Jamiyat | 12:13
2756
8 daqiqa o‘qiladi

​​​​​​​Aqto‘bedagi halokatlar: sabablar nima?

Bundan 8 yil muqaddam o‘zbekistonliklarni olib Rossiyaga ketayotgan avtobus Qozog‘istonning Aqto‘be viloyati hududida yonib ketgandi. Bu dahshatli fojia ko‘pchilikning yodidan chiqmagan bo‘lsa kerak. Ammo, keyingi davrda ham aynan shu hududda YTHlar bilan bog‘liq halokatlar yuz berishdan to‘xtagani yo‘q. Bunday qayg‘uli holatlar ortida qanday sabab va omillar bor?

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Bundan 8 yil muqaddam – 2018 yilning 18 yanvar kuni o‘zbekistonliklarni olib Rossiyaga ketayotgan avtobus Qozog‘istonning Aqto‘be viloyati hududida yonib ketgandi. Fojia oqibatida avtobus salonida bo‘lgan 57 kishidan 52 nafari halok bo‘ldi. Bu dahshatli voqea ko‘pchilikning yodidan chiqmagan bo‘lsa kerak. Ammo, keyingi davrda ham aynan shu hududda YTHlar bilan bog‘liq halokatlar yuz berishdan to‘xtagani yo‘q.

Birgina dekabr oyining o‘zida dastlab «Moskva – Toshkent» yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan avtobus avariyaga uchradi. Unda O‘zbekistonning 54 nafar fuqarosi bo‘lgan.

Oradan bir hafta o‘tar-o‘tmay, boshqa bir avtobusning ariqqa ag‘darilib ketishi oqibatida yo‘lovchilardan 5 nafari, xususan, 2 nafar o‘zbekistonlik halok bo‘ldi.

2024 yilning aprel oyida 8 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan YTH ham aynan Aqto‘be oblastida ro‘y bergandi.

Umuman olganda, bu hududda o‘zbekistonlik yo‘lovchilar qatnashgan halokatlar muntazam takrorlanib kelyapti. Bunday qayg‘uli holatlar ortida qanday sabab va omillar bor? Quyida ana shu savollarga javob izlashga harakat qilamiz.

Aqto‘be yo‘llari nega xavfli?

Birinchidan, Aqto‘be viloyati hududidan Markaziy Osiyo va Rossiyani bog‘lovchi asosiy avtomobil magistrallari o‘tadi. Xususan, Samara – Chimkent xalqaro yo‘li Rossiyaning Yevropa qismidan Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga eng to‘g‘ri yo‘l hisoblanadi. O‘zbekistonlik mehnat muhojirlari va yo‘lovchilarning katta qismi Rossiya shaharlariga aynan shu yo‘nalishda, Qozog‘iston hududi orqali avtobus, mikroavtobus yoki yengil mashinalarda qatnaydi.

Oxirgi yillarda qo‘shni respublika hududiga kirishda ro‘yxatdan o‘tish jarayonlari soddalashtirildi va chegara postlarini kesib o‘tish nisbatan osonlashdi. Natijada, hudud bo‘ylab doimiy ravishda ko‘plab o‘zbekistonlik yo‘lovchilar tranzitda harakatlanyapti. Yo‘llardagi transport vositalarining zichligi ortgani sayin, afsuski, baxtsiz hodisalar ehtimoli ham oshib boryapti.

Ikkinchidan, Aqto‘be viloyati Qozog‘istonning kontinental iqlim mintaqasida joylashgan bo‘lib, bu yerda qish fasli juda sovuq va qahraton bo‘ladi. Bu paytda yo‘llarda kuchli qor bo‘ronlari, muzlamalar tez-tez kuzatiladi. Havo harorati keskin pasayganda va qor yog‘ganda, mahalliy hokimiyat ko‘pincha uzoq masofaga yuk va yo‘lovchi transporti harakatini vaqtincha cheklaydi yoki yo‘llarni yopadi. Shunga qaramay, ayrim hollarda yo‘lovchilar kechikmaslik yoki qo‘shimcha xarajatlardan qochish maqsadida ogohlantirishlarga qaramay yurishda davom etishadi.

Qor va muzlama tufayli transport vositalarining sirpanishi, tormoz masofasining uzayishi, qor bo‘ronida ko‘rishning keskin pasayishi avariyalar xavfini karrasiga oshiradi.

Uchinchidan, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi masofa juda uzoq. Moskva yoki Sankt-Peterburgdan Toshkentgacha bo‘lgan masofa avtomobilda qariyb 3 kunlik yo‘l. Ko‘plab haydovchilar bu masofani iloji boricha tezroq bosib o‘tishga harakat qilishadi. Bu esa me’yoridan ortiq ishlash, charchoq va hattoki uxlab qolish hollari bilan bog‘liq xavflarni yuzaga keltiradi.

Haydovchilarning dam olish tartibiga to‘liq rioya qilmasligi, navbatchi haydovchi bo‘lmasligi, bo‘lgan taqdirda ham yetarli almashinuv ta’minlanmagani jiddiy muammoga aylangan. Natijada, charchagan haydovchining bir lahza bo‘lsa-da diqqatini yo‘qotishi yoki uxlab qolishi fojia uchun yetarli bo‘ladi.

Bundan tashqari, yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmaslik ham halokatlarga sabab bo‘lyapti. Masalan, 2022 yilning avgustidagi avariyada haydovchi yo‘lning ta’mirlanayotgan qismida ehtiyot choralariga amal qilmay, yuqori tezlikda harakatlangan va mashina ta’mirlash uchun uyulgan tuproqqa urilib ag‘darilib ketgan.

Aqto‘be viloyatida 2023 yilda 600 dan ortiq yo‘l-transport hodisalari yuz bergan va 169 kishi halok bo‘lgan. 2024 yilning 8 oyida esa avariya natijasida o‘lim topganlar soni 95 kishini tashkil etgan. Qozog‘iston rasmiylariga ko‘ra, fojiali holatlarning ko‘pligiga sabab – yo‘l qoplamasining yomonligi. Shuningdek, jabrlanuvchilarga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatishda ham muammolar mavjud. Avtomagistrallarda mobil telefon aloqasi yomon, bu esa o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan YTH sodir bo‘lgan taqdirda tezkor tibbiy yordamni imkonsiz qiladi.

Nega samolyot emas, mashinada?

O‘z-o‘zidan savol paydo bo‘ladi: nega o‘zbekistonliklar nisbatan xavfsiz samolyot yoki poyezd qatnovlari bo‘la turib, xatarli va mashaqqatlarga boy avtomobildagi safarni tanlashyapti?

Kun.uz muxbiri vodiydan Rossiya shaharlariga yo‘lovchi tashiydigan taksichiga shu savol bilan murojaat qildi. Haydovchining so‘zlariga ko‘ra, ayrim yo‘lovchilarda yo‘lkira uchun pul yo‘q, ular qimmatroqqa bo‘lsa ham ketadi va ishlab qarzini uzadi. Bundan tashqari, taksi xizmatlari manzildan manzilgacha: yo‘lovchini uyidan olib ketib, musofirlikda yashaydigan joyigacha olib borib qo‘yadi. Rossiyaning ayrim shaharlariga esa O‘zbekistondan to‘g‘ridan to‘g‘ri reys yo‘q: bunday holatda muhojirni Rossiyaga uchib borganidan keyin tushunmovchiliklar va taksi xarajati kutayotgan bo‘ladi.

Bundan tashqari, olib ketilayotgan yuk masalasi ham bor. Taksida yo‘lovchi o‘zi bilan ko‘proq narsani olib keta olishi mumkin (ko‘p holatlarda yengil mashinaning tomiga ham yuk ortiladi).

Yana bir jihat: chegarani samolyotda borganga nisbatan quruqlikda kesib o‘tish va deport bo‘lish xavfi kamroqligiga ishonuvchilar bor. Ularning so‘zlariga ko‘ra, oqim kattaligi sababli nazoratchi kirayotganlarni ortiqcha savollar bilan qiynamaydi, yuklarni titib tashlamaydi.

Samolyot qay darajada qimmat?

Albatta, taksi yoki avtobusda ketayotganlarning eng katta argumenti – narx-navo: samolyotda uchish juda ham qimmat. Aviatsiya sohasida raqobatning sustligi va boshqa jiddiy muammolarni e’tirof etgan holda aytishimiz mumkinki, taksida va samolyotda borish o‘rtasidagi iqtisodiy tafovut har doim ham unchalik katta bo‘lmasligi mumkin.

Masalan, Toshkentdan Moskvagacha avtobus narxi 865 ming so‘m. Yo‘l davomiyligi – 2 kun-u 16 soat. Taksi narxi ham jo‘nash joyiga qarab odam boshiga 100-150 dollar atrofida, bunda ham 2-3 kun yo‘l yurish kerak.

Aytaylik, 21 yanvar kuniga samolyotda ketmoqchi bo‘lsangiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar narxi 116 dollardan boshlanadi. Yuk bilan 143 dollar. Keyingi kunlarga bundan-da arzonroq chiptalar ham bor.

Bugun minglab vatandosh Rossiyaga ish izlab ketyapti. Kimdir arzonroq, kimdir “tekshiruv yengilroq bo‘ladi” degan umidda yo‘l usti transportini tanlaydi. Lekin bu tanlovning narxi chipta pulidan ancha qimmatga tushishi mumkin.

Doston Ahrorov tayyorladi

Mavzuga oid