Odamlar hukumat virus tarqalishining haqiqiy masshtabi haqida ma'lumotlarni yashirayotgan bo‘lishidan xavotirda. Vaziyat hozirgidan ham yomonlashishi mumkin, deb o‘ylamoqda eronliklar.

Eron shimolida joylashgan G‘ilondagi kasalxona shifokori Muhammad koronavirus Eronga kirib kelganining ilk kunlaridan boshlab tun-u kun bemorlarning hayoti uchun kurashmoqda. U o‘z oilasini 14 kundan buyon ko‘rgani yo‘q, bu vaqt davomida ko‘plab do‘stlari, hamkasblarini, jumladan, Tibbiyot instituti professori bo‘lgan ustozini ham yo‘qotdi. Ularning barchasi koronavirusdan halok bo‘lishdi.

«Bunday holat faqat bizning kasalxonada sodir bo‘layotgani yo‘q, koronavirus butun mamlakatdagi kasalxonalarni og‘ir ahvolga keltirib qo‘ygan. Ishchilar tushkun kayfiyatda, biz katta bosim ostidamiz, oilalarimiz qattiq xavotirda yashamoqda. Oddiy tibbiyot niqoblari yetishmayapti, har kuni shifokorlar o‘lmoqda. Hozir qancha odam o‘lganini aniq bilmayman, lekin hukumat virus tarqalishining haqiqiy ko‘lamini yashirmoqda. Har holda birinchi kunlarda yolg‘on ma'lumotlar berilgandi», deydi VVS bilan suhbatda Muhammad.

Eronlik shifokorlarda odamlarni davolash uchun vositalar yo‘q / Getty Images

Darvoqe, bu uning haqiqiy ismi emas, o‘zgartirilgan. Shunday qilmasa ham bo‘lmaydi, chunki Eronda hukumatga qaratilgan tanqidlar sabab odamlar qo‘lga olinishi mumkin. Covid-19 Eronning barcha 31 viloyatiga tarqalishi uchun 16 kun yetarli bo‘ldi. 16 mamlakatda ilk virus aniqlangan odamlar aynan Erondan kelgani aytildi. Bular Iroq, Afg‘oniston, Bahrayn, Kuvayt, Ummon, Livan, BAA, Kanada, Pokiston, Gruziya, Estoniya, Yangi Zelandiya, Belarus, Ozarboyjon, Qatar va Armaniston.

Xominaiy koronavirusni «biologik qurol» deb atadi / Getty Images

Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xominaiy ilk marta 19 fevral kuni koronavirus haqida chiqish qilib «dushman Erondagi ahvolni yomon qilib ko‘rsatishga urinayotgani»ni aytdi. Shuningdek, Eron diniy rahnamosi tvitterda koronavirusni «biologik qurol» deb atadi. Eron prezidenti Hasan Ruhoniy 26 fevral kungi chiqishida odamlarni tinchlantirishga uringan va hammaga «bemalol ishga borishi mumkinligini» aytgandi.

  • 23 mart holatiga ko‘ra, Eronda koronavirus yuqtirganlar soni 23 ming kishidan oshdi, 8376 kishi sog‘ayib ketgan. Bu dard fors davlatida 1812 odamning umriga zomin bo‘ldi.