O‘zbekiston | 09:26 / 05.11.2021
7912
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqand, Farg‘ona va Xorazmda soxta PZR-testlarni sotayotgan shaxslar ushlandi

Foto: IIV Transport va turizm departamenti

Samarqand, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida fuqarolarga soxta PZR-testlar tayyorlab berayotgan shaxslar ushlangan. Bu haqda IIV Transport va turizm obektlarida xavfsizlikni ta'minlash departamenti xabar bermoqda.

2021 yil 22 oktyabr kuni Farg‘ona viloyati IIB Transportda xavfsizlikni ta'minlash boshqarmasiga kelib tushgan ma'lumotga asosan, fuqarolarga davlat chegarasidan o‘tish uchun koronavirus infeksiyasi natijalari haqida qalbaki ma'lumotnoma tayyorlab beruvchi shaxsni fosh etish bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbir davomida, Quva tumanida yashovchi 1987 yilda tug‘ilgan X.M. o‘zi ishlaydigan “OMAD YuRT FAROVONLIGI” nomli aviakassa ichida tezkor tadbirga jalb qilingan maxsus mijozga ekspress PZR-test tahlilining manfiy natijasi haqida qalbaki ma'lumotnomani tayyorlab berish uchun 150 ming so‘m pul olgan vaqtida ushlangan.

Shuningdek, 2021 yil 29 oktyabr kuni Xorazm viloyati Urganch shahridagi “UZ MeD” xususiy klinikasi ish yurituvchisi Urganch tumani, G‘oybu qishlog‘ida yashovchi, 2000 yilda tug‘ilgan Sh.R. tezkor tadbirga jalb qilingan maxsus mijozga ekspress PZR-test tahlilining manfiy natijasi haqida ma'lumotnoma tayyorlab berish uchun 340 ming so‘m olgan vaqtida Xorazm viloyati IIB TXTB xodimlari tomonidan ushlangan.

Bundan tashqari, joriy yil 3 noyabr kuni Samarqand viloyati IIB TXTB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Samarqand viloyatining Samarqand shahrida yashovchi 2001 yilda tug‘ilgan F.M. tadbirga jalb qilingan maxsus mijozga  PZR-test tahlilining manfiy natijasi haqida ma'lumotnoma tayyorlab berish uchun 150 ming so‘m pul olayotgan vaqtida aniqlanib ushlangan.

Qayd etilishicha, yuqoridagi holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid