O‘zbekiston | 18:53 / 24.01.2022
30494
7 daqiqa o‘qiladi

5 dollardan pullangan ekspress-test aslida 15 ming so‘m edi

10 kun davomida O‘zbekistonga xorijdan kirib kelgan yo‘lovchilardan majburiy ravishda ekspress-test olindi. Kun.uz dorixonalarda 15 ming so‘mdan sotilayotgan antigen-testlar aeroport va chegaraga borguncha qanday qilib 5 dollarga aylanganiga qiziqdi.

Foto: 123RF

19 yanvar kuni Innovatsion rivojlanish vazirligining “Vaksina.uz” Telegram-kanalida uy sharoitida qo‘llasa bo‘ladigan antigen-test sotuvga chiqqani e’lon qilindi. Bu – VivaDiagTM Pro SARS-CoV-2Ag nomli ekspress-test bo‘lib, uning 1 donasi 15 ming so‘mdan sotilyapti.

“VivaDiagTM Pro SARS-CoV-2Ag ekspress-test insonda SARVS-CoV-2dan nukleokapsid oqsil antigenini tez, sifatli aniqlash uchun mo‘ljallangan. Bu – o‘z-o‘zini tekshirib ko‘rish uchun test. U faqat dastlabki skrining test natijasini beradi. Ushbu test 16 yoshdan 69 yoshgacha bo‘lgan shaxslarda burunda to‘plangan namunalarini tampon bilan uyda tekshirish uchun mo‘ljallangan, 16 yoshdan kichik va 69 yoshdan oshgan odamlardan namuna olish va tekshirish kattalar rahbarligida o‘tkazilishi kerak”, – deyilgan test haqidagi izohda.

Xo‘sh, bu testning O‘zbekistonga kirayotgan yo‘lovchilardan olinayotgan ekspress-testdan qanday farqi bor?

2022 yil 15 yanvargacha yo‘lovchilardan ekspress-test olish vakolati Sanitariya-epidemiologiya xizmatiga yuklatilgani sabab javob olish uchun tashkilot matbuot kotibi Muhammadjon Bozorovga murojaat qildik. Uning aytishicha, bugungi kunda chegara punktlaridagi, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi nazorat-o‘tkazish punktlaridagi koronavirusga olinayotgan testlarning hammasiga bojxonachilar javobgar.

“Xususiy firmalar belgilamaydi, bojxona belgilaydi, o‘zlari narx qo‘ygan, qanaqa ishlatayotganini ham bilmayman. 2022 yil 15 yanvardan bojxona o‘zi olib, o‘zi o‘tkazadigan bo‘lgan. Baholashlari ham shunga qarab. Oldin ayrimlarida “Tibbiyot dunyosi” edi, shuning uchun 15 yanvardan chegara punktlarida xususiy firmalar qolmagan”, – dedi Bozorov.

Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati rahbari Husan Tangriyev O‘zbekistonda barcha chegara o‘tkazish punktlarida koronavirus infeksiyasini aniqlash xizmati faqat Davlat bojxona qo‘mitasining Markaziy bojxona laboratoriyasiga yuklanganini tasdiqladi.

Unga ko‘ra, Maxsus komissiyaning topshirig‘i ijrosidan kelib chiqib, xalqaro aeroportlar, temiryo‘l vokzallari va avtomobil o‘tkazish punktlarida – jami 31 ta chegara-bojxona postlarida koronavirus infeksiyasini aniqlash uchun 240 nafardan ziyod yollanma tibbiy xodim va ma’lumotlarni axborot tizimlarida ro‘yxatdan o‘tkazuvchi 200 nafardan ziyod operator ishga olingan.

“Test olish joylari zaruriy mebel, kompyuter, elektr ta’minoti va boshqa inventarlar bilan jihozlandi. Jarayonga 300 dan ziyod kompyuter va printer jamlanmalari, pasportlarni skanerlash uskunalari, QR-kodlarni chop yetadigan va o‘qiydigan qurilmalar jalb qilindi.

Dastlabki bosqichda 600 ming dona ekspress antigen testlar hozirlab qo‘yildi”, – deyilgan Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati Kun.uz'ga taqdim etgan ma’lumotda.

Husan Tangriyev Kun.uz'ning: “Olib kelingan 600 ming dona ekspress-testning markasi (savdo nomi) nima?” degan savolini javobsiz qoldirdi.

DBQ matbuot kotibiga ko‘ra, yo‘lovchilar uchun qanday test ishlatishni SSV tanlaydi. Sog‘liqni saqlash vazirligi esa Kun.uz'ning bu haqdagi savoli Sanitariya-epidemiologiya xizmatiga taalluqli ekanini bildirdi.

Natija esa, ko‘rib turganingizdek, yopiq aylana. Javobdan qochgan bojxonachilar SSVga, SSV “SES”ga, “SES” esa bojxonachilarga savolni yo‘naltirib yubordi.

Shu o‘rinda, ijtimoiy tarmoqlarda ekspress-test uchun 5 dollar to‘lagan fuqarolarga chek berilmagani haqida ma’lumotlar paydo bo‘lganini qayd etish kerak.

Chegaradagi ekspress-testga qanday hisob-kitoblarga ko‘ra 5 AQSh dollari narx belgilangani ham mavhumligicha qolmoqda. Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati bunga ekspress-test narxiga chegara va aeroport hududlarida tashkillashtirish xarajatlari ham qo‘shilgan, deya izoh berdi.

Bu narxni kim belgilagani haqida ham mutlaqo izoh berilmadi. 10 kun davom etgan “5 dollar qonuni” aynan kimning cho‘ntagini qay tarzda qappaytirgani noma’lum. Ammo ma’lumi shuki, bu mantiqsiz qaror edi. Buni dunyo olimlari ham, o‘zimizning rasmiylar ham tan olishgandi.

Maxsus komissiyaning “zararkunandaligi” qachongacha davom etadi?

Iqtisodchi Otabek Bakirov mavzu yuzasidan fikr bildirib, ko‘plab zararli va korrupsion elementlarga ega qarorlar chiqarayotgan Maxsus komissiya faoliyatini taftish qilish kerak degan fikrni ilgari surdi.

“Maxsus komissiyaning “5 dollar qonuni” 10 kun o‘tib tugatildi. Hozir hamma xursand, go‘yoki hech nima bo‘lmagandek yoki g‘alaba qozonganimizdek. Yo‘q, xursand bo‘lishga va g‘alabani nishonlashga arzimaydi.

Chunki “5 dollar qonuni”ni joriy etganlar va o‘tgan 10 kunda o‘zbekistonliklar va mehmonlarga zararkunandalik ko‘rsatishdan 800 ming dollar pul ishlab olganlar hech qanday mas’uliyatga tortilgani yo‘q. Maxsus komissiya yana istiqbolda bunday zararli qarorlar qabul qilishidan hech bir o‘zbekistonlik sug‘urtalanmagan.

O‘tgan ikki yilda Maxsus komissiyaning savolli, ko‘pincha iqtisodiyot uchun zararli, ba’zida korrupsion elementlarga ega, oqibatlari to‘g‘ri baholanmagan, natijalari insonlar o‘limi va kasallanish darajasi ortishiga olib kelgan o‘nlab qarorlari qabul qilindi. Xlorlik suv bilan yuvilgan ko‘chalar esingizdami? Majburiy dezinfeksiya tunnellari-chi? Rezinka qo‘lqoplar? Ruxsat etilgan ommaviy festivallar va tadbirlar, ularning ortidan virusning yoppasiga tarqalishi yodingizdadir? Umumiy ovqatlanish, transport, yetkazib berish va keytering xizmatlari bo‘yicha irratsional cheklovlar bilan Maxsus komissiya yetkazgan ziyonni birov hisoblab ko‘rdimi?

Maxsus komissiya bunga javob berdimi? Yo‘q.

Dunyoning barcha mamlakatlarida koronavirus bilan bog‘liq dekret, farmoyish va qarorlarni amaldagi hukumatlar qabul qilmoqda. Chunki ular chiqargan har bir qarori uchun saylovchilar va parlament oldida mas’uliyatli va javobgar.

Shunday ekan, Maxsus komissiya, uning barcha vazifalari Hukumatga o‘tkazilgan holda, to‘liq tugatilishi kerak.

Parlamentimiz, agar bunga iroda va kuch topa olsa, Maxsus komissiyaning 2 yillik faoliyatiga baho berishi lozim. Mayli hech kimni jazolamasin, lekin hech qursa siyosiy baho kerak. Qayta bunaqa xato qilinmasligi uchun!” – deya yozadi Otabek Bakirov.

Mavzuga oid