Donetsk oblastida janglar, shaharlardan evakuatsiya davom etmoqda. Urush suratlari
Ukrainada urushning 370-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- Rossiya dronlar hujumiga uchradi. Tuapseda ikki dron portlashi oqibatida «Rosneft» neft bazasida yong‘in chiqdi. Yana bir kamikadze dron Moskva oblastidagi Kolomne shahri hududida «Gazprom» kompressor stansiyasi atrofida qulab tushgan.
- «Noma’lum obekt» tufayli Peterburg havo kengligi ma’lum muddatga yopib qo‘yildi. Havoga qiruvchi samolyotlar ko‘tarildi, ammo hech qanday shubhali jism aniqlanmadi. RF mudofaa vazirligi bu vaqtda havo hujumidan mudofaa kuchlari mashg‘ulotlari o‘tkazilgani haqida xabar berdi.
- Vladimir Putin Rossiyaning AQSh bilan tuzilgan strategik hujum qurollarini qisqartirish bo‘yicha shartnomadagi ishtirokini to‘xtatuvchi qonunni imzoladi. Bu nimani anglatadi?
- Rossiya telekanallari va radiostansiyalari efirida «havo hujumidan ogohlantiruvchi trevoga» signallari ketdi. FVV OAV serverlariga buzib kirilgani haqida xabar berdi.
- Kiyev, Xarkiv, Lviv, Jitomir, Odessa, Ivano-Frankovskda o‘zini «Ryodan XHK» submadaniyatiga mansub deb hisoblovchi o‘smirlar ishtirokida ommaviy mushtlashuvlarning oldi olindi. Mamlakat hukumati bu rossiyaliklar provokatsiyasi deb hisoblamoqda.
Kun kadri. Chasiv Yardagi ayollar otishmadan keyin deraza o‘rnini yopishmoqda
Chasiv Yar — Donetsk oblastidagi shahar bo‘lib, Ukraina qurolli kuchlari ushbu hudud orqali Baxmutdagi kuchlariga ta’minot yetkazib beradi. 28 fevral kuni «LXR» kuchlari qo‘mondonligi Ukraina qo‘shinlari rahbariyati Chasiv Yarga NATO mamlakatlaridagi poligonlarda tayyorlangan 350 nafarga yaqin askar va 15 nafar zobitini tashlagani haqida xabar berdi. Ukraina qurolli kuchlari Baxmut yo‘nalishiga qo‘shimcha kuchlar yuborayotgani haqida Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar ham xabar bergandi. Bu yo‘nalishdagi strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Chasiv Yar shahri Rossiya tomonidan muntazam ravishda o‘qqa tutilmoqda.
Severskdan evakuatsiya
Chasiv Yar kabi Seversk ham Donetsk oblastidagi harbiy harakatlar ichida qolgan. Seversk Baxmutdan o‘tuvchi yo‘llar kesishmasida joylashgan — biri Limanga, boshqasi Rossiya qo‘shini okkupatsiya qilgan Lisichansk va Severodonetskka boruvchi yo‘llar. RF armiyasi Severskni muntazam ravishda o‘qqa tutadi, buning natijasida shaharda elektr ta’minoti yo‘q, issiq suv uzatish cheklangan. Ukrain harbiylari bu yerdagi aholini imkon qadar tez fursat ichida olib ketishga urinmoqda.
Baxmut uchun janglar
Ukrain harbiylari Baxmutdan «strategik chekinish» amalga oshirishi mumkin — bu haqda 28 fevral kuni Ukraina prezidentining iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Oleksandr Rodnyanskiy CNN uchun intervyusida ma’lum qildi. «Ular [Ukraina qurolli kuchlari] hozircha shaharni tutib turishibdi, ammo agar talab etilsa, ular strategik chekinishlari mumkin, chunki biz barcha odamlarimizni shunchaki qurbon qilib yubora olmaymiz», — deya qayd etgan Rodnyanskiy.
Prezident maslahatchisi Ukraina armiyasi shaharni tashlab chiqqan taqdirda ham Rossiya kuchlari tezlik bilan oldinga siljiy olmasligini qayd etgan. «Shubha qilmang, bizning qarshi hujumimizga uzoq qolmadi», — deya qo‘shimcha qilgan u.
Quyida yetti oydan oshiq vaqt davomida qamal qilinayotgan Baxmut ko‘chalaridagi vaziyat aks etgan suratlar.
Limanda sapyorlar ishi
Liman — yirik temiryo‘l tuguni va Donetsk oblastidagi strategik muhim shahar. RF mudofaa vazirligi 2022 yil 28 may kuni Liman egallangani haqida xabar bergandi, 30 sentabr kuni esa shahar «DXR» tarkibida Rossiyaga qo‘shib olindi. Ammo keyingi kun, 1 oktyabrda Ukraina qurolli kuchlari kuzgi qarshi hujum davomida ushbu shaharni ozod etishdi. 2022 yil 28 fevralida «DXR» rahbari Denis Pushilin Rossiya Limanni «albatta qaytarishi» haqida aytdi. Hozirda shaharda sapyorlar ish olib bormoqda.
Mavzuga oid
13:12
Kursk oblastida yashovchi 46 kishi Ukrainadan qaytib keldi
11:31
AFP: Ukraina Kursk oblastidan qo‘shinlarini olib chiqish niyatida emas
07:54
Ukraina Jahon bankidan deyarli 5 mlrd dollar oladi
20:12 / 22.11.2024