O‘zbekiston | 10:47 / 07.06.2022
52601
3 daqiqa o‘qiladi

Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarov protsessual tartibda ushlandi

U jinoiy sheriklari bilan 48 mlrd so‘m budjet mablag‘larini talon-toroj qilganlikda ayblanmoqda.

Foto: Kun.uz

6 iyun kuni Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarov o‘ziga nisbatan olib borilayotgan dastlabki tergov harakatlari jarayonida JPKning 221-moddasi tartibida ushlandi. Bu haqda Bosh prokurorning matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Kun.uz'ga ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, Andijon shahar hokimi eski lavozimida (viloyat moliya boshqarmasi boshlig‘i) ishlagan vaqtda sheriklari bilan 48 mlrd so‘m budjet mablag‘larini talon-toroj qilgan. Bosh prokuratura tomonidan olib borilayotgan tergov ishi doirasida 37 nafar shaxsga nisbatan ayblov e’lon qilinib, ularning 32 nafari qamoqqa olingan. Hozircha yetkazilgan zararning atigi 23 foizi qoplangan. Tergovni Bosh prokuraturaning Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi olib borayotgani ma’lum.

Haydarov joriy yil 28 may kuni deputat daxlsizligi huquqidan mahrum qilingandi.

Bahromjon Haydarov avvalroq hokim sifatida ham yer ajratish bilan bog‘liq qonunbuzarliklar oqibatida davlat manfaatlariga 1,7 milliard so‘mdan ortiq zarar keltirgani ma’lum qilingan edi. Bir vaqtning o‘zida deputat hisoblangan hokimni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish bo‘yicha Andijon viloyati prokuraturasi tomonidan 2022 yil 3 fevral kuni Xalq deputatlari viloyat kengashiga kiritilgan taqdimnoma taqdiri yuzasidan jamoatchilikka ma’lumot berilmagan.

Bugunga qadar Andijon shahri hokimining noqonuniy yer ajratgani, fuqarolarni haqorat qilgani va boshqa masalalarda qonunga zid xatti-harakatlari jamoatchilik tomonidan keskin qoralanib kelmoqda.

Ma’lumot uchun, Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasiga ko‘ra (Ushlab turish asoslari) jinoyatni sodir etishda gumon qilingan shaxs quyidagi asoslar mavjud bo‘lganda ushlab turilishi mumkin:

1) shaxs jinoyat ustida yoki bevosita uni sodir etganidan keyin qo‘lga tushsa;

2) jinoyat shohidlari, shu jumladan jabrlanuvchilar uni jinoyat sodir etgan shaxs tariqasida to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatsalar;

3) uning o‘zida yoki kiyimida, yonida yoki uyida sodir etilgan jinoyatning yaqqol izlari topilsa;

4) shaxsni jinoyat sodir etishda gumon qilish uchun asos bo‘ladigan ma’lumotlar mavjud bo‘lib, u qochmoqchi bo‘lsa yoki doimiy yashaydigan joyi yo‘q yoxud shaxsi aniqlanmagan bo‘lsa.

Mazkur kodeksning 226-moddasiga ko‘ra, ushlab turish muddati shaxs amalda ushlangan paytdan (erkin harakatlanishga bo‘lgan huquqlarning haqiqiy cheklangan payti) e’tiboran ko‘pi bilan 48 soatni tashkil etadi.

Mavzuga oid