San'at Umarovga sud hukmi o‘qildi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudida Kattaqo‘rg‘on shahar IIBning sobiq xodimi San'at Umarov ustidan hukm o‘qildi.
19 oktabr kuni boshlangan sud majlisi mobaynida ayblov xulosasi o‘qib eshittirilgan, sudlanuvchi S.Umarov va jabrlanuvchi N.Toshmatovaning ko‘rsatmalari tinglangan, sud tergovi o‘tkazilib, unda guvohlar so‘roq qilingandi.
Bugun, 21 noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudida sudlanuvchi San'at Umarov (1988 yilda Samarqand viloyatining Samarqand tumanida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma'lumoti – oliy, oilali, muqaddam sudlanmagan, Kattaqo‘rg‘on shahri IIB katta tezkor vakili lavozimida ishlagan) ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e'lon qilindi.
Youtube'da ko‘rish
Mover.uz'da ko‘rish
KUN.UZ muxbiri xabar berishicha, mazkur jinoiy ish jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi raisining o‘rinbosari O‘tkir Mamadaliyev tomonidan ko‘rib chiqildi, sudya hukmni o‘qib eshittirdi.
Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, S.Umarovni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismi, 235-moddasi (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) 2-qismi «a», «z» bandlarida va 241-1 moddasida (jinoyatni hisobga olishdan qasddan yashirish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda (etishda) aybdor deb topdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi sudlanuvchiga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida 3 yil mansabdorlik lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan holda (ya'ni, u ozodlikdan chiqqanidan keyin 3 yil davomida davlat ishida ishlay olmaydi), 6 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi hamda jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tashni belgiladi.
Shuningdek, sud tomonidan sudlanuvchi va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilish tartibi va muddati tushuntirilgan.
KUN.UZ muxbiri aniqlik kiritishicha, jazo muddati 5 iyuldan, ya'ni San'at Umarov hibsga olingan kundan boshlab hisoblanadi.
San'at Umarov 1988 yilda Samarqand tumanida tug‘ilgan, ma'lumoti – oliy, oilali, muqaddam sudlanmagan, Kattaqo‘rg‘on shahri IIB katta tezkor vakili lavozimida ishlagan.
U va IIBning boshqa xodimlari shu yilning 3 iyun kuni Kattaqo‘rg‘on shahar IIB binosida ayol kishini o‘g‘irlikda ayblab haqorat qilgani va yechinishga majburlagani tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketib, katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2018 yil 6 iyuldagi ajrimiga mufoviq, San'at Umarov ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan edi.
Katta rezonans keltirgan voqeadan so‘ng Ichki ishlar vazirligi San'at Umarov ichki ishlar organlari safiga tasodifan kirib qolgan nopok xodim, deya rasmiy bayonot bergandi.
Bu voqea ortidan Samarqand viloyati Ichki ishlar tizimida ishlab kelayotgan bir necha xodimlar, jumladan, Kattaqo‘rg‘on shahar Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Ilyos Abduqahhorov ishdan bo‘shatilgan.
Mavzuga oid
17:48
Jismoniy shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tartibi belgilandi
11:25 / 21.11.2024
2024 yilda 30 mingdan ortiq o‘zbekistonliklar tuhmat va haqorat qilgani uchun sudlandi
22:25 / 12.11.2024
Sud Pop tumani hokimining o‘g‘lini qamoqqa qaytardi
10:16 / 12.11.2024