Jahon | 09:09 / 01.03.2023
10679
2 daqiqa o‘qiladi

Putin Rossiyaning SHQShdagi ishtirokini to‘xtatdi

Putin Rossiyaning AQSh bilan tuzilgan strategik hujum qurollarini qisqartirish bo‘yicha shartnomadagi ishtirokini to‘xtatuvchi qonunni imzoladi.

Foto: RIA Novosti

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiyaning Strategik hujum qurollarini qisqartirish bo‘yicha shartnomada (SHQSh) ishtirokini to‘xtatuvchi qonunni imzoladi. 28 fevral, seshanba kuni hujjat huquqiy axborot internet portalida joylashtirildi.

Rossiya «Rossiya Federatsiyasi va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida 2010 yil 8 aprelda Pragada imzolangan Strategik hujum qurollarini yanada qisqartirish va cheklash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi shartnomaning amal qilishini to‘xtatadi», — deyiladi qonun matnida.

Shartnomani yangilash to‘g‘risidagi qaror «Rossiya Federatsiyasi Prezidenti tomonidan qabul qilinadi», deya ta’kidlanadi hujjatda.

Qonun e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Hujjat Davlat Dumasi tomonidan qabul qilingan va 2023 yil 22 fevralda Federatsiya Kengashi tomonidan tasdiqlangan.

Strategik hujum qurollarini yanada qisqartirish va cheklash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi SHQ-III shartnomasi Rossiya va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi yadroviy qurollarni nazorat qilish bo‘yicha oxirgi yirik kelishuv edi. Vashington va Moskva yadro kallaklari sonini 1550 tagacha qisqartirishga va og‘ir bombardimonchi samolyotlar sonini 700 tagacha cheklashga va’da bergan. Hujjat, xususan, AQSh va Rossiyaning o‘zaro qurol nazorati uchun bir-birining harbiy yadroviy obektlarini o‘zaro tekshirishini nazarda tutgan.

Mavzuga oid