O‘zbekiston | 17:29
4633
6 daqiqa o‘qiladi

Haydovchilar pasport yo guvohnoma ko‘tarib yurish majburiyatidan qachon xalos bo‘ladi?

Hukumat qaroriga kiritilgan o‘zgarishga ko‘ra, hujjatlarning MyGov ilovasidagi raqamli shakllari ichki ishlar xodimlari tomonidan ham qabul qilinishi alohida belgilab qo‘yilgan. Shunga qaramay, YHXX “O‘zkomnazorat” bayonotiga nisbatan raddiyasida jamoatchilik ko‘ziga bu qarorning eski tahririni ko‘rsatdi. Kun.uz IIVning haydovchilarga qulaylik yaratishni xohlamayotgani va ilg‘or xorij tajribasiga e’tibor qaratdi.

Foto: Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati kuni kecha “O‘zkomnazorat” inspeksiyasi tarqatgan xabarga raddiya berarkan, hujjatlarning raqamli shakllari tan olinishi haqidagi oid hukumat qarorining eski tahririga asoslangan.

Kun.uz'ning e’tibor qaratishicha, mazkur qarorga joriy yil 21 mayda o‘zgartirish kiritilib, pasport, ID-karta, haydovchilik guvohnomasi kabi qator hujjatlarning MyGov ilovasidagi raqamli shakli ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qabul qilinishi alohida belgilab qo‘yilgan.

O‘zgargan qoida

“O‘zkomnazorat” inspeksiyasi matbuot xizmati bir necha kun oldin e’lon qilgan videoda haydovchilar bundan buyon YPX xodimiga hujjatlarni elektron shaklda ko‘rsatishi yetarli bo‘lishi aytilgan edi. IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati esa bunga raddiya berdi va haydovchi YPX xodimining talabiga binoan pasport yoki ID-kartaning asl nusxasini ko‘rsatishi shartligini bildirdi.

E’tiborlisi, YHXX raddiyasida hujjatlarning raqamli shaklini tan olish haqidagi hukumat qarorining eski tahriridan skrinshot ko‘rsatilgan.

Ushbu qarorga Vazirlar Mahkamasining joriy yil 21 mayda imzolanib, 22 maydan kuchga kirgan qarori asosida o‘zgartirish kiritilgan bo‘lib, unga asosan hujjatlarning MyGov va “Ijtimoiy himoya” ilovalaridagi raqamli shakli ko‘rsatilganda, ularning qog‘oz nusxalari ichki ishlar organlari tomonidan talab etilmasligi kerak. Ya’ni amaldagi qoida aynan “ichki ishlar organlari tomonidan” degan alohida aniqlashtiruvchi so‘zlar bilan to‘ldirilgan.

Huquqiy kolliziya inson foydasiga ishlashi kerak

Bu o‘rinda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va hukumat qarori o‘rtasida huquqiy kolliziya yuzaga kelmoqda, chunki kodeksda haydovchi tegishli hujjatlarni o‘z yonida olib yurishi kerakligi haqidagi talab saqlanib qolyapti. Bu talabga rioya etmaganlik uchun BHMning 1 baravari miqdorida jarima belgilangan.

Albatta, kodeksning yuridik kuchi hukumat qaroridan ustun turishi tabiiy, lekin kodeksdan ham yuqoriroq turuvchi Konstitutsiya bor va uning 20-moddasiga binoan, qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar davlat organlari emas, inson foydasiga talqin etilishi kerak.

Bosh qomusning 15-moddasida esa O‘zbekiston Konstitutsiyasi oliy yuridik kuchga ega ekani va to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilishi mustahkamlab qo‘yilgan.

IIV ro‘yxushlik bermayapti

Ko‘plab hujjatlarning MyGov va “Ijtimoiy karta” ilovalaridagi raqamli shakllari qog‘oz shakli bilan tenglashtirilganiga 1 yil bo‘ldi. Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bu tartib kuchga kirgan kun – 2025 yil 1 iyulda ham bayonot bilan chiqqan edi va o‘shandan beri bir xil gapni takrorlayapti: YPX xodimi tomonidan to‘xtatilgan haydovchi hujjatning aslini taqdim etishi shart.

Agar hujjatlarning raqamli shaklini joriy etish haqidagi (yuqorida so‘z yuritilgan) qaror 2024 yilda qabul qilinganini inobatga olsak, IIV millionlab haydovchilar uchun qulaylik yaratish masalasiga kamida 2024 yildan buyon ro‘yxushlik bermayotgani ma’lum bo‘ladi.

Agar tizim rahbariyati xohish va tashabbus bildirganida, o‘tgan davr mobaynida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ham tegishli o‘zgarish kiritgan holda, hozirgi davr uchun elementar bo‘lgan mazkur qulaylikni amaliyotga joriy qilish mumkin bo‘lardi. Ammo na IIV rahbariyatidan va na parlament a’zolaridan bu masalada tashabbuslar ko‘zga tashlanmayapti.

Raqamlashtirishga mas’ul o‘rinbosar tanqidga uchragan edi

Qayd etish lozim, davlat rahbari joriy yil boshida o‘tkazgan yig‘ilishda ichki ishlar vazirining axborot texnologiyalariga mas’ul o‘rinbosari Zufar Qurbonovni tanqid qilgan, u lavozimga tayinlaganiga ikki yildan oshgan bo‘lsa-da, tizimni raqamlashtirish bo‘yicha sezilarli natija ko‘rsatmayotganini aytgandi.

Ushbu yig‘ilishda IIVdagi bir qator tuzilmalar, xususan yo‘l-patrul xizmatini ham aholiga xizmat ko‘rsatuvchi servis tuzilmalarga aylantirish vazifasi qo‘yilgan edi.

Ilg‘or xorij tajribasi

Xorij tajribasiga nazar tashlasak, biz nazarda tutayotgan qulaylik Ukrainada naq 5 yil oldin, 2021 yildayoq joriy etilgan.

Unga ko‘ra, haydovchilar smartfonida Diia mobil ilovasini o‘rnatib olgan bo‘lsa, asosiy hujjatlarning birortasini qog‘oz yoki plastik shaklda o‘z yonida olib yurishi shart emas. YPX xodimi to‘xtatganda, haydovchi Diia ilovasidan hujjatning QR-kodini ko‘rsatadi, xodim esa o‘zining xizmat plansheti orqali bu kodni skanerlab, barchasiga aniqlik kiritadi.

Darvoqe, 2022 yildan boshlab Ukrainada haydovchilik guvohnomasi olishda hujjatning plastik shaklini olish ham mutlaqo ixtiyoriy deb belgilangan. Ya’ni agar haydovchi xohlasa, guvohnomaning jismoniy shakli umuman chop etilmasligi, hujjat faqat raqamli shakldagina mavjud bo‘lishi mumkin.

Estoniya va Finlandiya kabi davlatlar tajribasi esa haydovchilarga bundan-da kengroq imkoniyatlar beradi. Bu mamlakatlarda haydovchi politsiya xodimiga o‘zining ism-familiyasi va tug‘ilgan sanasini aytsa kifoya, xodim planshet orqali barcha ma’lumotlarga kira oladi. Ya’ni haydovchi nafaqat hujjatlarining qog‘oz shakli, hatto elektron shaklini ham taqdim etishi shart emas.

Комрон Чегабоев
Muallif Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid