Oxirgi paytlarda xitoyliklar O‘zbekistonni egallab olayotgani, yerga hamda bozorga da’vogarlik qilayotgani xususida axborot ko‘payib, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari orasida keng muhokama qilinmoqda. Kun.uz suhbatlashgan siyosiy tahlilchilar fikricha, bunday informatsion urush tashkilotchilari butunlay boshqa davlatda o‘tirgan bo‘lishi mumkin. Xitoy bilan oramiz buzilishini istovchi kuchlar ham bor, deydi siyosatshunoslar.
Statistikaga ko‘ra, O‘zbekistondagi xorijiy kompaniyalar soni bo‘yicha Xitoy yetakchilik qilmoqda. Masalan, 2025 yil 1 fevral holatiga ko‘ra, respublikada jami 3 467 ta Xitoy kompaniyalari mavjud. Bu 2024 yil bilan solishtirganda 43 foizga ko‘p degani. Boshqa davlatlar bilan taqqoslansa, Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston, Janubiy Koreya va AQShning o‘nlab tashkilotlari yopilgan bir davrda Xitoyniki ko‘paygan. Biroq Pekinning dunyodagi siyosiy-iqtisodiy gigant roli hisobga olinsa, O‘zbekistonning rivojlanayotgan statusida bu jiddiy muammo uyg‘otmaydi, milliy manfaatlarga mos keladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda, odamlar hamda jamoatchilik orasida Xitoy fuqarolari mamlakatimizda tubdan ko‘paygani, xitoycha oshxona, restoran, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari-yu, savdo nuqtalari soni oshayotgani haqida turli gap-so‘zlar tarqalmoqda. Ayniqsa, biznes doiralar vakillari tadbirkorlar bozori sinishini aytib, xitoyliklarga qarshi birlashishga chorlovchi videolarni e’lon qilmoqda. Xo‘sh, tarmoqdagi “Xitoy xavfi” qanchalik real?
Siyosatshunos professor Sayfiddin Jo‘rayevga ko‘ra, Xitoy – xavf emas. Dunyoning eng gigant davlatlaridan biri yonimizda, Xitoy bilan aloqa qilmasak, oyga chiqishimiz kerakmi, deydi u.
“Markaziy Osiyo shimoldan Rossiya, sharqdan Xitoy, janubdan Pokiston va Hindiston, Eron va shu kabi katta davlatlar qurshovida. Bu mamlakatlar bilan aloqalar bo‘lishi – tabiiy. Xitoy esa eng katta savdo hamkor, dunyoda iqtisodi 2-o‘rinda turibdi, yaqin orada 1-o‘ringa chiqadi. Xitoy xavf emas, biz uchun imkoniyatlar davlati” – Sayfiddin Jo‘rayev, siyosatshunos
Siyosiy tahlilchi Anvar Mirkomilovga ko‘ra, xitoyliklarning milliy bog‘da o‘tkazgan korporativ tadbiri hamma gap-so‘zlarni boshlab berdi.
“Milliy bog‘da Xitoy kompaniyasining o‘tkazgan yugurish marshidan so‘ng shu gap-so‘zlar boshlandi. Tarmoqda ular yerlarimizni egallab olayotgani haqida ham muhokama ketmoqda. Lekin Yer kodeksiga ko‘ra, O‘zbekistonda yerlar chet elliklarga sotilmaydi. Aslida bizda yerdan foydalanish mumkin xolos. Chunki u davlatniki”













