20 mayning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqealar va hodisalar
Eron xalqiga ta’ziyanoma, Farg‘ona va Samarqandda do‘pposlangan maktab o‘quvchilari va Angrenda qulagan vagonlar - O‘zbekistonda 20 may kuni yuz bergan muhim va shov-shuvli voqea-hodisalar hamda yangiliklar sharhi bilan tanishtiramiz.
Eron xalqiga ta’ziyanoma
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Eron shimolida yuz bergan fojia oqibatida Eron Islom Respublikasi prezidenti Ibrohim Raisiy va unga hamrohlik qilgan shaxslarning vafot etgani munosabati bilan ushbu mamlakat oliy diniy rahbari oyatulloh Ali Xominaiyga hamdardlik bildirdi.
Yo‘llangan ta’ziyanomada O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi keng qamrovli hamkorlikni, o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan Ibrohim Raisiyning yorqin xotirasi xalqlar qalblarida doimiy saqlanib qolishi ta’kidlangan.
Davlat rahbari do‘st Eron xalqiga, marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etgan.
Namangandagi gullar festivali
Namanganda an’anaviy 63-xalqaro gullar festivali avtomobillar paradi bilan boshlandi.
Namangan xalqaro aeroportidan to Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘igacha bo‘lgan 10 kilometrdan ortiq masofani gullar bilan bezatilgan turli rusumdagi 200 dan ortiq avtomobillar bosib o‘tdi.
Joriy yil 23 iyunga qadar davom etadigan festivalga 6 milliondan ortiq mehmonlar, jumladan, 200 mingdan ortiq xorijiy sayyohlar buyurishi kutilmoqda.
Angrenda vagonlar quladi
Ijtimoiy tarmoqlarda 7 ta yuk vagoni relsdan chiqib ketib qulab yotgani haqidagi video tarqaldi.
«O‘zbekiston temiryo‘llari» holat yuzasidan izoh berdi. Unga ko‘ra, voqea 2024 yil 18 may kuni «O‘zbekiston temiryo‘llari» AJga emas, balki «Chirchiq savdo baraka» MChJga tegishli bo‘lgan shoxobcha temiryo‘lida sodir bo‘lgan. BN Grain and oil group MChJ xodimlari vagonlardan yuk tushirish vaqtida temiryo‘l qurilmasi «lebyodka» ishlash texnologiyasiga rioya qilmagan.
Mazkur yuk vagonlarini tushirish vaqtida zarur xavfsizlik texnikasiga rioya qilmasdan tashkilot xodimlari lebyodka yordamida vagonlarni tortib olishga uringan, qurilmadan tros uzilib, vagonlar harakatlana boshlagan.
Vaziyat davomida BN Grain and oil group MChJ xodimlari vagonlar harakatini to‘xtatishga urinib ko‘rgan va natijada ikkita vagon g‘ildiraklaridan butunlay chiqib ketgan, yana beshta vagon yon tomonga ag‘darilib ketgan.
Xorijga mehnat shartnomalari
O‘zbekiston elchisi Nodir Turg‘unov Saudiya Arabistonining Kdot Partners kompaniyasi ijrochi direktori Faysal al-Dovud bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Faysal al-Dovud ikki davlat o‘rtasida aloqalar barcha jabhalarda rivojlanib borayotganini, saudiyalik ishbilarmon doira vakillarining O‘zbekistonga investitsiya kiritishga qiziqishi ortganini ta’kidladi. Unga ko‘ra, kompaniya O‘zbekistondan xizmat ko‘rsatish sohasi vakillari, texniklar va hamshiralarni ishga jalb etishga e’tibor qaratmoqda.
«Ushbu soha mutaxassislariga Saudiya Arabistonida talab juda yuqori. Shuni inobatga olib biz o‘zbek tomoni bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishdan manfaatdormiz», degan u.
Rossiyaning Stavropol o‘lkasidagi qishloq xo‘jaligi faoliyati bilan shug‘ullanadigan «Nejinskoye» aksiyadorlik jamiyati rahbari Yevgeniy Kolomitsev bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Kolomitsevga ko‘ra, tashkilotning issiqxonalarida bodring va pomidor mahsulotlari yetishtiriladi. U korxona faoliyati, xorijiy ishchilar uchun yaratib berilgan shart-sharoitlar, oylik maoshlari to‘g‘risida ma’lumot berdi. Korxonaning ishlab chiqarish hajmi oshayotganligi sababli 50 nafar O‘zbekiston fuqarolarini ishga jalb qilish imkoniyati mavjudligini bildirdi.
Maktablardagi zo‘ravonliklar
Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanidagi xorijiy tillarga ixtisoslashgan maktabi direktori dars vaqtida 7-sinf o‘quvchisidan boshidagi «vandamka»ni yechishni talab qilib, rad javobi olgach uni do‘pposlagan. Holat Farg‘ona viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan o‘rganilayotgani ma’lum qilindi.
Samarqandda o‘quvchi sevgi izhor qilgani sabab «samosud» qilindi
Samarqand viloyatining Past Darg‘om tumanidagi 6-sinf o‘quvchisiga sevgi izhor qilgan 20-maktabning 9-sinf o‘quvchisi bo‘lgan yigitcha qizaloqning akasi tomonidan «samosud» qilingan.
Aka 15 may kuni bolani o‘z uyining ichiga olib kirib, unga tan jarohati yetkazgan. Shuningdek, erkak go‘yoki bolaning ta’zirini berish maqsadida bolaning sochini qaychi bilan olgan va qoshini kuydirib, uyidan chiqarib yuborgan. Holat yuzasidan qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Kun.uz — 2023 yilning eng yaxshi brendi
Kun.uz internet nashri «MAKON» marketing forumida ommaviy axborot vositalari orasida «Yil brendi» nominatsiyasiga munosib deb topildi.
Yil brendi bu – O‘zbekiston xalqi va turli sohalarning yetakchi mutaxassislari fikriga ko‘ra, tovarlar va xizmatlarning eng ommabop toifalari bo‘yicha O‘zbekistonning eng yaxshi brendlariga beriladigan mukofotdir. Unda O‘zbekistondagi yetakchi ishlab chiqaruvchilar, xizmat ko‘rsatuvchilar va ommaviy axborot vositalari orasidan yetakchi brendlar aniqlanadi.
Forumning «OAV va reklama. Internet nashrlari» yo‘nalishida Kun.uz internet nashri iste’molchilar bergan ovozlar hisobida eng yuqori natijani qayd etdi va «Yil brendi-2023» mukofotini qo‘lga kiritdi.
Ob-havo ma’lumoti
O‘zbekistonda yangi hafta o‘rtasidan yana yomg‘irli ob-havo kutilmoqda. Yurtimiz bo‘ylab chorshanbagacha quruq ob-havo kuzatiladi, harorat +24...+29 darajagacha ko‘tariladi.
23–24 mayda Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi. Respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi.
Ushbu kunlarda harorat ko‘tariladi va haftaning o‘rtasiga kelib +24...+29 daraja, janubda +30...+32 darajaga yetadi.
22−23 may kunlari cho‘l hududlarda, 24 mayda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 13−18 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.
Tog‘oldi va tog‘li hududlarda 20−24 may kunlar vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi saqlanib turadi.
Mavzuga oid
21:41 / 22.11.2024
22 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:40 / 21.11.2024
20 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
19:49 / 20.11.2024
20 noyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:05 / 19.11.2024