O‘zbekiston | 21:57 / 21.04.2021
46619
3 daqiqa o‘qiladi

«404» balosi va o‘chib o‘chmagan post. OAVga bosimlar davom etmoqda

Daryo – LIVE telegram kanal mualliflari kanaldagi post bosim ostida o‘chirib yuborilgani haqida xabarni inkor etishdi. Lekin Kun.uz saytiga davlat idoralaridan, xususan, Davlat xavfsizlik xizmatining axborot xavfsizligi bo‘yicha bo‘limi tomonidan xabarlarni o‘chirish, qaysi mavzularda yozish va qaysi mavzularda yozmaslik bo‘yicha bosimlar, bunday talablar bajarilmagan taqdirda tahririyat vakillariga tahdidlar muntazam davom etmoqda.

Daryo.uz sayti bosh muharriri Muhrim A'zamxo‘jayev Daryo – LIVE telegram kanalidan post davlat idorasi aralashuvi bilan o‘chirilgani haqidagi ma'lumotni rad etib chiqdi va bu haqdagi xabarni uydirma deb atadi. Lekin 21 aprel kuni soat 14:13da kanalda qo‘yilgan post ko‘p o‘tmay o‘chirilgani Telegram Analytics xotirasida saqlanib qolgan.

Nima sabab bo‘lganda ham vaziyatga baho berish ularning huquqi. Kun.uz’dagi ma'lumotga ko‘ra, bu post kanaldan o‘chishiga tashqaridan kelgan qo‘ng‘iroq sabab bo‘lgan.

Komil Allamjonovning ommaviy axborot vositalariga turli idoralardan bo‘ladigan bosimlar haqidagi munosabati bo‘yicha xabar hozirga kelib saytning asosiy kanaliga qo‘yildi, Daryo – LIVE kanaliga ham qaytadan joylashtirildi. E'tiborli jihati, bu ishlar Kun.uz’da chiqqan post ortidan, 15 daqiqa ichida amalga oshirildi.

Yuqoridagi voqeadan qat'i nazar, haqiqat shuki, O‘zbekistondagi saytlardan noqulay xabarlarni o‘chirtirish an'anaga aylangan va Kun.uz bu amaliyotdan eng ko‘p jabr ko‘ruvchi saytdir. Davlat xavfsizlik xizmatining Kun.uz faoliyatiga arzimas masalalar bo‘yicha ham asossiz aralashaverishi kecha yoki bugun bo‘lib qolgan hodisa emas.

Yillar davomida deyarli haftada bir marta bo‘lsa ham qaysidir material bo‘yicha e'tirozlar bildirilib, o‘zgartirish yoki butunlay olib tashlash haqida ko‘rsatmalar bo‘lib keladi.

So‘nggi bir oyda ham bu holat bir necha bor kuzatildi. Davlat rahbari bir necha marta taqiqlagan bo‘lishiga qaramay yakshanba – dam olish kuni Toshkent viloyati hokimligi katta yig‘ilish o‘tkazgani haqidagi xabarni Kun.uz’ga yetkazgan manbani oshkor qilish, Diniy qo‘mita raisi o‘rinbosari Dilshod Eshnayev haqidagi maqolani yoki Toshkent shahridagi xususiy mulkdorlarga tegishli tashqi reklama konstruksiyalari asossiz buzib tashlanayotgani haqidagi maqolani o‘chirish talabi doirasida qilingan bosimlar ham shular jumlasidandir.

Kun.uz tahririyati davlat rahbari olib borayotgan ochiqlik siyosatini to‘la qo‘llab-quvvatlaydi va sayt kontentini yaratishda davlatning xavfsizligi, fuqarolarning tinchligi va yurt taraqqiyotini birinchi o‘ringa qo‘yadi.

Muammo hali ham ochiq va sayt tahririyati bu muammo haqida gapirishda davom etadi.

Mavzuga oid