Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Tashabbusli budjet»ning yangi mavsumi va bankka kirgan bosqinchi - mahalliy dayjest
15 iyuldan «Tashabbusli budjet»ning yangi mavsumi boshlandi. Anomal issiq: ish beruvchilarga yangi talablar qo‘yildi, sup sepish va sug‘orish ishlari kuchaytirildi. Ish haqi kechikkanda ish beruvchining kompensatsiya to‘lash tartibi belgilanadi. Samarqandda bankka bostirib kirib, pul talab qilgan shaxs qo‘lga olindi. 2026 yilda oliy ta’limga qabul miqdori keskin oshirildi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.
«Tashabbusli budjet»ning yangi mavsumi boshlandi
15 iyuldan «Tashabbusli budjet» jarayonining 2026 yilgi ikkinchi mavsumi loyiha kiritish bosqichi boshlandi. Tashabbuskorlar 3 avgustgacha o‘z loyihalarini openbudget.uz portalida ilgari surishi mumkin. Joriy mavsum uchun ajratilgan budjet – 2 trillion 187,7 mlrd so‘m.
O‘rnatilgan tartibga ko‘ra, loyihani amalga oshirishning umumiy qiymati qurilish-ta’mirlash loyihalari bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt ming baravari (1 mlrd 648 mln so‘m), jihozlash loyihalari bo‘yicha ikki ming barobaridan (824 mln so‘m) oshmasligi lozim.
Sheriklik asosida amalga oshiriladigan loyihalar ham 3 avgustgacha qabul qilinadi. Bunda keyinchalik loyiha uchun zarur mablag‘ning 50 foizi to‘plangan taqdirda, loyiha avtomatik g‘olib deb topiladi va qolgan 50 foiz mablag‘ mahalliy budjetdan moliyalashtiriladi. G‘olib loyihalar 1 sentabr kuni e’lon qilinadi.
Anomal issiq: ish beruvchilarga yangi talablar qo‘yildi, suv sepish va sug‘orish ishlari kuchaytirildi
Davlat mehnat inspeksiyasi mamlakatda kuzatilayotgan anomal issiq ob-havo munosabati bilan ish beruvchilarni xodimlar salomatligi va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qator majburiy choralarni ko‘rishga chaqirdi. Jumladan, kunning eng issiq soatlarida tashqi va og‘ir jismoniy ishlarni cheklash yoki vaqtincha to‘xtatish tavsiya etildi.
Inspeksiyaning ma’lum qilishicha, havo harorati yuqori bo‘lgan kunlarda ish beruvchilar ish jarayonini mehnatni muhofaza qilish talablari asosida tashkil etishi shart. Xususan, soat 11:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan eng issiq vaqtda tashqi ishlar hajmini qisqartirish yoki to‘liq to‘xtatish, shuningdek, og‘ir jismoniy mehnatni cheklash tavsiya etilgan.
Shu bilan birga, respublika bo‘ylab yashil hududlarni asrash va aholi uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan chora-tadbirlar kuchaytirildi.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qilishicha, mamlakatning barcha hududlarida daraxtlar, butalar va manzarali o‘simliklar namlikning bug‘lanishi eng kam bo‘ladigan tong, kechqurun va tungi vaqtlarda sug‘orilmoqda. Shuningdek, maxsus texnikalar yordamida shahar ko‘chalari va jamoat joylarini sovitish ishlari ham tashkil etilgan.
Ish haqi kechikkanda ish beruvchining kompensatsiya to‘lash tartibi belgilanadi
Qonunchilik palatasi deputatlari mehnat munosabatlarini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qildi.
Loyihada ish beruvchi tomonidan ish haqi to‘lash muddati buzilgan taqdirda, har bir kechiktirilgan kun uchun pulli kompensatsiya to‘lash tartibi aniqlashtirilmoqda. Ammo xabarda bu qanday bo‘lishi haqida ma’lumot berilmagan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston qonunchiligida ish haqini kechiktirgani uchun avtomatik hisoblanadigan yagona kunlik penya me’yori belgilanmagan. Kompensatsiya masalasi Mehnat kodeksi, jamoa shartnomasi, mehnat shartnomasi yoki boshqa lokal hujjatlarga qarab hal qilinadi.
Samarqandda bankka bostirib kirib, pul talab qilgan shaxs qo‘lga olindi
Samarqandda bankni o‘marmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi. Ma’lum qilinishicha, holat 13 iyul kuni sodir bo‘lgan. Bankka qishki kiyimda, yuzini niqob bilan yashirgan va qora sumka ko‘targan shaxs kirib kelgan. U o‘zida portlovchi modda borligini aytib, bank xodimlarini qo‘rqitgan. So‘ngra oynalarni sindirib, pul talab qilgan.
Kelib tushgan tashvish xabari asosida voqea joyiga qo‘riqlash xizmati xodimlari yetib borgan. Ular niqobli shaxs bilan xavfsiz masofadan turib, muloqot qilishgan. Muzokaralardan so‘ng bosqinchi o‘z xohishi bilan taslim bo‘lgan va qo‘lga olingan. Hodisa oqibatida fuqarolarga zarar yetmagani bildirildi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 164-moddasi (bosqinchilik) 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
2026 yilda oliy ta’limga qabul miqdori keskin oshirildi
2026-2027 o‘quv yilida O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalariga qabul ko‘rsatkichlari sezilarli darajada oshirildi. Yangi o‘quv yili uchun bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha qabul 234 mingdan ortiq etib belgilangan bo‘lsa, davlat granti asosida 36 mingdan ziyod talaba o‘qishga qabul qilinadi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipovning ta’kidlashicha, qabul jarayonida muhandislik, axborot texnologiyalari (IT), pedagogika hamda agrar sohalar ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilangan.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi uch yilda kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha qabul ko‘rsatkichlari izchil o‘sib bormoqda. Xususan, 2024 yilda mazkur ko‘rsatkich 127 ming 995 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilda 148 ming 400 nafarga yetgan. 2026 yilda esa qabul hajmi 234 mingdan ortiq etib belgilandi.
Mavzuga oid
20:08 / 13.07.2026
Bekobodda yangi metallurgiya majmuasi va anomal issiq haftaning boshlanishi - mahalliy dayjest
19:24 / 10.07.2026
Mehnat nizolarini ko‘rib chiqishda yangi tartib va Zarafshon daryosidagi fojia - mahalliy dayjest
19:00 / 09.07.2026
Soliq keshbekini bekor qilish taklifi va eski mashina egalariga yangi imkoniyatlar - mahalliy dayjest
21:13 / 08.07.2026