Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mozori Sharifda Alisher Navoiy yodgorligi butkul buzib tashlandi
Haykalning o‘zi 2023 yilda buzib tashlangan edi, endi esa alloma haqida ma’lumot bitilgan devorlar ham qulatildi. Voqea “Tolibon” hokimiyatga kelganining 4 yilligini nishonlagan kuni ro‘y berdi. Afg‘oniston tomoni rasmiy Toshkentning so‘roviga javoban ma’lum qilishicha, buzish ishlari mahalliy hokimiyat tomonidan, hukumat va jamoatchilik bilan kelishmasdan qilingan. Yangi yodgorlik qurilishi va’da qilinmoqda.
Afg‘onistonning Mozori Sharif shahrida Alisher Navoiy yodgorligining alloma haqidagi ma’lumotlar yozilgan devor qismi buzib tashlandi. Bu haqdagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.
Majmuada bo‘lgan Navoiy haykali 2023 yil fevral oyida qulatilgan edi. Endi esa, “Tolibon” harakati Afg‘onistonda hokimiyatni egallaganining 4 yilligini bayram qilgan kuni, haykalning ikki yonida joylashgan, mutafakkir haqidagi ma’lumotlar bitilgan devor ham qulatildi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining matbuot kotibi Ahror Burhonovning ma’lum qilishicha, vazirlik holat yuzasidan rasmiy Kobuldan izoh so‘ragan. Afg‘oniston tomoni bergan izohga ko‘ra, Alisher Navoiy haykali o‘rnatilgan joy “buyuk alloma xotirasiga yetarlicha munosib emasligi”, shoir va mutafakkir uchun “yanada ko‘rkam majmua qurilishi lozimligi” bois mahalliy hokimiyat tomonidan “olib tashlangan”.
Shu bilan birga, bu buzish ishlari Afg‘oniston Madaniyat va axborot vazirligi hamda keng jamoatchilik bilan kelishilmagani alohida ta’kidlanib, afg‘on tarafi holat yuzasidan taassuf bildirgan.
“Afg‘oniston hukumati vakillari nafaqat O‘zbekiston, balki Afg‘oniston xalqi uchun mo‘tabar bo‘lgan Alisher Navoiy xotirasining munosib tarzda abadiylashtirilishini tasdiqlab, buyuk shoir va mutafakkir sharafiga alohida yodgorlik barpo etishga va’da berdi. Jumladan, hududni obodonlashtirish, shoir hayoti va ijodiy merosiga oid ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan yozuvlarni tiklash hamda amaldagi qarorlarga muvofiq yangi yodgorlik barpo etish hamda u joylashgan maydonga buyuk shoir Alisher Navoiy nomi qo‘yilishi rejalashtirilganini ma’lum qildi.
Afg‘oniston tomoni butun mintaqa uchun birdek qadrli bo‘lgan buyuk mutafakkir xotirasini asrab-avaylash borasidagi qat’iy sodiqligini bildirgan holda, uning nomini munosib e’zozlash uchun barcha zarur choralar ko‘rilishini ta’kidladi”, – deyiladi O‘zbekiston TIV axborotida.
Kuni kecha O‘zbekiston Afg‘onistonda 243 mln dollarlik energetika loyihalarini amalga oshirishi mumkinligi xabar qilingandi.
Mavzuga oid
21:23 / 04.12.2025
Afg‘onistonda 13 yoshli bola qarindoshlarining qotilini 80 000 tomoshabin oldida qatl qildi
20:27 / 02.12.2025
Tojikiston afg‘on chegarasini qo‘riqlash uchun Rossiyadan harbiy yordam so‘radi
19:03 / 02.12.2025
Tojik-afg‘on chegarasida yana ikki xitoylik halok bo‘ldi, Xitoy xavfsizlikni ta’minlashni talab qildi
17:36 / 02.12.2025