O‘zbekiston | 17:59 / 14.07.2022
19992
3 daqiqa o‘qiladi

Ertadan 200 ming so‘mlik pul muomalaga chiqadi. Senat banknotni ma’qullaganmi?

Yangi pullar chiqarilishini odatda bir oy oldindan e’lon qiladigan Markaziy bank bu safar yangi pul muomalaga chiqishiga 2 kun qolganda bu haqda xabar berdi. Boz ustiga, yangi pul dizayni bo‘yicha Senatning roziligi olingani yoki yo‘qligi noma’lum. Regulyator bunday yirik kupyurani muomalaga kiritish zarurati bo‘yicha izoh bermayotgani turli mish-mishlarni ko‘paytirmoqda.

Foto: Markaziy bank

O‘zbekiston Markaziy banki 200 000 so‘mlik banknotni 15 iyuldan boshlab muomalaga chiqarilishini ma’lum qildi. Bu xabar monetar regulyatorning rasmiy sahifalarida 13 iyul kuni e’lon qilindi.

“Markaziy bank to‘g‘risida”gi qonunning 40-moddasiga ko‘ra, pul belgilarining namunalari, shuningdek ularning dizayni Markaziy bank tomonidan tasdiqlanadi, biroq Oliy Majlis Senatining Kengashi bilan kelishilishi lozim.

Xuddi shu tartibga rioya etilgan holda, avvalroq yangi ko‘rinishdagi 2 ming va 20 ming so‘mlik kupyuralar Senat tomonidan ma’qullangandi.

Ammo negadir 200 ming so‘mlik kupyura 15 iyuldan muomalaga kirishi haqida Markaziy bank bergan xabarda yangi banknot Senat bilan kelishilganiga oid ma’lumot keltirilmagan.

Shuningdek, Senatning axborot tarqatuvchi rasmiy manbalarida ham bu haqida ma’lumot yo‘q. Kun.uz so‘roviga javoban bunga aniqlik kiritib berishini aytgan Senat axborot xizmati vakili qayta aloqaga chiqmadi.

Yangi pullar muomalaga chiqarilishini odatda bir oy oldindan e’lon qiladigan MB bu safar yangi pullar muomalaga chiqarilishidan 2 kun oldin xabar berdi. Regulyator matbuot xizmati nima sababdan yangi pullarni muomalaga chiqarishga oid qarorga bunchalik tez kelgani haqidagi savolimizni hozircha ochiq qoldirmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda yangi pul uchun yana ko‘k rangga murojaat qilingani tanqid qilinmoqda – o‘tgan yili chiqarilgan yangi 10 ming va 20 ming so‘mliklarda ham shu rang ustuvorlikka ega edi. 200000 raqamidagi nollar vizual ajratilmagani ham noqulayliklarga sabab bo‘ladi.

Markaziy bank bunday yangi kupyuraning paydo bo‘lishi shiddatli inflatsiya kutilayotgani bilan bog‘liqligi haqida odamlar orasida keng tarqalayotgan fikrga ham munosabat bildirmayapti. Vaholanki, MBning so‘nggi so‘rovlari iyun oyida aholining inflatsiya kutilmalari o‘tgan oyga nisbatan pasayganini ko‘rsatmoqda.

Umuman, regulyatorning yangi banknot haqidagi bayonotida bu yangilikka qanday zarurat borligi haqida izoh berilmagan. Bu borada matbuot anjumani tashkil etilishi yoki yo‘qligi haqida ham hozircha ma’lumot yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, shu yil boshida MB raisi Mamarizo Nurmurodov 200 ming so‘mlik banknot 2024 yilga borib muomalaga kiritilishi rejalashtirilganini aytgandi.

Mavzuga oid