O‘zbekiston | 18:15 / 24.06.2022
21599
6 daqiqa o‘qiladi

“Qo‘yliq bozori buzilmaydi” – shahar hokimligi

Ma’lum bo‘lishicha, yo‘l o‘tkazgich bozor hududining asosiy kirish joyi oldidagi avtoturargoh hududining bir qismi va bir nechta vaqtincha savdo qurilmalarining o‘rnida quriladi. Buziladigan maydon 10 ming metr kvadrat atrofida bo‘lishi aytilmoqda.

Toshkent shahar hokimligi Qo‘yliq bozori joylashgan hudud davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi bilan bog‘liq xabarlarga munosabat bildirdi. Unda qayd etilishicha, qurilish ishlari doirasida Qo‘yliq dehqon bozorining to‘liq hududi davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi ko‘zda tutilmagan, balki asosiy kirish joyi oldidagi avtoturargoh hududining bir qismi va bir nechta vaqtincha savdo qurilmalarining o‘rni qurilish jarayoniga jalb etiladi.

“Bunda, asosiy bino va savdo rastalarining aksariyati o‘z joyida qoladi. Loyihaga ko‘ra, jalb etiladigan hududning umumiy maydoni 10 ming kv metr atrofida bo‘ladi”, deyiladi bayonotda.

2022 yil 24 iyun kuni e’lon qilingan loyiha / Foto: Toshkent shahar hokimligi

Hokimlikka ko‘ra, Qo‘yliq buyum bozori ham to‘liq olib qo‘yilmaydi. Balki bu yerda ham avtoturargoh hududi va bir nechta vaqtincha qurilmalarning o‘rni buziladi hamda ular uchun tovon puli to‘lab beriladi.

“Buyum bozorining ham asosiy paviloni o‘z joyida qoladi. Avtoturargoh hududi bilan birga ishlarga jalb etiladigan umumiy maydon 6,3 ming kv metrni tashkil etadi. Ishlar yakunidan so‘ng, bozorlarning avtoturargohi xavfsizlik talablarini hisobga olgan holda tegishli ruxsatnoma bo‘lsa, ko‘prik va yondosh yo‘llarning tayanch inshootlari ostida joylashtirilishi mumkin.

OAVda keltirilayotgan jadval faqatgina obektlar haqidagi umumiy ma’lumotni aks ettirgan bo‘lib, ular buzilishidan dalolat bermaydi. Ushbu yer maydonlari yo‘l o‘tkazgich, Bektemir yo‘lidan TXAYga va TXAYdan Bektemir yo‘liga (Farg‘ona yo‘lining davomi) tushuvchi yo‘llar qurilishi sababli davlat va jamoat foydasiga jalb etilmoqda”, deyiladi hokimlikning rasmiy munosabatida.

2022 yil 24 iyun kuni e’lon qilingan loyiha / Foto: Toshkent shahar hokimligi

Shahar hokimligi o‘z qarorini “poytaxtdagi yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, kommunikatsiya tarmoqlarini takomillashtirish va tirbandliklarning oldini olish” bilan izohlagan.

Avvalroq Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 22 iyun kuni tegishli qarorni imzolab, Qo‘yliq bozori joylashgan hududni davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yishga ruxsat bergani haqida xabar bergandik. Qarorda mulklar kompensatsiya to‘langanidan keyin olib qo‘yilishi qayd etilgan.

Bozor yaqinidagi ko‘prikka Toshkent halqa avtomobil yo‘lidan kirish va chiqish imkonini beruvchi qo‘shimcha yo‘l o‘tkazgichlar quriladi. Qarordan ma’lum bo‘lishicha, bu taklifni hukumatga shahar hokimligi hamda Transport va Qurilish vazirliklari kiritgan. Hukumat 2021 yil 12 iyuldagi 387-m-sonli maxsus farmoyishi bilan, taklifni ma’qullagan.

Yo‘l o‘tkazgichlar qurish uchun Bektemir tumani Toshkent avtomobil halqa yo‘li bo‘ylab joylashgan quyidagi ko‘chmas mulk obektlari buziladi:

Manzil Mulkdor Haqiqiy yer maydoni, (kv.m.) Hujjat bo‘yicha yer maydoni, (kv.m.)
1 Bektemir tumani, Toshkent avtomobil halqa yo‘li “Triumvirat-Qurilish” MChJ 35144

35000

2 Bektemir tumani, Toshkent avtomobil halqa yo‘li “Qo‘yliq dehqon bozori” OAJ 8729

7100

3 Bektemir tumani, Toshkent avtomobil halqa yo‘li “Qo‘yliq dehqon bozori” OAJ 44254

53000

Mazkur obektlarni buzish qachondan boshlanishi, yo‘l o‘tkazgichlar qachon qurib bitkazilishi, ularni qurish uchun qancha mablag‘ ajratilishi, qurilish uchun qaysi kompaniyalar tanlab olingani ma’lum emas.

Hukumatning bir yil oldingi qarori rasmiy manbalarda, xususan, Milliy qonunchilik bazasida (Lex.uz) e’lon qilinmagan.

Qo‘yliq bozori va unga tutash ulgurji savdo maydoni buzilishi, bu yerdagi tadbirkorlar boshqa manzilga ko‘chirilishi 2021 yil dekabr oyida rezonansni keltirib chiqargandi. O‘shanda Bektemir tumani hududiga qo‘shilgan joyda yangi qurilgan Food City majmuasiga ko‘chishga majburlangan savdogarlar u yerda ijara narxlari haddan tashqari qimmatligi, do‘konlar maydoni juda kichikligidan shikoyat qilgandi. Ularga 1 yanvardan yangi bozorga ko‘chishmasa, hatto jinoiy javobgarlikka tortilishlari haqida ogohlantirish berilgandi.

Bozor buzilishidan norozi bo‘lgan bir guruh sotuvchilar bozor yonidan o‘tuvchi avtomobil yo‘lini to‘sishga urindi, keyinroq ularning 5 nafari ma’muriy qamoqqa olingandi.

Bektemir hokimi Tapil Mahamadziyoyev bozor ko‘chishi sabab Toshkent shahri bo‘yicha oziq-ovqat narxlarida “biroz o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin”ligini tan olib, ko‘chish ishlari bosqichma-bosqich olib borilishini aytgan edi.

Mavzuga oid