O‘zbekiston | 21:59 / 17.12.2020
29266
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident tashrifi ortidan Xorazm viloyatining to‘rt hududida hokim o‘zgardi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 12-13 dekabr kunlari Xorazm viloyatiga tashrifidan keyin viloyatdagi ikki shahar va ikki tumanda yangi rahbarlar ish boshladi.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berishicha, Xalq deputatlari Xonqa tumani kengashining navbatdan tashqari  sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hududlar moliyasi bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan Muradbek Saparboyevich Davlatov Xonqa tumani hokimi lavozimiga tayinlandi.

Xonqa tumanining yangi hokimi Muradbek Davlatov

U tumanni 2010 yil dekabridan buyon boshqarib kelgan Omonboy G‘oyipovich Jumanazarov o‘rnida ish boshladi. Sobiq hokimning keyingi faoliyati haqida hozircha ma'lumot yo‘q.

Kun davomida Bog‘ot tumani, Urganch va Xiva shaharlariga ham yangi hokimlar tayinlangani ma'lum bo‘lgandi.

Xususan, 2018 yil mayidan buyon Bog‘ot tumanini boshqarib kelgan Oybek Xolboyev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimdan ozod etilib, uning o‘rniga Xorazm viloyati hokimligi Madaniyat va aholi dam olish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Shavkat Quramboyevich Yaxshiboyev tayinlandi.

Bog‘ot tumanining yangi hokimi Shavkat Yaxshiboyev

Oybek Xolboyev esa Urganch shahriga rahbarlik qiladigan bo‘ldi.

Urganch shahrining yangi hokimi Oybek Xolboyev 

Shaharni 2018 yil dekabridan buyon boshqarib kelgan Shuhrat Abdullayevning keyingi faoliyati ma'lum emas.

Xiva shahrida 2018 yil dekabridan buyon hokim bo‘lgan Sobir Jumaniyozov ham ishdan olinib, uning o‘rnini  Xorazm viloyati hokimining turizm va sportni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Temur Ismoilovich Davletov egalladi.

Xiva shahrining yangi hokimi Temur Davletov

Mavzuga oid