O‘zbekiston | 23:58 / 11.05.2020
7850
3 daqiqa o‘qiladi

Yoshlar parlamenti a'zolari ikki yil muddatga saylanishi kutilmoqda

Yoshlar parlamenti a'zolari ikki yil muddatga saylanishi, har bir shahar va tumandan bir nafardan vakil parlament a'zosi bo‘lishi kutilmoqda.

Foto: Oliy Majlis

Bu haqda 11 may kuni parlament quyi palatasida o‘tkazilgan Oliy Majlis palatalari huzurida Yoshlar parlamentini tashkil etish yuzasidan ishchi guruh yig‘ilishida so‘z bordi.

Ishchi guruh yig‘ilishida deputatlar, Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya a'zolari, Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti xodimlari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi vakillari qatnashishdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov Yoshlar parlamentining asosiy yo‘nalishlari hamda vazifalari nimalarda namoyon bo‘lishi xususida to‘xtalib, yoshlarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish, qonun ijodkorligi va huquqni qo‘llash amaliyotining dolzarb muammolarini yoshlar ishtirokida muhokama qilish lozimligini ta'kidladi.

Yig‘ilishda yoshlarning parlament faoliyati va qonun ijodkorligining barcha bosqichlaridan xabardorligini oshirish, ushbu jarayonda kechadigan yangi va ustuvor yo‘nalishlarni belgilashda yoshlarning faolligini, ularning siyosiy bilimlarini oshirish va vatanparvarlik ruhini kuchaytirish Yoshlar parlamentini tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad ekani aytib o‘tildi.

Yig‘ilishda taqdim etilgan taqdimotga ko‘ra, Yoshlar parlamentining a'zolari xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlari tomonidan har bir shahar va tumanlardan bir nafardan ikki yil muddatga saylanishi, o‘z logotipi, a'zolarining ko‘krak nishonlari hamda belgilangan shakldagi guvohnomalariga ega bo‘lishi ma'lum qilindi.  

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva 2019 yilning noyabrida 2020 yilda O‘zbekistonda yoshlar parlamenti tuzilishi mumkinligini ma'lum qilgan edi.

“Ilm-ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida 2020 yil 1 iyunga qadar Oliy Majlis palatalari kengashlarining qo‘shma qarori loyihasi ishlab chiqilishi va unda Yoshlar parlamentini tashkil etish va uning tarkibini shakllantirish tartibini belgilanishi aytilgandi.

Mavzuga oid