O‘zbekiston | 21:21 / 09.11.2021
9372
3 daqiqa o‘qiladi

Innovatsiya vazirligi negativlarga sabab bo‘lgan chang tahlili bo‘yicha izoh berdi

Bir necha kun Toshkentni qamrab olgan chang tarkibida og‘ir tuzlar, zararli metallar, zaharli pestitsidlar yo‘qligi – bu ilmiy fakt va buni boshqacha talqin qilishdan ma'no va maqsad yo‘q, deb bayonot berdi Innovatsion rivojlanish vazirligi.

Foto: Innovatsiya vazirligi

9 noyabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi axborot xizmati Toshkent shahrida tarqalgan chang bo‘ronidan keyin cho‘kkan chang tarkibi ilmiy o‘rganilgani haqida ma'lumot berdi. Mazkur xabar ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarni keltirib chiqardi va negativ fikrlar bildirilishiga sabab bo‘ldi. Vazirlik mazkur holat yuzasidan rasmiy bayonot bilan chiqdi.

Qayd etilishicha, chindan ham chang tarkibida inson hayotiga to‘g‘ridan to‘g‘ri xavf ko‘rsatuvchi kimyoviy elementlar yo‘q.

“Shuni ma'lum qilamizki, chang tarkibida og‘ir tuzlar, zararli metallar, zaharli pestitsidlar yo‘qligi – bu ilmiy fakt va buni boshqacha talqin qilishdan ma'no va maqsad yo‘q. Mazkur ilmiy natijani inkor etish mumkin emas.

Ilmiy laboratoriyada 4 noyabr kechasidan boshlangan chang bo‘roni tarkibi o‘rganildi va Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan laboratoriya tahlillari natijasiga ko‘ra ma'lumot berildi. Bu chang tarkibining ilmiy tahlili bo‘lib, unda chang eritilganda ishqoriy xususiyatlari namoyon bo‘lgani ham ta'kidlab o‘tilgan.

Chang organizmga u yoki bu darajada ta'sir ko‘rsatishi aniq, lekin yuqori texnologik asbob-uskunalarda o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida chang tarkibida inson hayotiga to‘g‘ridan to‘g‘ri xavf ko‘rsatuvchi kimyoviy elementlar yo‘qligi aniqlangan.

“Tez yordam”ga chaqiruvlar ko‘paygani changning ishqoriyligi, nafas olish yo‘llariga ta'siri bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, bu haqda tibbiyot xodimlari tegishli xulosa berishadi. Innovatsion rivojlanish vazirligi xabarida xromatografiya natijalari ko‘rsatilgan. Va bu tadqiqotda 4 noyabrdan beri mamlakatimizda tarqagan chang tarkibi inson hayotiga o‘ta jiddiy xavf soluvchi omillarga ega emasligi ko‘rsatilgan.

Chang miqdorining ko‘payib ketgani – ikkinchi masala va bu borada kerakli tashkilotlar o‘z prognozlari va maslahatlarini berib o‘tgan”, – deyiladi vazirlik tushuntirishida.

Eslatib o‘tamiz, 4 noyabr kechasida Toshkent havosida chang miqdori belgilangan me'yordagidan 30 barobargacha ortgani xabar qilingandi. Noqulay ob-havo ta'sirida birgina 4 noyabr kunining o‘zida poytaxtda 678 kishi nafas qisishi tufayli “Tez yordam” chaqirgan.

Bugun, 9 noyabr kuni “O‘zgidromet” 1-6 noyabr kunlari Toshkent shahridagi atmosfera havosining sifati to‘g‘risida axborot berdi.

13ta statsionar postda olib borilgan kuzatuvlarda aniqlanishicha, shahar bo‘yicha ushbu davrda sutkalik ruxsat etilgan me'yorlarning azot dioksidi 1,3 marta; chang bo‘yicha 11,4 marta va fenol bo‘yicha 2 marta ortgani qayd etilgan. Boshqa ifloslantiruvchi moddalar sanitar me'yordan oshmagan.

Mavzuga oid