O‘zbekiston | 21:30 / 23.10.2024
3449
6 daqiqa o‘qiladi

23 oktyabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalar

Video ko‘rib pul ishlayman deya 4 milliard so‘midan ayrilgan odamlar, bolalarga nisbatan oiladagi zo‘ravonlikka qarshi qonun, O‘zbekiston tomonidan Afg‘onistonda quriladigan madrasa — kun davomida Kun.uz'da yoritilgan mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Yana 500 kishi aldandi

Kun.uz ogohlantirgan Whats platformasi moliyaviy piramida ekani tasdiqlandi. Odamlarni “video ko‘rish orqali pul ishlash”ga ishontirib, chuv tushirgan Whats platformasi tashkilotchilariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ular odamlarga pullarini qisqa muddatga ikki baravarga ko‘paytirib berishni va’da qilgan.

Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, Whats asoschilari platformada “qadamlarni” sotib olish uchun 120 dollardan 17 ming dollargacha pul tikishni, har bir taklif qilingan ishtirokchi uchun 12 foiz bonusga ega bo‘lishni, kunlik chet el filmlariga layk bosish orqali pul ishlashni taklif qilgan. Platforma targ‘iboti ijtimoiy tarmoqlarda faol olib borilgan. Turli viloyatlardagi mahalliy blogerlar va vaynerlarning Whats'ga jalb qilish mazmunidagi videolari esa ushbu platformani yanada ommalashtirgan.

Moliyaviy piramidaning tashkilotchilarini aniqlash tadbirlari davomida, Buxoro shahridagi markaziy savdo majmuasining 2-qavatida “Whats Bukhara” nomli MChJ ochgan 30 yoshli shaxs aniqlangan. Platformani Samarqand, Buxoro, Navoiy viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham ko‘plab mahalliy blogerlar targ‘ib qilib kelgan. Firibgarlar Whats a’zolari sonini ko‘paytirish maqsadida kelib tushayotgan pullardan tez-tez ziyofatlar tashkil qilib, muhtojlarga ko‘mak berilgani haqidagi lavhalarni tarqatishgan.

IIV xabariga ko‘ra, joriy yilning 22 avgust kunidan hozirgacha Whats platformasi bo‘yicha ichki ishlar organlariga jami 500 nafardan ziyod fuqarodan murojaat kelib tushgan. Ularning zarari miqdori 4 mlrd so‘mni tashkil qilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Whats platformasi turgan-bitgani moliyaviy piramida ekani haqida Kun.uz ikki oy oldin surishtiruv e’lon qilgandi. Bundan oldin esa minglab odamlar Aif nomli platformaga aldanib qolib, pullaridan ayrilgandi. Hozirda xuddi shularga o‘xshash HNK nomli boshqa bir platforma ham ommalashmoqda. Lekin huquq organlari hozircha bu masalaga munosabat bildirmadi.

Sifatsiz AI-92 aniqlandi

Toshkent viloyatidagi ayrim shoxobchalarda sifatsiz benzin sotilayotgani aniqlandi. “O‘zenergoinspeksiya” xabariga ko‘ra, Ohangaron tumanida joylashgan AYoQShlardan biri o‘rganilganda 4 dona ming litrlik yelim idishlarda dizel yonilg‘isi saqlanayotgani, nostandart yelim idishlarga dizel yonilg‘isi quyish holati aniqlangan. Shu shoxobchada sotilayotgan benzindan namuna olinib, laboratoriya tahlillaridan o‘tkazilganda AI-92 rusumli avtobenzin sifatsiz ekani ma’lum bo‘lgan.

Bu kabi holatlar Yangiyo‘l va Parkent tumanlaridagi bittadan AYoQShlarda ham kuzatilgan. Bu holatlar yuzasidan qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan shoxobchalarga kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar birja savdolarida ishtirok etish vaqtincha taqiqlab qo‘yilgan.

Bolaga zo‘ravonlik – jinoyat

O‘zbekistonda bolalarga nisbatan oilaviy zo‘ravonlik sodir etganlik uchun javobgarlik belgilandi. Prezident imzolagan qonun bilan bir nechta kodekslarga o‘zgarishtirishlar kiritilmoqda. Unga ko‘ra, oilada bolaga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik holatlari endilikda ma’muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Qolaversa, bundan buyon oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bilan bog‘liq ishlar yuzasidan yarashuv to‘g‘risidagi ariza faqat sud muhokamasi vaqtida berilishi mumkin. Ungacha bo‘lgan bosqichlarda, xususan tergov paytida yarashuv to‘g‘risida ariza berilsa ham, bu ariza qabul qilinmaydi. Bu – ish sudgacha bormasdan “yarashuv arizasi” orqali masalani yopdi-yopdi qilish holatlarining oldini olishi aytilmoqda.

Qonun 22 oktyabrdan e’tiboran kuchga kirdi.

O‘zbekiston Balxda madrasa quradi

O‘zbekiston Afg‘onistonning Mozori Sharif shahrida Imom al-Buxoriy nomidagi madrasa quradi. Qurilish vazirligi rasmiylari bu borada Afg‘oniston Shaharsozlik vazirligi vakillari bilan videoaloqa formatida muzokara o‘tkazdi. Onlayn uchrashuvda Balx viloyati ma’muriyati va Tashqi ishlar vazirligi rasmiylari ham qatnashgan.

Rasmiy xabarda muzokara tafsilotlari ochiqlanmagan. Ta’kidlanishicha, Afg‘oniston tomoni doimiy yordam va qo‘llab-quvvatlov uchun O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik bildirgan. Ta’kidlanishicha, Afg‘onistonda O‘zbekiston tomonidan quriladigan madrasa ikki mamlakat xalqlarini yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi.

Avvalroq afg‘on nashrlari loyihaning qiymati 6 mln dollar ekanini yozgandi. 21 avgust kuni Balx viloyati gubernatori o‘rinbosari va O‘zbekistonning Afg‘onistondagi bosh konsuli ishtirokida madrasa qurilishini boshlash marosimi o‘tkazilgan. 60 sotix maydonni egallaydigan diniy muassasada 1000 nafar talaba tahsil oladi.

Aholi ro‘yxatga olinadi

Kelasi yili O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilishi mumkin. Statistika agentligi bu haqdagi prezident farmoni loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Loyihaga ko‘ra, aholini ro‘yxatga olishni 2026 yilning 15 iyulidan 21 avgustigacha o‘tkazish taklif etilmoqda.

Rejaga ko‘ra, aholini ro‘yxatga olish planshetlar yordamida o‘tkaziladi. Buning uchun Jahon bankidan olingan imtiyozli kredit hisobiga texnik va dasturiy vositalar sotib olinadi. Aholini ro‘yxatga olishda respondentlardan olingan ma’lumotlarning sir saqlanishini ta’minlash ko‘zda tutilmoqda.

Ma’lumot uchun, ro‘yxatga olish orqali mamlakat aholisining demografik tarkibi, ijtimoiy-iqtisodiy holati haqidagi ma’lumotlarga aniqlik kiritiladi. O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish oxirgi marta 1989 yilda o‘tkazilgan.

Mavzuga oid