Jahon | 21:58 / 26.10.2023
17453
12 daqiqa o‘qiladi

Nega G‘arb Rossiyani texnologik ta’minotdan uzib qo‘ya olmayapti?

Vudro Vilson “dahshatli dori” deb atagan iqtisodiy sanksiyalar qanday paydo bo‘lgan va ularni joriy qilish samarali usulmi?

Foto: Shutterstock

Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, ko‘plab davlatlar va kompaniyalar u bilan iqtisodiy aloqalarni uzdi yoki keskin qisqartirdi, shuningdek, Rossiya iqtisodiyotiga zarba berish uchun sanksiyalar joriy qildi.

Yevropa Ittifoqi, AQSh, Kanada va Buyuk Britaniya Rossiyaga qarshi jiddiy iqtisodiy cheklovlar kiritdi, mamlakatning yuzlab badavlat shaxslari va hukumat amaldorlarini sanksiyalar ro‘yxatiga qo‘shdi hamda Moskvani xalqaro moliya tizimidan sezilarli darajada uzib qo‘ydi.

Lekin bu cheklovlar Moskvani G‘arb bozoridan to‘liq chetlatish imkonini bermadi. Chunki unga hududiy jihatdan yaqin joylashgan, u bilan iqtisodiy jihatdan qattiq bog‘langan ayrim davlatlarda joylashgan tashkilotlar va kompaniyalar Rossiya uchun sanksiyalardan qochish yo‘lagiga aylangani aytiladi.

Xo‘sh, AQSh prezidenti Vudro Vilson tomonidan “dahshatli dori” deb ta’riflangan iqtisodiy sanksiyalar qanday paydo bo‘lgan va nima maqsadda joriy qilinadi?

Iqtisodiy sanksiyalar va ularning paydo bo‘lish tarixi

Iqtisodiy sanksiyalar bu – xavfsizlik yoki tashqi siyosat masalalari bilan bog‘liq ma’lum maqsadlarga erishish uchun savdo va moliyaviy operatsiyalarni cheklash yoki to‘liq to‘xtatishdir. Sanksiyalar ham alohida davlatlar, ham xalqaro tashkilotlar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga, tashkilotlarga yoki davlatlarga nisbatan qo‘llanishi mumkin. Sanksiya joriy qilgan va sanksiyaga uchragan mamlakatlar o‘rtasida iqtisodiy bog‘liqlik qanchalik yuqori bo‘lsa, cheklovlar ham shunchalik samarador bo‘ladi.

Sanksiyalar, asosan, quyidagi maqsadlarga erishish uchun qo‘llanadi:

  • sanksiya qo‘llanayotgan davlatning ma’lum bir sohadagi siyosatini o‘zgartirish, masalan, inson huquqlari, matbuot va so‘z erkinligi, diniy erkinlik tamoyillari buzilganida;
  • sanksiya qo‘llanayotgan davlat rejimini almashtirish orqali uning siyosatini o‘zgartirish;
  • harbiy harakatlarni to‘xtatish (Bangladesh mustaqilligi uchun urush vaqtida AQSh Hindiston va Pokistonga nisbatan sanksiyalar kiritish orqali bunga erisha olgan);
  • mamlakatning harbiy salohiyatini parchalash;
  • sanksiya qo‘llanayotgan davlat siyosatining boshqa muhim yo‘nalishlarini o‘zgartirish.

Boshqa davlatlarga qarshi sanksiya joriy etish yuzlab yillardan buyon mavjud. Tarixdagi dastlabki iqtisodiy sanksiya kiritish holati Qadimgi Yunonistonda qayd etilgan. Eramizdan avvalgi 432 yilda Afina hukmdorlari Megara viloyati savdogarlariga Afina portlari va bozorlariga kirishni taqiqlashgan. Bu qonli Peloponnes urushi boshlanishiga olib kelgan.

Xitoy bilan aloqa qiladigan davlatlar vaqti-vaqti bilan uning iqtisodiyotini izdan chiqarish va ta’sirini kamaytirish maqsadida ipak matodan tayyorlangan libos kiyishni taqiqlashgan.

Buyuk Britaniya bilan kurash olib borayotgan imperator Napoleon Bonapart Fransiya bosib olgan davlatlarga Britaniya mahsulotlarini sotib olishni taqiqlagan. Iqtisodiy qamal 8 yil davom etgan va Britaniya, Niderlandiya hamda Italiya iqtisodiyotiga katta zarar yetkazgan.

Zamonaviy savdo sanksiyalarini qo‘llash strategiyasi ilk bor XVIII asr oxirida Britaniya imperiyasi tomonidan ishlab chiqilgan va amalda foydalanilgan. 1888 yilda Buyuk Britaniya aholisi yer shari aholisining atigi 2 foizini tashkil etar, ammo dunyoda aylanadigan barcha sanoat mahsulotlarining 54 foizi ushbu mamlakat hissasiga to‘g‘ri kelardi. Bu rekord ko‘rsatkich shu kungacha boshqa hech qaysi davlat tomonidan qayd etilmagan. Mazkur omil Birlashgan Qirollikka raqiblariga bosim o‘tkazish imkonini beradi.

Birinchi va Ikkinchi jahon urushlarining sabablaridan biri ham boy va qudratli davlatlar o‘rtasidagi doimiy savdo nizolari bo‘lgan. Masalan, 1914 yilda Buyuk Britaniya va Fransiyaning Germaniyaga qarshi urushga kirishi o‘sha davr siyosatchilari tomonidan “milliy savdo manfaatlarini Germaniya bosqinidan himoya qilish” deya asoslangan.

1920 va 1930 yillardagi jahon iqtisodiy tushkunlik davri ko‘p davlatlarning bojxona tariflarini oshirishiga va importni cheklashiga olib keldi. Bu Ikkinchi jahon urushi boshlanishining sabablaridan biri bo‘ldi. Misol uchun, Yevropa davlatlari bilan savdo nizolari Yaponiyaning urushga qo‘shilishiga olib kelgan.

Ikkinchi jahon urushi boshlanishidan oldin Yugoslaviya, Gretsiya, Boliviya, Paragvay va Italiya jamoaviy iqtisodiy sanksiyalarga duchor bo‘lgan.

Sovuq urush davrida sanksiyalar kutilgan samarani bermagan, chunki bu siyosat G‘arbiy yoki Sharqiy davlatlar bloklari tomonidan bir paytda qo‘llab-quvvatlanmagan. Ikkala blok tomonidan ham qo‘llangan yagona sanksiyalar faqat ikki marta: Rodeziya va Janubiy Afrikaga nisbatan ishlatilgan va ikkala holatda ham ular yetarli darajada natija keltirmagan.

O‘sha davrdagi kollektiv iqtisodiy sanksiyalarning eng mashhur misollaridan biri – sotsialistik mamlakatlarga strategik tovarlar va texnologiyalarni, birinchi navbatda, harbiy texnikalar va kompyuterlarni yetkazib berishni cheklash edi. Xususan, Sharqiy blok mamlakatlariga eksportni nazorat qilish uchun 1949 yilda 17 davlatni o‘z ichiga olgan Muvofiqlashtiruvchi qo‘mita tuziladi.

Uzoq muddatli bir tomonlama sanksiyalarning eng mashhur namunasi AQShning Kubaga nisbatan 1960-1962 yillarda boshlangan va hozirgacha davom etayotgan embargosidir. AQSh kompaniyalariga Kuba bilan har qanday iqtisodiy aloqalarni maxsus ruxsatsiz amalga oshirish taqiqlangan.

Rossiyaga qarshi qo‘llanayotgan sanksiyalar o‘z samarasini beryaptimi?

The Bell nashrining yozishicha, 2023 yilning birinchi yarmida Rossiyaning qo‘shni davlatlardan amalga oshirgan importi 5,2 mlrd dollarga yoki 37 foizga oshgan. Mutaxassislar Rossiya shu yo‘l bilan G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tayotganini va kiritilgan cheklovlar kutilgan natijani bermayotganini taxmin qilmoqda.

E’tiborlisi, Rossiya importining o‘sishi Yevropa Ittifoqi mamlakatlari mintaqaga tovarlar yetkazib berishni ko‘paytirgan bir vaqtda yuz bergan. 2022 yilda Yevropa Ittifoqidan Rossiyaga qo‘shni davlatlarga umumiy eksport hajmi 24 foizga oshib, 130 mlrd dollarni tashkil etgan. 2023 yilning olti oyi davomida bu ko‘rsatkich 75,8 mlrd dollar bo‘lgan, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 22 foizga ko‘p.

O‘z navbatida, Markaziy Osiyo davlatlari, shuningdek, Ozarboyjon, Armaniston, Gruziya va Turkiyadan Rossiyaga eksport 2021 yildagi 17,4 milliard dollardan 2022 yilda 25,8 mlrd dollarga (o‘sish 33 foiz) oshgan.

Rossiyaga qo‘shni davlatlar 2022 yilda Yevropa Ittifoqidan ma’lum bir turdagi tovarlar importini sezilarli darajada oshirgan. Ular orasida telekommunikatsiya uskunalari, mikroelektronika, elektr jihozlari, transport uskunalari, kompyuterlar, serverlar, qattiq disklar va smartfonlar bor. Xuddi shu mahsulotlar G‘arb davlatlari tomonidan Rossiyaga to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazib berilishi taqiqlangan.

Yevrostat ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili Yevropa Ittifoqidan O‘zbekistonga mikroelektronika eksporti 248 foizga, transport uskunalari 276 foizga, ma’lumotlarni qayta ishlash uskunalari 68 foizga, telekommunikatsiya uskunalari 66 foizga, elektr jihozlari 39 foizga ko‘paygan.

Yuqoridagi raqamlar shuni ko‘rsatmoqdaki, rasmiy Moskva ayrim turdagi strategik tovarlar taqchilligini yumshatish uchun turli parallel import sxemalaridan foydalanib kelayotgan bo‘lishi mumkin.

Ikkilamchi sanksiyalarning xavf qamrovi ortib bormoqda

Sanksiyaga uchragan mahsulotlarni Rossiyaga olib o‘tishda tranzit bo‘layotgan “shubhali” davlatlar qatorida Markaziy Osiyo mamlakatlari ham tilga olinmoqda. Shu jihatdan, Yevroittifoq va AQSh mintaqa davlatlariga sanksiya kiritmoqchiligi haqidagi xabarlar bir necha marta ijtimoiy tarmoqlarda ham sizdirildi. Xususan, xalqaro jurnalistlarning Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiya haqida xabar berish loyihasi (OCCRP) Qozog‘iston orqali yetkazib berish zanjirlarining bir nechtasini kuzatishib, ular ruslar tomonidan tuzilgan yangi kompaniyalar orqali o‘tayotganini aniqlashgandi. Bu borada qo‘shni respublikadada faoliyat olib boradigan banklar parallel import orqali yetkazib beriladigan protsessorlar, mikrosxemalar va boshqa elektronika uchun Rossiya kompaniyalaridan to‘lovlarni ham bloklagandi.

Kollektiv g‘arb sanksiyalarni chetlab o‘tishda Rossiyaga yordam berayotgan yo‘llarni yopishga jiddiy kirishdi. O‘tgan yili sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakil tayinlangan edi. Yevroittifoqda allaqachon e’lon qilingan ikkilamchi sanksiyalar mavjud va ularni chetlab o‘tishda Rossiyaga yordam berayotgan kompaniyalar jazolanadi. Shunday ekan, bu Rossiyaning qo‘shnilari, xususan, O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi uchun ham jiddiy tahdiddir. YeI Rossiyaga qarshi navbatdagi sanksiyalar paketini tayyorlamoqda. Yangi jazolar paketining muhim qismi ularni chetlab o‘tishning oldini olish mexanizmi bo‘ladi, deyilgan rasmiy Bryussel tomonidan berilgan izohda.

O‘tgan davr mobaynida O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan bir qancha tashkilotlar ham allaqachon sanksiyalarga uchradi. Dastlab, o‘tgan yilning iyun oyida AQSh Davlat departamenti tomonidan Promcomplektlogistic korxonasiga cheklovlar joriy qilingan bo‘lsa, keyinchalik Alfa Beta Creative va GFK Logistic Asia kompaniyalari ham G‘arbning qora ro‘yxatiga tushdi. Ular sanksiyalarni chetlab o‘tgan holda Rossiya mudofaa sanoati ehtiyojlari uchun mahsulot sotib olishga uringanlikda ayblangan.

Shuningdek, AQSh milliarder Alisher Usmonovning qarindoshlari va kompaniyalariga sanksiya qo‘llashi fonida O‘zbekistonning “Ohangaronsement” zavodi ham cheklovlarga tushgandi.

Agar kompaniya ikkilamchi sanksiyaga tushsa, xalqaro tranzaksiyalarni amalga oshira olmaydi, AQSh yoki YeI valutasidan foydalana olmaydi va asosan mamlakat ichida faoliyat olib borishga majbur bo‘ladi. Shu jihatdan, O‘zbekistondagi qancha ko‘p kompaniya sanksiyaga uchrasa, dunyodan uzilib qolish ko‘lami shunchalik ko‘payadi.

Shuningdek, yirik texnologik kompaniya – NVIDIA ham bir qancha possovet mamlakatlari qatorida O‘zbekistonga ham ba’zi maxsulotlarini yetkazib berishni to‘xtatmoqda. Jumladan, A100, A800, H100, H800, L40 va L40S grafik kartalarini, shuningdek Geforce RTX 4090 videokartalari yetkazib berilmasligi ko‘zda tutilgan. Maqsad – mazkur davlatlar orqali texnologik mahsulotlar Rossiyaga yetib borishining oldini olish.

G‘arb sanksiyalarining ishlash tabiati

G‘arb sanksiyalarining ishlash mexanizmi uzoq muddatli davrga mo‘ljallangan. Jumladan, SSSRga qarshi sanksiyalar ko‘zda tutilgan Jyekson-Venik tuzatishi 1974 yilda kiritilgan bo‘lib, sovet ittifoqi yo‘q bo‘lib ketganiga qaramay bir vaqtlar uning tarkibida bo‘lgan O‘zbekiston hamon bu ro‘yxatdan chiqarilmagan. Bu shuni anglatadiki, AQSh yoki boshqa G‘arb davlatlarining sanksiyalariga uchragan kompaniya uzoq yillar davomida undan chiqib keta olmasligini anglatadi.

Sanksiyalar kiritish – murakkab jarayon, ularni bekor qilish esa undan-da murakkab. Shu jihatdan, sanksiyalar joriy etilishiga sabab bo‘lgan omillar bir kunda yo‘qolib ketsa ham, sanksiyalar bir kunda bekor bo‘lmaydi. Ular uzoq yillar davomida savdo munosabatlarining cheklanishiga ta’sir ko‘rsatishda davom etadi.

Doston Ahrorov

Mavzuga oid