O‘zbekiston | 12:11 / 22.10.2024
2790
5 daqiqa o‘qiladi

Namangandagi YTHda ikki kishi halok bo‘ldi

Viloyat IIB YHXB rahbarlari ishtirokida YTH sodir bo‘lgan mahallada muhokama yig‘ilishi o‘tkazilgan. Biroq viloyat IIB YHXB axborot xizmatidan hodisa haqida ma’lumot olishning iloji bo‘lmadi.

Namangan viloyati Pop tumanida odamlar o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Xabarda aytilishicha, Namangan viloyati IIB JXX YHXB hamda Pop tumani IIB rahbarlari tomonidan tumandagi Navro‘z mahallasida sodir etilgan YTH mahalla mas’ullari va keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilingan.

Muhokama yig‘ilishida Navro‘z mahallasida yuzaga kelgan ayanchli YTH ikki insonning o‘limiga sabab bo‘lgani to‘g‘risida ma’lumotlar berilgan.

Ushbu hodisaga yetaklagan omillar muhokama qilinib, barchani hushyorlikka chaqirish uchun og‘ir oqibatli avtohalokatlar to‘g‘risida tayyorlangan maxsus film yig‘ilganlarga namoyish etilgan.

Ushbu YTH haqida ma’lumot olish uchun viloyat IIB YHXB axborot xizmatiga qilgan murojaatimiz javobsiz qoldi.

Ma’lumot uchun, 2024 yil 5 oktyabr kunidan boshlab IIV YHXBB tomonidan respublika hududi bo‘ylab "Barcha yo‘l-transport hodisalari, ayniqsa piyodalar bilan bog‘liq avariyalarning oldini olish profilaktikasi" oyligi o‘tkazilmoqda.

OAV va ijtimoiy tarmoqlarda YHXB xodimlarining oylik doirasida jonbozlik bilan ishlayotgani tinimsiz aytilayotgan va ko‘rsatilayotgan bo‘lsa-da, biroq 5 oktyabrdan buyon YTH yoki qoidabuzarliklar kamaygani sezilmayapti va odamlarning qurbon bo‘lishi davom etyapti.

Masalan:

5 oktyabr. Samarqand viloyatida Damas mashinasi yo‘lning belgilanmagan joyidan yugurib chiqqan ayolni urib yuborgan. Oqibatda, og‘ir tan jarohatlari olgan ayol shifoxonada vafot etgan.

7 oktyabr. Olmaliqda Nexia mashinasi piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan 50 yoshli fuqaroni urib yuborgan. Oqibatda piyoda voqea joyida halok bo‘lgan.

7 oktyabr. Qashqadaryo viloyatida qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan Mercedes-Benz mashinasi o‘z yo‘lidan kelayotgan Labo bilan to‘qnashgan. Oqibatda, Labo ichida bo‘lgan ikki kishi halok bo‘lgan.

10 oktyabr. Samarqand shahrida Range Rover o‘zi bilan bir yo‘nalishda ketayotgan Lacetti’ning orqa tomonidan, so‘ng yo‘l chetida to‘xtab turgan Damas’ga kelib urilgan. Oqibatda, Lacetti haydovchisi og‘ir tan jarohatlari olib, shifoxonada vafot etgan.

10 oktyabr. Toshkentda Spark va Matiz mashinalari o‘zaro to‘qnashgan. Oqibatda, Spark haydovchisi voqea joyida halok bo‘lgan. Yana uch kishi shifoxonaga yotqizilgan.

11 oktyabr. Toyota Prado mashinasi yo‘lning belgilanmagan joyidan qatnov qismiga yugurib chiqqan piyodani urib yuborgan. Oqibatda, 27 yoshli piyoda og‘ir tan jarohatlari olib voqea joyida halok bo‘lgan.

13 oktyabr. Andijon viloyatida Spark haydovchisi charchoq holatida uxlab qolgan va yo‘lning qarama-qarshi tomonida o‘z yo‘lidan kelayotgan Damas'ga urilgan. Oqibatda, yong‘in sodir bo‘lib, har ikki mashina butunlay yonib ketgan. Dastlab mazkur hodisada ikki kishi halok bo‘lgani aytilgandi. Keyinchalik hodisada to‘rt kishi o‘lgani ma’lum bo‘ldi.

14 oktyabr. Qashqadaryo viloyatida Nexia haydovchisi quvib o‘tish qoidalarini buzib, qarama-qarshi tomondan, o‘z yo‘lida harakatlanib kelayotgan Gentra bilan to‘qnashgan.

Oqibatda Nexia haydovchisi og‘ir tan jarohatlari olib vafot etgan. Mashinada bo‘lgan yo‘lovchilar tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda Nexia ikkiga bo‘linib ketgani va uning orqa qismi butunlay parchalanib ketganini ko‘rish mumkin.

Bundan tashqari, Qorqalpog‘istondagi YTHda Lacetti urib yuborgan velosiped boshqarib ketayotgan shaxs halok bo‘lgani, Farg‘onada Damas urib yuborgan skuter haydovchisi vafot etgani, Qashqadaryoda Labo haydovchisi mast fuqaroni urib yuborib, paxta dalasiga tashlab ketgani, oqibatda u vafot etgani haqida xabarlar berildi.

P.S. Yuqoridagi holatlar, ular haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar tarqalganidan so‘ng mas’ul tashkilotlar tomonidan ma’lumot berilganlari xolos.

Mavzuga oid