Jahon | 14:18 / 09.11.2022
25917
5 daqiqa o‘qiladi

AQShdagi saylovlar natijalari. So‘nggi ma’lumotlar

Respublikachilar Vakillar palatasi uchun kurashda ustun kelmoqda, Senat uchun kurash davom etmoqda. 

Ricky Carioti / The Washington Post / Getty Images

AQShda oraliq saylovlarda ovoz berish jarayoni yakunlandi. 8 noyabr kuni mamlakat aholisi Vakillar palatasini to‘liq yangilash uchun ovoz berishdi, senatorlarning uchdan bir qismi va 50 shtatdan 36 tasida gubernatorlar saylandi. Shuningdek, mintaqaviy va munitsipal darajadagi saylovlar o‘tkazildi. Toshkent vaqti bilan 9 noyabr tongida Alyaska va Havayidagi so‘nggi uchastkalar yopildi. Byulletenlarni hisoblash davom etmoqda. Bu saylovlar natijalari Jo Bayden prezidentligining keyingi ikki yili va AQSh siyosatiga, jumladan, Ukrainani Rossiyaga qarshi urushda qo‘llab-quvvatlash darajasiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi.

Hozirda demokratlar parlamentda 220 o‘ringa egalik qiladi, respublikachilarda 212 o‘rin. Ko‘pchilik o‘rinni tashkil etish uchun partiyalardan birida kamida 218 o‘rin bo‘lishi kerak. Ya’ni respublikachilar palatada nazorat o‘rnatish uchun bu saylovlarda jami oltita qo‘shimcha mandatni qo‘lga kiritishi yetarli edi.

Respublikachilar Vakillar palatasida yetakchilik qilmoqda. OAVdagi dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh Kongressining quyi palatasidagi ko‘pchilik o‘rinni Respublikachilar partiyasi vakillari egallaydi. The New York Times baholariga ko‘ra, ular 435 o‘rindan 193 tasini, demokratlar esa — 166 tasini kafolatlab bo‘lishgan. CNN ma’lumotiga ko‘ra esa, respublikachilar 193, muxoliflari — 170 okrugda g‘olib chiqishmoqda. Fox News xabariga ko‘ra, respublikachilar Vakillar palatasida 195 o‘rin, demokratlar — 166 o‘rinni egallab bo‘lishdi. The Wall Street Journal baholariga ko‘ra, hozircha respublikachilarda 199, demokratlarda 168 o‘rin naqd. NBC prognozi quyidagicha: respublikachilar 218, demokratlar 217 o‘ringa ega bo‘ladi.

Ikki partiya o‘rtasida Senatdagi nazorat uchun kurash davom etmoqda. Avvaliga OAV ikki partiya vakillari ham tengdan ovoz olishini bashorat qilgandi, keyinroq demokratlar oldinga chiqib ketishdi. NBC, The New York Times va CNN nashrlariga ko‘ra, Demokratik partiya senatda (jami 100 o‘rin) 48 o‘ringa, Respublikachilar partiyasi esa — 47 o‘ringa da’vogarlik qilmoqda. Fox News baholariga ko‘ra, partiyalar orasida teng kurash ketmoqda — har biri 48 tadan o‘rinni kafolatlagan.

Shu bilan birga, CNN nashri qayd etishicha, demokratlar ham, respublikachilar ham o‘zlarining senatdagi muhim o‘rinlarini saqlab qolishgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, demokratlar ikki muhim poygada ustun kelishgan — Kolorado (Maykl Bennet) va Nyu-Hempshir (Kris Pappas) — va Arizonadagi kurashda jiddiy farq bilan oldinda borishmoqda. Bu shtatda byulletenlarning yarmi hisoblab chiqilganidan keyin Fox News va CNN demokrat Marka Kellini saylovchilarning 56 foizi, respublikachi Bleyk Mastersni — 41 foizdan ko‘prog‘i qo‘llab-quvvatlayotganini xabar qilgan.

Pensilvaniyada Senat uchun berilgan ovozlarning 90 foizi hisoblab chiqilgach, demokrat Jon Fetterman respublikachi Mexmet Ozni 2,5 foizga ortda qoldirmoqda. Yana bir muhim shtat — Jorjiyada — amaldagi demokrat senator Rafael Uornok o‘z respublikachi raqibidan 1 foizga yaqin farq bilan oldinda bormoqda. O‘z navbatida respublikachilar Florida (Mark Rubio) va Ohayoda (Jyey Di Vens) g‘olib chiqishgan.

Gubernatorlik saylovlarida, CNN kanalining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, respublikachilar 16 shtatda yetakchilik qilmoqda, demokratlar — 11 tasida. Respublikachilar partiyasining asosiy g‘alabalaridan biri Floridada Ron Desantisning saylanishi bo‘ldi. Telekanal xabariga ko‘ra, u odatda demokratlarga ovoz berib keluvchi kelib chiqishiga ko‘ra lotin amerikalik bo‘lgan aholi qo‘llab-quvvatloviga erishgan.

Saylovchilarning aksari ikki yillik prezidentligidan keyin Jo Baydendan norozi. Saylov uchastkalaridan chiqishda o‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra, saylovchilarning 53 foizi AQShning amaldagi prezidenti 2024 yili ikkinchi muddatga saylanishini istamayapti. So‘ralganlarning yarmidan ko‘p qismi Bayden olib borayotgan siyosat mamlakatga zarar keltirmoqda deb hisoblaydi, uchdan bir qismi esa buning aksini aytgan.

O‘z navbatida oraliq saylovlarda saylovchilar qaror qabul qilishiga ta’sir ko‘rsatgan eng muhim omil inflatsiya bo‘ldi. Bu borada ikkinchi o‘rinda — abortlarga taqiq masalasi.

Mavzuga oid