Saylov kampaniyasi davomida keng muhokama qilingan mavzulardan biri Ukrainaga harbiy va moliyaviy yordam masalasi bo‘ldi. Shu bilan birga, Ukrainani qanday hajmda va qachongacha qo‘llab-quvvatlash kerakligi haqidagi bahslar nafaqat demokratlar va respublikachilar, balki har ikki siyosiy partiya ichida ham avj oldi. Agar respublikachilar Kongress ustidan nazoratni qo‘lga kiritsa yoki Rossiya harbiy tajovuzini to‘xtatish bo‘yicha partiyalararo konsensusga erishilsa, yordamning qisqarishini kutishimiz kerakmi, degan savolni o‘rtaga qo‘ymoqda siyosatshunos va One Big Union telegram kanali muallifi Yan Veselov.

2022 yil fevralida Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri Qo‘shma Shtatlar Ukraina hukumatiga 65 milliard dollardan ko‘proq bevosita moliyaviy yordam, qurol-yarog‘, texnika hamda turli harbiy va fuqarolik jihozlarini taqdim etdi. Bu yordam Ukrainaning mudofaa qobiliyatini saqlab qolishda muhim rol o‘ynadi va uning ba’zi elementlari (HIMARS raketa tizimlari va Javelin tankka qarshi tizimlardan tortib, Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimigacha) tashabbus Ukraina qurolli kuchlariga o‘tishi va qarshi hujumni amalga oshirishga yordam berdi.

Biroq, shunga qaramay, qurolli to‘qnashuv davom etar ekan, siyosiy doiralarda va AQSh ommaviy axborot vositalarida ikkita asosiy masalada bahslar boshlanib ketdi.

  • Ukrainani qo‘llab-quvvatlash hajmi va muddati qanday bo‘lishi kerak?
  • Bu qo‘llab-quvvatlashdan maqsad nima – Ukrainaning to‘liq mag‘lubiyatga uchrashining oldini olishmi yoki uning mojaroda g‘alaba qozonishiga hissa qo‘shishmi?

Prezident Jo Bayden 2022 yil yozida AQSh ma’muriyati Ukrainani «qancha kerak bo‘lsa, shuncha vaqt davomida qo‘llab-quvvatlashi»ni aytdi. Oq uy har oyda Ukrainaga harbiy va moliyaviy yordam uchun yuzlab million dollar ajratilishini e’lon qilmoqda. Sentyabr oyida Kongress qiymati 12 milliard dollardan ortiq bo‘lgan yana bir yirik yordam paketini qabul qildi. Hozir kongressmenlar yangi va undan ham kattaroq yordam paketini tayyorlayotgani haqida mish-mishlar bor, bu safar qariyb 50 milliard dollarlik. Bunga Vakillar palatasidagi respublikachilar fraksiyasi rahbari Kevin Makkartining yaqinda qilgan bayonoti sabab bo‘ldi. Agar respublikachilar 8 noyabrda bo‘lib o‘tadigan oraliq Kongress saylovida g‘alaba qozonsa, u palata spikeri sifatida Ukrainaga yordamni cheklashini aytdi:

«Menimcha, odamlar tanazzulga yuz tutmoqda va ular Ukrainaga kart-blansh bermoqchi emas. <…> [Bayden ma’muriyati] mamlakat ichida qilmaydigan ishlar bor. <...> Ukraina muhim, lekin shu bilan birga, bu biz qiladigan yagona ish bo‘lmasligi lozim va bunga kart-blansh berilmasligi kerak».