O‘zbekiston | 20:43 / 23.07.2024
7137
7 daqiqa o‘qiladi

23 iyulning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalar

Viloyatliklarni haqoratlagani uchun 10 sutkaga qamalgan qiz, ashaddiy qoidabuzarlarga qarshi murosasiz kurashish va’dasi, oshishda davom etayotgan gaz importi va eksporti. So‘nggi bir kunda Kun.uz'da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Viloyatliklarni haqoratlagani uchun 10 sutkaga qamalgan qiz, ashaddiy qoidabuzarlarga qarshi murosasiz kurashish va’dasi, oshishda davom etayotgan gaz importi va eksporti. So‘nggi bir kunda Kun.uz'da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Viloyatliklarni haqoratlagan qiz

Viloyatliklarni haqorat qilgan yana bir qiz 10 sutkaga qamaldi. Kun.uz Oliy sud matbuot xizmatidan olgan ma’lumotga ko‘ra, 2004 yilda tug‘ilgan, Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida yashovchi S.R. 20 iyul kuni Instagram'dagi sahifasida viloyatliklarni haqorat qilgan. U to‘g‘ridan to‘g‘ri efir vaqtida behayo so‘zlar bilan viloyatlarda yashovchi aholining sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitgan.

Bundan tashqari, S.R. holatni tekshirish uchun kelgan profilaktika inspektori bilan ham janjallashib, mayda bezorilik ham qilgan.

20 yoshli qiz sudda viloyatliklarga nisbatan haqoratli so‘zlarni salbiy fikr bildirgan kuzatuvchilariga javob tariqasida aytib yuborganini ta’kidlab, hammadan uzr so‘radi. Chirchiq shahar sudi unga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinladi.

Chek so‘rab, tarsaki yegan bola

Yana bir ma’muriy qamoq jazosi Guliston shahrida do‘kon sotuvchisiga nisbatan qo‘llandi. U QR-kodli chek so‘ragan bolaga tarsaki tushirgani uchun 15 sutkaga qamaldi. Bu holatdagi jabrlanuvchi – Shahboz ismli sirdaryolik bola bilan esa Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyevning shaxsan o‘zi uchrashib, do‘kon sotuvchisidan chek talab qilgani uchun unga va ota-onasiga minnatdorlik bildirdi.

“Chek talab qilish – mayda-chuyda narsa emas. Sen bitta chek so‘raganing orqasidan, Sirdaryodagi bog‘cha, maktab, yo‘llar, budjet bor, katta bo‘lganingda tushunasan, buning ortida ko‘p narsa turadi. Shuning uchun senga minnatdorchilik bildiraman”, – degan Soliq qo‘mitasi raisi.

Ashaddiy qoidabuzarlarga qarshi murosasiz kurash va’dasi

Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining yangi tayinlangan boshlig‘i Sherzod Ibragimov aholiga murojaat bilan chiqdi. U o‘z murojaatida yo‘llarda eng avvalo piyodalar, jamoat transportlari va velosipedlarga ustuvorlik berilishini aytdi. Shuningdek, polkovnik Ibragimov ashaddiy qoidabuzar haydovchilarga qarshi murosasiz kurashishga va’da berdi.

“Haydovchilar va piyodalarda yo‘l harakati qoidalarini hurmat qilish va ularga so‘zsiz rioya etish madaniyatini yuksaltirish, aholida ularni buzmaslik immunitetini shakllantirish, avariyalarning asl omillarini ilmiy jihatdan o‘rganish va kompleks bartaraf etish, ta’lim muassasalari oldi, hodisalar o‘choqlari va piyodalar o‘tish joylarida ishonchli, xavfsiz tizimni yaratish, shuningdek, ashaddiy huquqbuzarlarga qarshi murosasiz kurashish – bizning dolzarb vazifamizga aylanadi”, – dedi YHXXning yangi boshlig‘i.

Gaz eksporti va importi ko‘paymoqda

O‘zbekiston o‘tgan oyda gaz eksportini keskin ko‘paytirgan. Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, birgina iyun oyida xorijga 181,5 mln dollarlik gaz sotilgan. Bu may oyiga nisbatan 24 barobarga ko‘p. Shu bilan birga, joriy yilning birinchi yarmidagi gaz eksportini o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda, o‘sish 8 foizni tashkil etgan.

Chetdan gaz sotib olish hajmi ham keskin ko‘payib boryapti. Yilning birinchi yarmida O‘zbekiston 809 mln dollarlik gaz import qilgan va bu 2023 yilning mos davri bilan solishtirganda 5 baravarga ko‘p. Shuningdek, joriy yil yanvar–iyun oylarida elektr energiyasi eksporti 43 foizga, neft va neft mahsulotlari eksporti esa 2,5 barobarga o‘sgani e’tiborga molik.

Dok-1 Maks”: Hindiston nega jim?

O‘zbekistonda ko‘plab bolalarning o‘limiga sabab bo‘lgan “Dok-1 Maks” siropining ishlab chiqaruvchisiga nisbatan Hindistonda ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, bir qancha shaxslar tergovga tortilgan. Lekin oradan bir yarim yil o‘tganiga qaramay, Hindistondagi na tergov va na sud jarayoni haqida hech qanaqa ma’lumot yo‘q. Kun.uz muxbiri bu borada ma’lumot olish uchun o‘tgan oyda Hindistonning O‘zbekistondagi elchixonasida bo‘lib, elchining siyosiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Arif Said bilan suhbatlashgan edi.

Arif Said iyul oyi oxirida Hindistondan O‘zbekistonga delegatsiya kelib, to‘liq ma’lumot berilishini aytgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, haqiqatan ham Hindiston farmatsevtika mahsulotlari eksportini qo‘llab-quvvatlash kengashi delegatsiyasi yaqin kunlarda Toshkentga kelishi kutilmoqda. Hind rasmiylari 29-30 iyul kunlari Hyatt Regency mehmonxonasida biznes uchrashuvlar o‘tkazadi, lekin Hindiston elchixonasi va’da bergan ochiq matbuot anjumani va jurnalistlar savollariga javob berish masalasi kun tartibida yo‘q. Shu tariqa, zaharli siropni ishlab chiqarib sotganlarga nisbatan qanaqa chora ko‘rilgani noma’lumligicha qolmoqda.

O‘zbek qizi – nemischada chempion

Nemis tili bo‘yicha Butunjahon olimpiadasida o‘zbekistonlik qiz g‘olib bo‘ldi. 16 yoshli Rayyona Ibrohimova 15-22 iyul kunlari Germaniyada bo‘lib o‘tgan bellashuvlarda oltin medalni qo‘lga kiritdi. Nemis tili olimpiadasida 62 ta davlatdan kelgan yuzdan ortiq o‘quvchi ishtirok etgan.

Gyote institutidan ma’lum qilishlaricha, 16 yoshli Rayyona Germaniyadagi universitetlardan birida nemisshunoslik yo‘nalishida tahsil olish va kelajakda tarjimonlik bilan shug‘ullanishni rejalashtirgan. U xalqaro tanlovning final bosqichiga chiqish uchun avvalo O‘zbekistonda o‘tkazilgan ichki tanlovda g‘olib bo‘lgan. Ma’lumot uchun, Butunjahon nemis tili olimpiadasi har ikki yilda bir marta Germaniya shaharlaridan birida o‘tkaziladi.

Mavzuga oid