O‘zbekiston | 10:48 / 16.01.2022
23810
3 daqiqa o‘qiladi

«Munosabat – salbiy» - O‘zbekistonga kirib kelayotganlar ikki joyga pul to‘lashayotganidan norozi

15 yanvardan boshlab O‘zbekistonga kirib kelayotgan aksariyat yo‘lovchilar ham oldindan PZR-test topshirishi, ham kirib kelgach ekspress-testdan o‘tishi talab etiladi. Aeroportlarda ekspress-test narxi 5 dollar deb belgilangan.

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarning asosiy mavzularidan biri — Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan O‘zbekistonga kirib kelishda koronavirusni aniqlash uchun majburiy test olinishi bo‘lmoqda.

Toshkent xalqaro aeroportidagi yo‘lovchilar takroriy test olinishi va uzun navbatlar yuzaga kelganidan norozi bo‘lgani aks etgan videolar xorijiy telegram kanallarda ham aylanmoqda. Videolarda o‘tkazish punktida yuzlab odamlar to‘planib qolishi virus tarqalishi uchun qulay sharoit hosil qilganini ko‘rish mumkin.

Kun.uz muxbiri Toshkent xalqaro aeroportida bo‘lib, yo‘lovchilarning holat bo‘yicha fikrlarini oldi. Yo‘lovchilarning ko‘pchiligi test uchun ikki marta xarajat qilayotgani, poytaxtdagi aeroportdagi sharoitlar talab darajasida emasligi, bu talab tufayli ko‘p vaqt yutqazayotgani bo‘yicha e’tirozlarini bildirishdi.

Quyida ularning ayrimlarining fikrlari keltiriladi:

«Bir tomonda test olish yetarli. Ovoragarchilik bo‘lyapti. Uyoqda tez bo‘ldi, bu yerda aeroport kichiklik qilyapti. Bir reys yo‘lovchilari 10-15 guruhga bo‘lingan...»

«Kelayotganda shart emasdi. Hozir hamma kutib qoldi. Eng oxirgi bo‘lib chiqdim...»

«Menimcha, bir marta yetarli. Qaysi shahardan chiqayotgan bo‘lsa, o‘sha yerda test topshirib, manfiy natija bilan chiqib ketaverish kerak. Bir tomonlama qilsa bo‘ladi...»

«Istanbul orqali kelyapman. Testni Rigada topshirganman, hozirgacha 24 soat o‘tmadi. Lekin bu yerda ham test topshirishga majbur bo‘ldim. Bunga munosabatim salbiy. Kerak emas. Hali 24 soat bo‘lmadi... Ortiqcha xarajat»

«Bu g‘alati. Uyoqda topshirganmiz, bo‘ldi-ku. G‘alati ish qilib qo‘yishibdi»

«Buni oshiqcha to‘lov deb o‘ylayman. Buni bir joyda tashkillashtirish kerak, yoki Turkiyada yoki O‘zbekistonda. Ikki hukumat kelishgan holda qilsa bo‘ladi...»

«Domodedovo» aeroportida 2 ming rublga test topshirib, samolyotga chiquvdim. O‘zbekistonga kelib tushdik hamki, yana 5 dollar to‘lab, qaytadan ekspress-test topshirtirishyapti. Rost, oxirgi pulimni shunga to‘ladim, boshqa pulim yo‘q, taksilar esa pulsiz olmayapti. Umuman, buning hammasi pul uchun bo‘layotganini bilaman. Jin ursin bunaqa qaroqchilikni»

Kun.uz yana bir bor Maxsus komissiya yo‘lovchilarga noqulaylik tug‘dirayotgan qarorini qayta ko‘rib chiqishi va barcha uchun qulay yechim topishiga umid bildiradi.

Kun.uz muxbiri Ilyos Safarov

Mavzuga oid