avtomobil ishlab chiqarish uchun zarur butlovchi qismlarni o‘z vaqtida yetkazib berish bo‘yicha nazorat o‘rnatish topshirilgan.

«Shu bilan birga, aholimiz avtomobil bozorida takliflarni keskin oshirish bo‘yicha amaliy natijalarni hozir kutmoqda», deydi Shavkat Mirziyoyev.

Vazirlar Mahkamasiga uch kun muddatda import avtomobillari uchun bojxona boji stavkalarini 2 barobarga (30 foizdan 15 foizga) pasaytirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritishga topshiriq berilgan.

Soha rahbarlariga 2022 yilda:

  • tannarxni kamida 5 foizga kamaytirish, 100 million dollarlik import o‘rnini bosish;
  • 23 loyiha doirasida 600 turdagi butlovchi qismlarni o‘zlashtirib, mahalliylashtirishni 48 foizdan 56 foizga oshirish;
  • 336 million dollarlik investitsiyalarni o‘zlashtirib, 3 ta loyihani (Tracker, Onix va yangi dvigatellar ishlab chiqarish) ishga tushirish lozimligi ko‘rsatildi.

Ma’lumot uchun, bugungi kunda import avtomobillarga (dvigatel hajmi 3000 sm3 avtomobillar uchun) eng yuqori boj stavkalari o‘rnatilgan:

  • dvigatel hajmi 1000 sm3.gacha bo‘lgan avtolar uchun 30 foiz+ har kub sm uchun 1,80 dollar;
  • dvigatel hajmi 1001-1500 sm3.gacha bo‘lgan avtolar uchun 30 foiz+ har kub sm uchun 2 dollar;
  • dvigatel hajmi 1501-3000 sm3.gacha bo‘lgan avtolar uchun 30 foiz+ har kub sm uchun 2,5 dollar.

Bundan oldinroq O‘zbekistonda avtomobil uchun oldindan to‘lov miqdori 85 foizdan 50 foizgacha pasayishi, shuningdek navbatlar muammosi bartaraf etilishi to‘g‘risida xabar qilingandi.

Mavzuga oid