Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Soliqdan qarzi bor kambag‘al aholining svetga to‘lov imkoniyati cheklanmaydi
16 apreldan Namangan viloyatida boshlanadigan eksperiment nogironligi bo‘lgan shaxslar, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan fuqarolar va boshqa imtiyozli toifalar uchun qo‘llanilmaydi, deya ma’lum qildi Soliq qo‘mitasi. Qo‘mita, shuningdek, “abonent hisobida pul bo‘lsa ham svet o‘chaveradi” degan talqinni rad etdi.
Foto: Dreamstime
Avval xabar berilganidek, 16 apreldan boshlab Namangan viloyatida mol-mulk va yer soliqlari bo‘yicha umumiy summasi 1 mln so‘mdan oshgan qarzdorlikni undirish uchun eksperiment tariqasida elektr energiyasining billing tizimi mexanizmidan foydalanib ko‘riladi.
Soliq qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “svet uchun balansda pul bo‘lsa ham, svet o‘chiriladi” degan mazmundagi talqinni rad etdi.
Qo‘mitaga ko‘ra, soliq qarzdorligi 1 mln so‘mdan oshgan jismoniy shaxslar “bir necha bosqichda ogohlantirilgandan keyin ham qarzdorlikni to‘lamagan taqdirda”, elektr energiyasi o‘chirilmaydi, balki elektr uchun to‘lov qilishga vaqtincha cheklov kiritiladi.
Cheklov aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj quyidagi toifalariga qo‘llanilmaydi:
- nogironligi bo‘lgan shaxslar (1 va 2-guruh);
- boquvchisini yo‘qotgan oilalar;
- ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan fuqarolar;
- qonunchilikda belgilangan boshqa imtiyozli toifalar.
“Namangan viloyatida bugungi kunda 1 mln so‘mdan yuqori qarzdorligi mavjud jismoniy shaxslar soni 45,8 ming nafarni tashkil etadi. Bu esa jami 531,2 ming nafar soliq to‘lovchining 8 foizidir”, – deyiladi rasmiy axborotda.
Ulardan qanchasi yuqorida sanab o‘tilgan imtiyozli toifalarga kirmasligi xabarda keltirilmagan.
Mazkur tizim 16 apreldan eksperiment tariqasida Namangan viloyatida yo‘lga qo‘yiladi. Eksperiment natijalaridan kelib chiqib mazkur tajribani boshqa hududlarda joriy etish yoki etmaslik yuzasidan 2026 yil 1 oktyabrga qadar Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritiladi. Ya’ni elektr energiyasining billing tizimi mexanizmi to‘g‘ridan to‘g‘ri barcha hududlarda joriy etilmaydi.
Soliq qo‘mitasining eslatishicha, jismoniy shaxslarning 1 mln so‘mdan yuqori soliq qarzdorligi qonunchilikka muvofiq sud tartibida undirilishi ham mumkin, lekin bu qo‘shimcha davlat boji va ijro yig‘imlariga sabab bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yildan boshlab barcha hududlarda chiqindi qarzdorligi uchun abonentning elektr energiyasiga to‘lov qilish imkoniyatini cheklab qo‘yish yo‘lga qo‘yilgan edi.
2026 yil 1 iyuldan e’tiboran esa, “kvartplata”ni har oyning 15-sanasigacha to‘lamagan mulkdorlar ham elektr energiyasiga to‘lov qilolmay qoladi.
Qayd etish lozim, chiqindi qarzdorligini elektr to‘loviga bog‘lash – qonun orqali yo‘lga qo‘yilgan edi. Soliq va “kvartplata” bo‘yicha qarzlarni ham shu mexanizm orqali undirish masalasi hozircha qonunlarga kiritilmagan.
Mavzuga oid
17:58 / 17.03.2026
Namanganda soliq qarzdorligi 1 mln so‘mdan oshsa, elektr uchun to‘lov cheklanadi
14:39 / 16.03.2026
“QQSni qaytarish korrupsion sxemaga aylangan, uni tugatish kerak” – mutaxassis
10:00 / 08.03.2026
Talaba ayollarga imkoniyat, korrupsion litsenziya va kambag‘allik chegarasi - hafta dayjesti
12:37 / 07.03.2026