O‘zbekiston | 13:17 / 07.01.2025
1104
2 daqiqa o‘qiladi

Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining vazifalari belgilandi

Hukumat "O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni qabul qildi.

Foto: Telegram / gsbe_uz

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi negizida Vazirlar Mahkamasi huzurida Biznes va tadbirkorlik oliy maktabini tashkil etish nazarda tutilgan.

Oliy maktab faoliyatining asosiy ustuvor yo‘nalishlari:

• magistrlarni "Biznes-boshqaruv" (MBA) va iqtisodiyotning boshqa talab yuqori yo‘nalishlari bo‘yicha tayyorlash, shuningdek oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim;
• vazirlik va idoralar, mahalliy hokimiyatlar vakillari, hokim o‘rinbosarlari va iqtisodiyot tarmoqlaridagi kadrlarni zamonaviy iqtisodiy bilimlar bo‘yicha malakasini oshirish va qayta tayyorlash;
• "yashil" texnologiyalarni joriy etishning institutsional asoslarini rivojlantirish, yetakchi xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilish;
• kichik innovatsion biznes va startap g‘oyalarini loyiha darajasiga yetkazishda, shu jumladan professional mutaxassislar tomonidan mentorlik xizmatlarini ko‘rsatishda konsalting xizmatlarini ko‘rsatish.

Oliy maktabda ta’lim jarayoni davlat granti va pullik shartnoma asosida kunduzgi, sirtqi, kechki va masofaviy ta’lim shaklida o‘zbek, rus, ingliz tillarida amalga oshiriladi. Ta’limni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga davlat namunasidagi diplom topshiriladi.

Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlangan:

• Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Vasiylik kengashi tarkibi;
• Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi to‘g‘risidagi nizom;
• Oliy maktabga o‘qishga qabul qilishni tashkil etish to‘g‘risidagi nizom.

Mavzuga oid

E`lonlar