O‘zbekiston | 19:20
3520
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekneftgaz» raisiga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi

Suxrob Hamroyev raisning moliya bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, Abrorjon Xudoyberganov esa qayta ishlash bo‘yicha o‘rinbosar lavozimini egalladi.

«O‘zbekneftgaz» matbuot xizmati tashkilot raisiga ikki nafar yangi o‘rinbosar tayinlangani haqida xabar berdi.

Suxrob Ahmadjonovich Hamroyev «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruv raisining moliya, transformatsiya va xususiylashtirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.

Suxrob Hamroyev investitsiya va infratuzilmaviy loyihalarni ekspertizadan o‘tkazish, texnik-iqtisodiy asoslanishni baholash hamda yirik ishlab chiqarish tashabbuslarini amalga oshirish sohalarida ko‘p yillik tajribaga ega. Turli yillarda vazirlik va respublika darajasidagi davlat idoralari, ekspert agentliklari hamda neft-gaz va energetika sohalarida mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritgan.

Abrorjon Akbarovich Xudoyberganov esa «O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruv raisining qayta ishlash bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi.

Abrorjon Xudoyberganov neft va gazni qayta ishlash qurilmalari, innovatsion loyihalar hamda zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqarish jarayonlariga joriy etish yo‘nalishlarida ko‘p yillik amaliy tajribaga ega mutaxassis hisoblanadi. U mehnat faoliyatini qurilma kuzatuvchisi lavozimidan boshlab, bosqichma-bosqich mas’ul va rahbarlikkacha bo‘lgan lavozimlarda ishlagan.

Shuningdek, manbalar boshqaruv raisining qurilish va transport bo‘yicha o‘rinbosari G‘ayrat Abdullayevich Yuldashev hamda boshqaruv raisining rejim va kadr masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Qahramon Norbo‘ta o‘g‘li Hakimov ishdan ketgani haqida xabar bermoqda.

G‘ayrat Yuldashev va Qahramon Hakimov

G‘ayrat Yuldashev 2024 yil dekabridan buyon «O‘zbekneftgaz» raisi o‘rinbosari ishlab kelayotgandi.

Qahramon Hakimov esa 2021-2023 yillarda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori o‘rinbosari sifatida ishlagan, so‘nggi uch yilga yaqin vaqt ichida «O‘zbekneftgaz»da ishlayotgandi.

Hozirda tashkilot saytining rahbariyat bo‘limida ular haqidagi ma’lumotlar yo‘qolib qolgan, lekin hozircha ularning iste’fosi haqida rasmiy xabar berilmagan.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yildan buyon «O‘zbekneftgaz»ni boshqargan Bahodir Siddiqov 2025 yil dekabrida ishdan olinib, uning o‘rniga Abdug‘ani Sanginov tayinlandi

2026 yil yanvar oyi oxirida esa Siddiqov davlat mablag‘larini talon-toroj qilish va boshqa korrupsiyaviy jinoyatlarda gumonlanib, qamoqqa olingani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, «O‘zbekneftgaz»da katta taftish ketmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев

Mavzuga oid