Jahon | 15:19 / 19.07.2020
36669
4 daqiqa o‘qiladi

Eron yangi bosqichda: 25 million kishi virusdan zararlangan bo‘lishi mumkin

Eronda 30-35 million kishi koronavirusdan zararlanish xavfi ostida turibdi. Bu haqda mamlakat prezidenti Hasan Ruhoniy sog‘liqni saqlash vazirligiga asoslangan holda xabar qildi.

Foto: Reuters

«Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, taxminan 25 million eronlik virusdan zararlangan, 14 mingga yaqin kishi halok bo‘lgan. So‘nggi 150 kunda 200 mingdan ortiq kishi shifoxonalarga yotqizilgan», degan hukumat rahbari Koronavirus bilan kurash bo‘yicha milliy shtab yig‘ilishida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda yana 30-35 million kishi kasallanishi mumkin. Eron aholisining umumiy soni 83 milliondan ortiq.

«Agar 25 million kishi kasallangani faktiga asoslansak, yaqin oylarda yana 30-35 million kishi virus yuqtirib olish xavfi ostida qoladi», deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda IRNA agentligi.

18 iyul holatiga ko‘ra, Eron sog‘liqni saqlash vazirligi rasman 271 mingdan ortiq kishida koronavirusdan zararlanish holatini tasdiqlagan.

Ruhoniyning qo‘shimcha qilishicha, sog‘liqni saqlash vazirligi yaqin bir oy ichida so‘nggi 5 oyda shifoxonaga yotqizilgan bemorlar sonidan ikki barobar ko‘proq bemorlar davolanishga yotqiziladi.

Mamlakat hukumati shu kunlarda Tehronda karantin choralarini tikladi, diniy va madaniy marosimlar o‘tkazilishi taqiqlandi, maktablar va internatlar, kafelar, cho‘milish havzalari va xiyobonlar yopildi.

So‘nggi bir kunda 188 o‘lim holati qayd etilgan va jami o‘lim holatlari soni 13979taga yetgan.

19 iyuldan mamlakat janubi-g‘arbida joylashgan Huziston viloyatining 22 shahri va posyolkalarda uch kunlik qat'iy karantin boshlandi. Epidemiologik vaziyat og‘ir bo‘lgan ushbu hududda o‘tgan haftada namoyishlar bo‘lib o‘tgandi.

Eron sog‘liqni saqlash vazirligi Xuziston, G‘arbiy Ozarboyjon, Sharqiy Ozarboyjon, Eron Kurdistoni, Kirmonshoh, Bushahr, Xuroson-Rizoviy, Ilom va Hurmuzgon viloyatlarini nisbatan og‘ir vaziyatdagi hududlar («qizil») sifatida belgilagan. Shuningdek, Tehron, Isfahon, Mozandaron, Guliston, Hamadon, Alborz, Yazd, Ardabil, Siston, Balujiston va Kirmondagi vaziyat «xavotirli» («sariq») deb baholangan. 

27 iyun kuni Eron hukumati «Men niqob taqaman» nomi ostida kampaniya boshlagan va fuqarolardan koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash doirasidagi karantin qoidalariga qat'iy amal qilish so‘ralgandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, har 33 soniyada Eronning bir fuqarosi Covid-19dan zararlanmoqda, har 10 daqiqada bir eronlik virus qurboniga aylanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Eron fevral oyidayoq Janubiy Osiyo mintaqasida koronavirus o‘chog‘iga aylangandi. Ushbu mamlakatda Covid-19 dan zararlanish bilan bog‘liq ilk holat 19 fevral kuni shialarning muqaddas shahri Qumda aniqlangan. O‘shanda hukumat iqtisodiyotni o‘ylab, shaharlarni yopib qo‘yish taklifini rad etgandi, ammo maktablar va universitetlar faoliyati to‘xtatilgandi, madaniy, diniy va sport tadbirlari bekor qilingandi, keyinroq mamlakatda baribir qat'iy karantin choralari joriy etildi. 20 apreldan savdo markazlari va bozorlar faoliyati tiklandi. 11 apreldan viloyatlarda, 18 apreldan esa poytaxtda korxonalar faoliyatiga ruxsat berildi.

Mavzuga oid