Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyada migratsiya xodimi patent so‘rab kelgan o‘zbekistonlik yigitga kuch ishlatdi
Internetda tarqalgan videoda Rossiya migratsiya xizmati xodimi hujjat rasmiylashtirish jarayonida muhojir yigitning ko‘kragiga tirsagi bilan zarba bermoqchi bo‘lgandek qo‘rqitgani va unga nisbatan boshqa qo‘pol harakatlar qilganini ko‘rish mumkin.
Videodan ko‘rinishicha, muhojir yigit noinsoniy harakat qilgan xodimga javob qaytarmagan, patent olish uchun zarur biometrik ma’lumotlarni xotirjam tarzda taqdim etgan.
Videoni e’lon qilgan Mash resursining voqea guvohlariga tayanib yozishicha, bu – xuddi shu migratsiya xodimining chet el fuqarolariga birinchi marta salbiy munosabatda bo‘lishi emas.
O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining ma’lum qilishicha, videodagi hodisa 28 iyunda, Voronej shahridagi migratsiya markazida ro‘y bergan. Voqeani O‘zbekiston fuqarosi M.I. tasvirga olgan va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Voronejdagi vakiliga 1 iyulda taqdim etgan.
Shundan keyin O‘zbekistonning Moskva shahridagi Bosh konsulxonasi bilan hamkorlikda videodagi fuqaro shaxsi aniqlashtirilib, 4 iyulda uchrashuv tashkil etilgan. Uchrashuvda fuqaro A.G‘. 2022 yil 1 iyunda ishlash maqsadida Voronej shahriga borgani, hujjatlarini rasmiylashtirish uchun 28 iyunda Migratsiya markazida barmoq izlari topshirish jarayonida mas’ul xodim tomonidan kuch ishlatilgani va sog‘lig‘idan shikoyati yo‘qligini ma’lum qilgan.
Hodisa batafsil o‘rganilib, qo‘shimcha ma’lumotlar bilan tegishli organlarga nota kiritilgan.
Ma’lumot o‘rnida, kuni kecha – 5 iyulda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov va Rossiya Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin Moskvada uchrashuv o‘tkazdi.
“O‘zbekiston fuqarolari Rossiya Federatsiyasi hududiga mehnat migratsiyasi bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi. 1 mln 800 mingdan ortiq [o‘zbekistonlik] fuqaro Rossiyada ishlayapti, o‘tgan yili ular vataniga 8 mlrd AQSh dollari yuborishdi. Bu ham Rossiya iqtisodiyotiga, ham O‘zbekiston iqtisodiyotiga katta hissa”, – degan Vyacheslav Volodin o‘zbekistonlik hamkasbi bilan uchrashuvda.
O‘tgan yili Tomskda migratsiya xizmati xodimi O‘zbekiston fuqarosini kaltaklagan, keyinchalik unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgandi.
Mavzuga oid
09:35
MAKS aviakosmik ko‘rgazmasi yana bir yilga qoldirildi
16:23 / 11.06.2026
Armaniston hukumati geosiyosiy kursini o‘zgartirish uchun xalqdan mandat oldi - siyosatshunoslar
14:20 / 11.06.2026
Rossiyadan ketgan fuqarolarning mol-mulki xatlanishi mumkin
18:53 / 10.06.2026