O‘zbekiston | 17:51 / 23.08.2021
5802
2 daqiqa o‘qiladi

Emlanmagan o‘zbekistonliklar Rossiyaga 5 kunda 2 marotaba topshirilgan manfiy natijali PZR-test bilan kirishi mumkin

Emlanmagan fuqarolar manfiy PZR-test natijasi bilan Rossiya Federatsiyasiga kirishi mumkin. Bu haqda AOKAdagi brifingda SSV huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Sevara Ubaydullayeva ma'lum qildi.

“Bugungi kunda Rossiya Federatsiyasiga kiruvchi O‘zbekiston fuqarolari COVID-19’ga qarshi to‘liq emlangan yoki kasallanib, antitanachalar hosil qilgan bo‘lsa, PZR-test topshirishi shart bo‘lmaydi va ular joriy yil 11 iyunda Rossiyada o‘rnatilgan tartibga ko‘ra, vaksina olganlik sertifikati yoki kasallanib chiqqandan keyingi ma'lumotnoma bilan ushbu davlatga kira oladilar.

Vaksina olmagan yoki kasallanib, antitanachalar hosil qilmagan fuqarolar esa 5 kun davomida 2 marta PZR-test natijasi manfiy chiqqan taqdirdagina Rossiya Federatsiyasiga kiritiladi”, dedi shtab a'zosi.

Bundan tashqari, Rossiyada o‘rnatilgan tartibga ko‘ra, joriy yil 1 sentyabrdan O‘zbekiston fuqarolari “Puteshestvuy bez COVID-19” mobil dasturidan ro‘yxatdan o‘tishlari va ushbu mamlakatga kirishdan 3 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatda topshirilgan PZR-test natijasi oldindan kiritilishi va ushbu mobil dastur orqali bu holat tahlilidan so‘ng mazkur davlatga kirishga ruxsat etilishi yoki yo‘qligi belgilangan edi.

Mavzuga oid